Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

363 mlrd. 155 mln. 500 ming so‘m noreal qarzdorlik! Buncha miqdor qanday yuzaga kelgan?

363 mlrd. 155 mln. 500 ming so‘m noreal qarzdorlik! Buncha miqdor qanday yuzaga kelgan?

Foto: «Xabar.uz»

Miqdordan aqlingiz shoshdimi? Bo‘lmasa-chi?! «Noreal qarzdorlik» degan gap tabiiy resurslar iste’moliga oid masalalarda tilga olinadi odatda. Yuqorida qayd etilgan miqdor ham shunga taalluqli. Ya’niki, tabiiy gaz iste’molidan shu-u-uncha noreal qarzdorlik aniqlangan. Yana deng, o‘n oyda! Bu miqdor mamlakat bo‘yicha emas, balki bitta hudud — Samarqandda aniqlangani e’tiborga olinsa, tizimdagi ahvolni tasavvur qilavering!

Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan 84 ta AGTKShda (avtomobillarni gaz bilan ta’minlash shoxobchasi) olib borilgan tezkor tadbirlarda yana nimalar aniqlanmadi deysiz?! Ayniqsa, «Hududgaz Samarqand» ma’suliyati cheklangan jamiyati faoliyatida!

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2019-yilning yanvar-oktyabr oylari davomida sotilgan tabiiy gaz miqdorlari shartnomalarda belgilangan limit miqdori bilan haqiqatda olingan hisob-varaq fakturalar o‘zaro solishtirilganda, jamiyat mansabdor shaxslari tomonidan «Tabiiy gaz yetkazib berish va qabul qilish to‘g‘risida»gi qo‘shimcha shartnomalar tuzmagan holda jami 24 101 102 m.3 hajmdagi tabiiy gaz (limitdan ortiqcha) iste’mol qilingani fosh etildi. Limitdan ortiqcha olingan har bir metr kub tabiiy gaz uchun belgilangan koeffitsiyentlar qo‘llanilmaganligi natijasida jami 8 mlrd. 651 mln. 258 ming 820 so‘m miqdorida to‘lovlar kam hisoblanganligi aniqlangan.

Shuningdek, «O‘ztransgaz» va «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari mansabdor shaxslari tomonidan tegishli tartibda ruxsatnoma berilmagan bo‘lsa-da, Samarqand viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali tomonidan 2019-yilning yanvar-oktyabr oylarida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan jami 46 ta AGTKShlari umumiy hisobda 2.497.608 m.3 hajmdagi tabiiy gaz bilan noqonuniy ravishda ta’minlangan. Bu esa o‘zganing 842 mln. 854 ming 500 so‘mlik juda ko‘p miqdordagi mulki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinishiga olib kelindi.

Aksiyadorlik jamiyati mansabdor shaxslari yetkazib berilayotgan tabiiy gaz hajmini o‘z vaqtida iste’molchilar hisobiga olib borilishini ta’minlamasdan, 2019-yilning 1-noyabr holatiga iste’molchisi aniqlanmagan noreal qarzdorlikni 363 mlrd. 155 mln. 500 ming so‘m bo‘lishiga va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan. Aqlni shoshiradigan darajadagi noreal qarzdorlikning kelib chiqishi omili shunda!

Mazkur holat yuzasidan MIB Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan «Hududgaz Samarqand» ma’suliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan JK(jinoyat kodeksi)ning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) va 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atildi. Ayni paytda Samarqand viloyati prokuraturasiga tergov harakatalarni boshlab yuborilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring