Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjayning «ishi» bo‘yicha sud xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Sanjayning «ishi» bo‘yicha sud xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Yaqinda bloger va huquqshunos Zafar Solijonov o‘zining «Telegram»dagi kanalida xonanda Sanjayga (Sanjar Djavberdiyevga) nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid materillarini qabul qilish Navoiy shahar ma’muriy sudi xodimlari tomonidan asossiz paysalga solinayotganiga oid xabar tarqatdi. Mazkur xabar Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘rganildi. Bu haqda kengash matbuot xizmati rasmiy kanalida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, S. Djavberdiyevga nisbatan MJtKning (Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi) 1771-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan rasmiylashtirilgan ma’muriy ish materiallari 2020 yilning 11-dekabr kuni Navoiy shahar ma’muriy sudiga kelib tushgan. Biroq huquqbuzarlikda gumonlanayotgan shaxsdan ish holati bo‘yicha to‘liq, jabrlanuvchilardan esa umuman tushuntirish xati olinmagani, shuningdek huquqbuzarlik ashyosi ilova qilinmagani sababli ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun ish hujjatlari 2020-yil 25-dekabr kuni № 2278-20-sonli xat bilan Adliya vazirligi huzuridagi Intelektual mulk huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish bo‘limiga qaytarilgan.

Shundan so‘ng ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi mazkur ish 2021-yil 19-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudiga kelib tushgan.  Ishni sud majlisida ko‘rish 2021-yilning 5-mart kuni davom ettiriladi.

Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish materiallarini qaytarishda protsessual qonun talablari buzilgani ehtimoli hamda hujjatlarni qabul qilishda sansalorlikka yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganligi masalasiga aniqlik kiritish uchun materiallar Sudyalar oliy malaka hay’atiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun yuborildi, deyiladi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Sanjay taxallusi bilan ijod qiluvchi xonanda «Gulbadan», «Atirgulim atringni soch», «Karvon» nomli qo‘shiq va she’rlarni  mualliflarning roziligisiz, asar yaxlitligining buzgan holda ijro etgani sababli unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishliligi bo‘yicha sudga yuborilgani xabar qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring