Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nomidan qo‘ng‘iroq qiluvchi «soxta xodimlar» paydo bo‘ldi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nomidan qo‘ng‘iroq qiluvchi «soxta xodimlar» paydo bo‘ldi

Illyustrativ foto

Joriy yilning 21-yanvar kuni Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. ushbu hududdagi oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qiladi.

O‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, mazkur universitet talabasi — tanishi D.Yu. hamda guruhning boshqa 17 nafar talabasiga chet tili fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan davlat imtihonidan qoniqarli baho qo‘yishni talab qiladi.

Fuqaroning ushbu noqonuniy talabi oliy ta’lim muassasasi tomonidan qondirilmagach, fuqaro M.S. takroran qo‘ng‘iroq qiladi va  tahdid qiladi.

Joriy yilning 29-yanvar kuni mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat kelib tushdi.

Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli idoralar tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.S.ning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida olingan dastlabki ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Holat yuzasidan joriy yilning 3-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan fuqarolar M.S. va D.Yu. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, tegishli jazo tayinlandi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi barcha yurtdoshlarimizdan o‘zini Agentlik xodimi sifatida tanishtirib, biror narsa ta’ma qiluvchi, xizmat buyuruvchi yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshiruvchi fuqarolarga duch kelganda Agentlikning 71 202 04 00 (715) telefon raqami orqali holat haqida zudlik bilan xabar berishlarini so‘raydi», deyiladi agentlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring