Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Alp Jamol» bankning sobiq rahbari O‘zbekistonga qaytdi va zararni qopladi

«Alp Jamol» bankning sobiq rahbari O‘zbekistonga qaytdi va zararni qopladi

Foto: facebook.com/Alp Jamol bank

«Alp Jamol» banki kuzatuv kengashining sobiq raisi Muhiddin Asomiddinov ishi bo‘yicha tergov tiklandi. U O‘zbekistonga qaytib keldi va yetkazilgan zararni qopladi, deb xabar berdi «Gazeta.uz».

2010-yil martida tugatilgan «Alp Jamol» banki kuzatuv kengashining sobiq raisi Muhiddin Asomiddinovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qilgan.

Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 184 (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va boshqa moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Muhiddin Asomiddinovning qidiruvdaligi sababli to‘xtatilgan edi. Uning ko‘ngilli ravishda qaytishi va tergovga jalb etilishi munosabati bilan jinoyat ishi tiklandi.

«Ayblanuvchining sodir etgan qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplagani va tergov bilan faol hamkorlik qilayotgan nuqtai nazaridan unga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatga o‘zgartirildi», — deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

«Alp Jamol» banki 1998-yil martida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi eng birinchi xususiy banklardan biri edi. 2010-yil martida Markaziy bank bank qonunchiligini buzishda ayblab, uning bank operatsiyalarini olib borish bo‘yicha litsenziyasini qaytarib olgan.

2010-yil 1-yanvar holatida bank aktivlari 118,6 mlrd so‘mni, mijozlar soni esa 155,78 ming yuridik shaxsni tashkil etgan. Bank Toshkentdan tashqari, Toshkent, Qashqadaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida ham faoliyat olib borgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring