Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kontakt qo‘shing va yutuqlardan biriga ega bo‘ling» internet o‘g‘irligi fosh etildi

«Kontakt qo‘shing va yutuqlardan biriga ega bo‘ling» internet o‘g‘irligi fosh etildi

Foto: «Vichuganews.ru»

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2020-yil 13-oktyabr kuni G‘ijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga «Buktaroy» mahallasi Bobog‘ozi qishlog‘ida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan Navoiy Davlat Pedagogika instituti 2-bosqich talabasi G.S. ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko‘ra noma’lum shaxs 2020-yil 11-oktyabr kuni soat 19:30 larda uning «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasini «HAMKOR BANK» nomli guruhga qo‘shib, ushbu guruhda «Kontakt qo‘shing va yutuqlardan biriga ega bo‘ling» aksiyasida ishtirok etishni, uyali aloqa telefonidagi kontaktlarni mazkur guruhga qo‘shib, yutuqlardan biriga ega bo‘lishi mumkinligini, yutuqlar va vaqt chegaralanganligini bildirgan.

Shundan so‘ng jabrlanuvchi G.S. telefon kontaktlarini mazkur guruhga qo‘shganidan so‘ng va’da qilingan yutuqlardan biriga ega bo‘lish uchun guruh administratorining shaxsiy sahifasiga o‘zining plastik kartasini rasmga tushirib tashlab bergan.

Natijada noma’lum shaxs tomonidan G.S. plastik kartasi hisobida bo‘lgan 2.793.900 so‘m pulini yechib olib, unga moddiy zarar yetkazgan holda ijtimoiy tarmoq orqali o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri Chashma ko‘chasida istiqomat qiluvchi 2002-yilda tug‘ilgan Sh.N. sodir etganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda Sh.N.ga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilinayotgan yutuqli o‘yinlar, turli xildagi aksiyalar, elektron savdolar va shunga o‘xshash bir qator firibgarlik va o‘g‘rilik holatlariga duchor bo‘lmasliklari uchun o‘zlarining sir saqlanishi lozim bo‘lgan plastik kartalari raqamlarini oshkor qilmasliklari, birovga rasmga tushirib bermasliklari yoki og‘zaki tarzda ma’lum qilmasliklari so‘raladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring