Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nosoz asbob, qaysar askar, sarson advokat va boshqalar haqida bir shingil

Nosoz asbob, qaysar askar, sarson advokat va boshqalar haqida bir shingil

Advokat Safar Pardayev kutilmagan muammoga duch keldi. Aslida-ku, adokat xalqi uchun har qadamda muammo «aji-i» deb turadi. Biroq bunaqasi doim ham uchravermaydi.

Xullas, 2020-yil 18-iyun S. Pardayev himoyasidagi shaxsga oid jinoyat ishi sudning apellyasiya instansiyasida ko‘rilishi munosabati O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga boradi. Sud majlisi soat 14:30 da boshlanishi kerak. Advokat belgilangan vaqtda harbiy sud binosiga borib, asosiy kirish joyida xizmatini o‘tayotgan navbatchi milliy gvardiya xodimiga xizmat guvohnomasini taqdim etadi. Askar uning tana haroratini tekshirmasdan ichkariga qo‘yaolmasligini aytgach, tabiiyki, e’tiroz bildirmaydi.

Bu yog‘ini advokatning o‘zidan eshitamiz: «...Askar teplovizorni peshonamga tutdiyu ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. Uskuna 42 darajani ko‘rsatib turardi»!
Milliy gvardiya xodimi, albatta, bunaqa harorat bilan advokatni sud binosiga kiritmasligini aytadi.

Ma’lumki, sog‘lom odamning tana harorati 36,6 daraja bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich ob-havo harorati va insonning individual fiziologik xususiyatlariga ko‘ra bir oz yuqori yoxud past bo‘lishi mumkin. Tana harorati me’yordan 1,5-2 daraja yuqori bo‘lishi kuchli isitmani bildiradi va odatda jiddiy shamollash xastaliklariga xos holat hisoblanadi. Isitma qilgan odam o‘zidagi bu o‘zgarishni darrov sezadi. Ayniqsa, me’yordan 4-5 daraja baland harorat kishining ish qobiliyatiga ta’sir qilmasligi mumkin emas.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini mutlaqo sog‘lom his qilgan va askarning gapidan hayratga tushgan.

— 42 daraja isitma bilan inson yurish tugul, ko‘zini ochishi mahol. Komaga tushiradigan harorat-ku bu, — deya davom etadi S.Pardayev. — Navbatchi xodimga ham shunday dedim. «Yo‘q, biz davlat berib qo‘ygan apparatga ishonamiz, apparat sizning haroratingizni 42 gradus deb ko‘rsatgan bo‘lsa, men hech narsa qilaolmayman» deb oyoq tirab oldi...

Ayon bo‘ladiki, advokat o‘z tashvishida yolg‘iz emas ekan. Qisqa vaqt ichida sud eshigi tagida u, uning himoyasidagi shaxs va ish bo‘yicha guvohlardan tashqari, boshqa ishlar bo‘yicha kelgan advokatlar, fuqarolardan iborat taxminan 20 kishi jam bo‘ladi. Ya’ni, milliy gvardiyachining qo‘lidagi sehrli teplovizor bironta ham «begona»ni o‘tkazmagan bo‘lib chiqadi: kimga 38, kimga 40, hatto Safar Pardayev kabi 42 daraja isitma «yozib», sog‘lig‘ini shubha ostiga qo‘yadi...

Tashrifchilar orasida sud chaqiruvchiga ko‘ra uzoq yo‘l bosib viloyatlardan kelgan kishilar ham bo‘lgan. Ularning: «Uskunangiz nosozga o‘xshaydi, boshqa apparat olib kelib qaytadan o‘lchang haroratimizni. Ishimiz qolib ketyapti. Sudga kiraylik», degan iltimosiga, navbatchi: «Boshqa apparat yo‘q. Istasalaring shu, bo‘lmasa qaytib ketaveringlar», deb javob qilgan.

— Shundan keyin ayrimlar yaqin aptekadan oddiy termometr sotib olib kelib, o‘zlarining tana haroratlarini o‘lchab, mana isitmamiz yo‘q-ku, deya milliy gvardiyachi xodimlarga ko‘rsatishdi. Ammo ular yana pinak buzishmadi, — deydi Safar Pardayev.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, mojaroga sud mutasaddilari ham panja orasidan qaraganlar. Xususan, sudya yordamchisi, bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib ahvolni tushuntirishganiga qaramay, tashqariga chiqib vaziyatga aralashishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Aksincha, o‘taketgan loqaydlik bilan, go‘yoki o‘zini tushunmaganga solib: «Isitmangizni o‘lchatib ichkariga kiraveringlar-da, nima muammo?» — deydi cho‘rt kesib.

Jarayon boshlanib bo‘lgan bu orada, ammo quruq qaytib ketishni advokatlar ham, boshqalar ham xohlamaydilar. Shunda ular, noiloj, sud binosiga tez yordam mashinasini chaqirishga majbur bo‘ladilar — jam bo‘lganlarning isitmasi bor-yo‘qligi haqida xulosa berishi uchun.

— 20 daqiqalarda «tez yordam» yetib kelib, shifokor ichkariga kirmoqqa mahtal bo‘lganlarning tana harroratini birma-bir o‘lchay boshladi. Ma’lum bo‘ldiki, hech kimniki me’yordan ziyod emas ekan. Hammamizni sud binosiga o‘tkazishdi, ammo ikki soatdan ortiq vaqt jazirama issiqda bekorga qolib ketganimiz uchun hech kim bir og‘iz uzr so‘ragani yo‘q.

Qarangki, sud atalmish obro‘li idora navbatchisining qo‘liga buzuq teplovizor berib qo‘yishgan. Bu ham mayli. Bundan ham yomoni, uskunaning nosozligini ko‘ra bila tan olishmaganidir, mutasaddilarning odamlar taqdiriga befarqligi va umumiy mas’uliyatsizlik har qanday virusdan xavfli», deydi kuyunib advokat.

...Darvoqe, harbiy sudda o‘sha buzuq teplovizor hali ham ishlatilyapdimikin?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring