Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat budjeti ijrosi internetda e’lon qilib boriladi

Davlat budjeti ijrosi internetda e’lon qilib boriladi

Foto: «Xabar.uz»

«Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-4273, 09.04.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Davlat statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Mazkur ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz)da e’lon qilib boriladi.

Portaldagi axborotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida e’lon qilib boriladi. Bunda uning ingliz tilidagi shakli 2019 yil 1-avgustga qadar ishga tushiriladi.

Shu maqsadda Statistika qo‘mitasida Portal faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha bo‘linma tashkil etildi.

Portalni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, uzluksiz ishlab turishini ta’minlash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Portalda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar ham «Ochiq ma’lumotlar global indeksi» va «Ochiq ma’lumotlar barometri» metodikasining asosiy yo‘nalishlari asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Xususan, unga ko‘ra davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining ijrosi, vazirlik, idoralarning budjeti, hududlar kesimidagi budjetlar, davlat organlarining barcha tanlovlari va tenderlari haqidagi ma’lumotlar mazkur Portalda e’lon qilinadi.

Bundan tashqari havo sifati (havoning o‘rtacha sutkalik ifloslanishi haqidagi ma’lumotlar), suv sifati (ichimlik suv manbalari haqidagi ma’lumotlar), yo‘nalishlar va hududlar kesimida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari kabi ma’lumotlarni ham ushbu Portal orqali topish mumkin bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring