Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Effect.uz» muxbirining ishi prokuraturaga oshirildi

«Effect.uz» muxbirining ishi prokuraturaga oshirildi

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudidan «Effect.uz» muxbiri haydab chiqarilgani, Milliy gvardiya xodimlari unga kuch ishlatib, videokamerasiga shikast yetkazgani haqida xabar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati holat yuzasidan bayonot berdi.

Aytilishicha, «Effect.uz» saytining Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri E.Tojiboyev JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Termiz tumani sudi ish yurituvida bo‘lgan I.X.ga oid (u firibgarlikda ayblanayotgani qayd etiladi) «ish»da ishtirok etmoqchi bo‘ladi. Sud majlisi boshlanishidan avval u sudlanuvchining qarindoshlari bilan sud raisi O.Begimqulovning xizmat qabulxonasiga kiradi va sud noqonuniy qaror chiqarayotganini ro‘kach qilib, jarayonni videotasvirga olishga urinadi. O‘z navbatida, sud raisi o‘rnatilgan tartibda iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkinligini tushuntirishiga qaramasdan, u notanish ayollar bilan birgalikda tartibsizlikni yuzaga keltiradi. Biroz vaqtdan so‘ng E.Tojiboyev sud majlisiga ruxsatsiz kirib, jarayonni videotasvirga tushirish haqida og‘zaki iltimosnoma bilan murojaat qiladi. Uning iltimosnomasi raislik qiluvchi tomonidan (taraflar fikrini inobatga olgan holda) rad qilingach, jurnalist sudlanuvchining yaqin qarindoshlari bilan sud majlisi zalini tark etmasdan yana janjal ko‘taradi. Natijada tartibni saqlash xodimlarini chaqirishga to‘g‘ri keladi.

Oliy sud matbuot xizmati jurnalistning bunday xatti-harakatini sudga bosim va sudya daxlsizligini buzish deb baholab, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish uchun Termiz tuman prokuraturasiga yuborilgani bildiriladi.

Ayni paytda surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan, deyiladi bayonotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring