Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sog‘lom fikr va adolatning g‘alabasi» – Saida Mirziyoyeva yangi qonun haqida

«Sog‘lom fikr va adolatning g‘alabasi» – Saida Mirziyoyeva yangi qonun haqida

O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda. Shuningdek, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisda tegishli qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, hujjatni tasdiqlash uchun Senatga yubordi.

Ushbu qonun loyihasi bilan nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish, voyaga yetmagan shaxs ishtirokidagi pornografik mahsulotni tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq jinoiy xatti-harakatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Mazkur jinoyatlarni sodir etgan shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llash taqiqlanmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka va erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik, shuningdek, ushbu jinoyatlarni jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish yoki unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan sodir etish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha eng zamonaviy xalqaro normalar va xorijiy tajribadan kelib chiqib, jismoniy zo‘ravonlik bilan bir qatorda iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni, nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik, shahvoniy shilqimlik qilish, voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik kabi harakatlar uchun javobgarlik kiritilmoqda.

Aliment majburiyatlari bajarilishini ta’minlovchi chora sifatida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb qilish kabi yangi ma’muriy jazo chorasi kiritilmoqda.

Shu bilan birga ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sport, ijodiy tashkilotlarda ishlashini taqiqlovchi norma kiritilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva qonunning qabul qilinishini olqishladi.

«Oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga o‘tkazildi, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirildi. Buni fuqarolik jamiyati va faollarning g‘alabasi deb bilaman. Sog‘lom fikr va adolatning g‘alabasi. Biz ushbu muvaffaqiyatlar uchun uzoq va mashaqqatli harakatlarni amalga oshirdik, lekin qonunchiligimizda bu kabi o‘zgartirishlar zamon talablariga xos va insonparvarlik uchun o‘ta ahamiyatli ekanligini birgalikda isbotlay oldik», — deb yozdi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring