Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Snos» nima, yerdan noqonuniy foydalanish-chi, ular o‘rtasida bog‘liqlik bormi?

«Snos» nima, yerdan noqonuniy foydalanish-chi, ular o‘rtasida bog‘liqlik bormi?

Foto: «fundament.com»

Oxirgi kunlarda «snos» masalasi yana ko‘tarila boshlandi. Xalq orasida tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun ayrim masalalarga oydinlik kiritishni maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.

Avvaliga, yerni hujjatsiz egallab olish mumkin emas.

Yer hokim qarorisiz (yoki boshqa hujjatsiz) egallab olinsa «o‘zboshimchalik bilan egallab olish» deb hisoblanadi va bu qilmish avvaliga ma’muriy, so‘ng jinoiy jazo bilan jazolanadi.

Demak, bu mavzu yuzasidan nimani bilish kerak?

Birinchidan, fuqaro va tadbirkorga qonuniy, ya’ni hujjat asosida ajratilgan yerni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish juda murakkab tartib asosida amalga oshiriladi, yer egasining roziligi bilan, hokim qarori emas balki xalq deputatlari kengashining qarori asosida, kompencatsiya to‘liq berilganidan so‘ng olib qo‘yilishi mumkin.

Ikkinchidan, agar fuqaro yoki tadbirkor yer uchastkasini noqonuniy, ya’ni hech qanday hujjatsiz (hattoki yonidagi bo‘sh turgan «hech kimga kerak bo‘lmagan» yerni ham) egallab olsa, ushbu yer uchastkasi uning roziligisiz olib qo‘yiladi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer hokim qarori bilan olib qo‘yiladi va undagi bino buziladi. Noqonuniy egallab olingan yerdagi bino uchun kompensatsiya berilmaydi, aksincha qonunni buzgan odam jarimaga tortiladi va u o‘z hisobidan yerni avvalgi holatiga qaytarishi shart.

Uchinchidan, aytaylik yer hokim qarori bilan fuqaroga ajratilgan. Fuqaro u yerga uy solgan. Oradan vaqt o‘tib, hokim qarori noqonuniy deb topilib bekor qilindi. Bunda nima qilish kerak?

Demak, yer fuqaroga berilganligi to‘g‘risidagi hujjat bekor qilinganligi bois, fuqaro yerni noqonuniy egasiga o‘xshab qoladi.

Mazkur holat bo‘yicha ham, qonunchilikda yechim bor albatta. «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonunda vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanishi belgilangan. Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Bunda fuqaro insofli yerdan foydalanuvchi bo‘lganligi va u hokimning qaroriga ishonib uy qurganligi inobatga olinib, yerni ajratish to‘g‘risidagi hujjat faqat va faqat sud tartibida bekor qilinishi hamda fuqaroga davlat tomonidan kompensatsiya berilishi shart. Bunday holatda qanday kompensatsiyani belgilash sud tartibida hal qilinadi.

Shuni alohida aytish kerakki, agar fuqaro yer ajratish to‘g‘risidagi qaror noqonuniyligini oldindan bilib turib (masalan pora evaziga, tanish-bilish va boshqa g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan olingan yerlar), ushbu noqonuniy qarorga o‘zicha ishonib yerga uy yoki boshqa imorat qursa, bunday fuqaroning ishonchi qonun bilan himoya qilinmaydi. Bu masala ham sudda hal bo‘ladi.

Yer xalq boyligi. Uni hech qanday asoslarga ko‘ra o‘zboshimchalik bilan egallab olish mumkin emas.

Nodir Tillyayev,
Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring