Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Barcha rahbarlar aniq bilib olsin – qat’iy hisob-kitobsiz biror bir loyihani moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi» – Prezident

«Barcha rahbarlar aniq bilib olsin – qat’iy hisob-kitobsiz biror bir loyihani moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi» – Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktyabr kuni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-budjet siyosati, davlat budjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020-yilga mo‘ljallangan parametrlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.


Shavkat Mirziyoyev: «Afsuski, birorta tarmoqni «zo‘r ishladi» deb ayta olmaymiz»


Yig‘ilishda eksport tarkibi, tashqi bozordagi talab va yurtimiz korxonalarining undagi o‘rni chuqur tahlil qilindi. 

O‘zbekiston eksportining 50 foizidan yuqorisini hanuzgacha gaz, oltin, kumush, mis, rux, polietilen kabi xomashyolar tashkil etayotgani, arzon xomashyo mavjud bo‘lgan tarmoqlar bo‘yicha ishlab chiqarish va eksport yetarlicha yo‘lga qo‘yilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Masalan, mamlakatimizda charm-poyabzal eksporti bo‘yicha kamida 1,5 milliard dollarlik salohiyat bo‘lsa-da, hozirda bu boradagi ko‘rsatkich 200 million dollarga ham yetmaydi. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga terini chuqur qayta ishlab, ayollar poyabzallari va sumkalari, sport anjomlari va boshqa tayyor charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini 2 barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti so‘nggi ikki yilda 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 million dollarga yetgan bo‘lsa ham, uning deyarli yarmini ip-kalava tashkil etmoqda.

Shu bois Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga eksportda tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yana bir tahlil: dunyoda meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozori 205 milliard dollarni tashkil etadi. Yurtimizning bu bozordagi ulushi esa bir foizga ham yetmaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish, «mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash yoki qayta ishlash – eksport» zanjirini yaratuvchi kooperatsiyalar tashkil etish orqali eksport hajmini bosqichma-bosqich 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. 

Mashinasozlik va elektrotexnika tovarlarining qo‘shilgan qiymati yuqori, dunyoda ularga doimiy talab ham bor. Lekin tarmoq korxonalari bu imkoniyatdan to‘la foydalanmayapti. Shundan kelib chiqib, soha mutasaddilariga qo‘shni davlatlar bilan savdoni rivojlantirish, eksport hajmini 2-3 barobar oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Oxirgi uch yildagi faol investitsiya oqimi tufayli soha va hududlarga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgani qayd etilar ekan, jalb qilinayotgan har bir dollarning natijadorligiga asosiy e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

– Barcha rahbarlar aniq bilib olsin – qat’iy hisob-kitob, texnik-iqtisodiy asoslarsiz biror bir loyihani moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi, – dedi Prezident. 

Bosh vazir rahbarligida tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar natijadorligini nazorat qilish bo‘yicha komissiya tashkil etib, mas’ul idoralarning hisobotini qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan soliq islohotlari tushumlar ko‘payishida ijobiy natijalar bermoqda. Buni xalqaro moliyaviy institutlar ham tasdiqlamoqda.

Masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 12 barobar, foyda solig‘i to‘lovchilari soni 6,5 barobarga oshgan. Ish haqiga nisbatan soliq yuki keskin pasaytirilgani natijasida daromad solig‘i to‘lovchilari soni 700 mingga, ushbu soliq tushumi esa 2 barobarga ortdi.   

Mazkur islohotlarning davomi sifatida joriy yil 1-oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirilib, qator imtiyozlar bekor qilindi. 2020-yil 1-yanvardan esa davlat ulushi bor korxonalarga ham yagona ijtimoiy to‘lov 25 foizdan 12 foizgacha pasaytiriladi. Bu choralar natijasida kelgusi yilda soliq to‘lovchilar ixtiyorida 12,8 trillion so‘m miqdorida mablag‘lar qoladi.

Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasiga 2020-yil uchun prognoz qilingan budjet tushumini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Bunda elektron hisob-faktura, zamonaviy markirovka, onlayn kassa mashinasi kabi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish orqali soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bojxona organlarida samarali ishlaydigan yangi vertikal tizimni shakllantirish, bunda import qilinayotgan tovarlar narxini haqqoniy baholash, risk-analiz va boshqa zamonaviy usullarni keng qo‘llash, shuningdek, ichki nazoratni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Davlatimiz rahbari soliq yukini pasaytirish iqtisodiyotga va aholi farovonligiga ijobiy ta’sir etishini inobatga olib, bu masalaga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. 

Yig‘ilishda 2020-yil budjetining xarajatlar qismi ham chuqur tahlil qilindi. 

Jumladan, kelgusi yili ijtimoiy sohalar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hajmi ortishi ko‘zda tutilgan. Masalan, sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltiriladigan xarajatlar joriy yildagiga nisbatan 18 foizga, ta’lim sohasiga – 10 foizga va ilm-fan rivojiga – 47 foizga ko‘payadi. Qolaversa, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, infratuzilmalarni yaxshilash kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin maqsadli dasturlar rejalashtirilgan.

Aholini dori vositalari bilan ta’minlash uchun 1,3 barobar, bolalar sporti dasturi uchun 3 barobar, geologiya-qidiruv ishlari dasturiga 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratish mo‘ljallangan.

Shuningdek, paxtachilik va bog‘dorchilikda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish xarajatlariga ham alohida o‘rin berilgan. 

Prezidentimiz xarajatlar borasidagi eng ustuvor vazifa moliya-budjet intizomi, yo‘naltirilayotgan har bir so‘m iqtisodiyot uchun qanday natija berayotgani asosiy mezon bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Moliya vazirligi va Hisob palatasiga budjetdan moliyalashtiriladigan dasturlarning maqsadli indikatorlarini belgilash va ijrosini baholash tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Hokimliklarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida hududiy moliya organlarini to‘liq mahalliy davlat organlari tuzilmasiga o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. 

Avtomobil yo‘llari, irrigatsiya, melioratsiya kabi sohalarga investitsiya xarajatlari bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Muhokama qilingan barcha jihatlarni hisobga olib, «2020 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim etish kerakligi qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring