Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShdagi SEC haqida nimalar ma’lum?

AQShdagi SEC haqida nimalar ma’lum?

Fuqarolarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan «Moliya kundaligi»ni yuritishda davom etamiz. Avvalgi maqolamizda AQShdagi bir qator moliyaviy firibgarlik holatlari ortidan SEC (Securities and Exchange Commission – Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi) tuzilganligi haqida to‘xtalib o‘tgan edik.

Ko‘p sonli o‘quvchilar talab va istaklariga binoan ushbu maqolamiz orqali SEC to‘g‘risida batafsil ma’lumot beramiz.

Avvalo, moliyaviy tushuncha – moliyaviy munosabatlar atamasiga to‘xtalamiz. Ma’lumki, moliyaviy munosabatlar ham ob’yektlar va sub’yektlarga bo‘lingan. Unga ko‘ra, moliyaviy munosabatlar ob’yektlariga iqtisodiyotning turli darajalarida tarkib topuvchi va harakat qiluvchi pul mablag‘lari fondlari kiradi.

Moliyaviy munosabatlar sub’yektlari esa, tarkiban murakkab bo‘lib, barcha tashkilotlar, xususan korxonalar, yuridik va jismoniy shaxslar, fuqarolar hisoblanadi.

Endi, asosiy mavzu – SEC (Securities and Exchange Commission – Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi)ga qaytamiz.

Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi (SEC) o‘zi nima?

Mazkur organ mustaqil federal hukumat agentligi bo‘lib, investorlarni himoya qiladi, qimmatli qog‘ozlar bozorining adolatli va tartibli ishlashini ta’minlaydi va kapitalni shakllantirishga yordam beradi. SEC 1934 yil AQSh Kongressi tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozorining birinchi federal tartibga soluvchisi sifatida tashkil etilgan. Bunga asosiy sabab, 1929 yildagi fond bozorining qulashi ortidan investorlarning ishonchini tiklash edi.

SEC faoliyatni to‘liq jamoatchilikka oshkor qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi, investorlarni bozordagi firibgar va manipulyativ amaliyotlardan himoya qiladi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda korporativ harakatlarni ham kuzatib boradi va anderrayter kompaniyalari orasida xaridorlar uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi arizalarni tasdiqlaydi.

Umuman olganda, davlatlararo tijoratda, pochta yoki internet orqali taklif etilayotgan qimmatli qog‘ozlarni investorlarga sotilishidan oldin SECda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Shu bilan birga, broker-dilerlar, maslahat kompaniyalari, aktivlarni boshqarish bo‘yicha menejerlar, ularning professional vakillari singari moliyaviy xizmatlar firmalari ham biznesni yuritish uchun SECda ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Masalan, har qanday bitkoyin almashinuvini ma’qullash uchun ular javobgar hisoblanadi.

Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi (SEC) qanday ishlaydi?

SECning asosiy vazifasi qimmatli qog‘ozlar birjalari, brokerlik kompaniyalari, dilerlar, investitsiya bo‘yicha maslahatchilar va sarmoya fondalarini o‘z ichiga olgan holda qimmatli qog‘ozlar bozoridagi tashkilotlar va shaxslarni nazorat qilishdan iborat. Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha o‘rnatilgan qoidalar orqali SEC bozorga tegishli ma’lumotlarni oshkor qilish va almashishga, adolatli munosabat va firibgarlik holatlaridan himoya qilishga ko‘mak beradi. U sarmoyadorlarga ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi hisobotlar, davriy-moliyaviy hisobotlar va boshqa qimmatli qog‘ozlar shakllarining elektron ma’lumotlarini to‘plash, tahlil qilish va qidirish hamda EDGAR nomli ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini taqdim etadi.

SECni prezident tomonidan tayinlanadigan besh nafar komissar boshqaradi va ulardan biri rais vazifani bajaradi. Har bir komissarning muddati besh yilni tashkil etsada, ular almashtirilgunga qadar qo‘shimcha 18 oy xizmat qilishi mumkin. Qonunga binoan beshta komissardan uchtadan ko‘pi bitta siyosiy partiyada bo‘lmasligi shart.

Komissiya besh bo‘lim va 24 ta ofisdan tashkil topgan. Ularning maqsadi qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunlarni sharhlash, amalga oshirish, yangi qoidalar chiqarish, qimmatli qog‘ozolar institutlari faoliyatini nazorat qilish va davlatning turli darajalari o‘rtasida muvofiqlashtirishdir.

Quyida beshta bo‘linma va ularning tegishli vazifalari bilan tanishing:

  • Korporativ moliya bo‘limi: Investitsion qarorlarni qabul qilish uchun sarmoyadorlarga muhim, ya’ni kompaniyaning moliyaviy istiqbollari, aksiyalar narxlariga tegishli ma’lumotlar berilishini ta’minlaydi;
  • Ijroni amalga oshirish bo‘limi: Ishlarni tergov qilish, fuqarolik da’volari va ma’muriy ishlarni yuritadi;
  • Investitsiyalarni boshqarish bo‘limi: Investitsion kompaniyalarni, o‘zgaruvchan sug‘urta mahsulotlarini va federal ro‘yxatdan o‘tgan investitsiya maslahatchilar faoliyatini tartibga soladi;
  • Iqtisodiy va xavf tahlili bo‘limi: Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlilini SECning asosiy vazifasiga birlashtiradi;
  • Savdo va bozorlar bo‘limi: Bozorlar uchun adolatli, tartibli va samarali me’zonlarni o‘rnatadi va qo‘llab-quvvatlaydi.

Muhim jihatlardan biri, SEC faqatgina fuqarolik ishlarini federal sudda yoki ma’muriy sudyaning oldiga qo‘yishga ruxsat etilgan. Jinoyat ishlari esa, Adliya Departamenti tarkibidagi huquqni muhofaza qilish organlarining vakolatiga kiradi. Shunday bo‘lsada, SEC ko‘pincha dalillarni taqdim etish va sud muhokamalarida yordam berish uchun bunday idoralar bilan yaqin hamkorlik qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, SECning barcha ofislari orasida Vistlbover idorasi qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunni qo‘llashning eng kuchli vositalaridan biri sifatida ajralib turadi.

Bugungi kunda SEC har yili qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan firmalar va jismoniy shaxslarga qarshi ko‘plab fuqarolik choralarni ko‘rib kelmoqda. U har qanday moliyaviy huquqbuzarlik holatlarida bevosita yoki Adliya Departamenti bilan birgalikda qatnashadi. Odatda, SEC tomonidan jinoiy javobgarlikka tortiladigan odatiy huquqbuzrliklarga buxgalteriya firibgarligi, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish va insayder savdolari kabilarni o‘z ichiga olgan.

2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi davrida SEC investorlarga milliardlab dollarlarni qaytarish va bir qator moliyaviy institutlarni javobgarlikka tortishda muhim rol o‘ynagan. Umuman olganda, u 204 ta ayblov e’lon qilgan edi. Buning ortidan 4 milliard dollarga yaqin jarimalar hamda boshqa pul yordamlari yig‘ilgan. Masalan, ular orasida Wall Street uchun Goldman Sachs 550 mln dollar to‘lagandi.

Shunday bo‘sa-da, ko‘pchilik kuzatuvchilar SECni bir qator brokerlar va yuqori darajali menejerlarni jinoiy javobgarlikka tortishga yordam bermaganliklar uchun tanqid qiladilar. Chunki, ularning deyarli barchasi jiddiy qonunbuzarlikda ayblanmagandi. Hozirgacha faqat bitta Vall-ctrit ma’muri inqiroz bilan bog‘liq jinoyatlar tufayli qamalgan. Qolganlari esa, pul jarimasi yoki ma’muriy jazo choralarini qabul qilgan.

Ma’lumot uchun, SEC tashkil topganidan buyon uning faoliyatiga yordam bergan bir qator qonunlar nomlarini keltirib o‘tamiz. Bular quyidagilarni o‘z ichiga olgan:

  • 1939 yildagi Ishonchli Indenture qonuni;
  • 1940 yildagi Investitsiya kompaniyasi to‘g‘risidagi qonun;
  • 1940 yildagi Investitsiya bo‘yicha maslahatchilar to‘g‘risidagi qonun;
  • 2002 yildagi Sarbanes-Oksley qonuni;
  • 2010 yildagi Dodd-Frank Vall stritdagi islohotlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun;
  • 2012 yildagi JOBS qonuni.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring