Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokim va yoshlar» uchrashuvi «ssenariylashgan tomosha» bo‘lmadi

«Hokim va yoshlar» uchrashuvi «ssenariylashgan tomosha» bo‘lmadi

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro tumanidagi 1280 o‘rinli sport majmuasi manejida «Hokim va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 27-dekabrda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan uchrashuvida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda viloyatdagi tadbirkor yoshlar, sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yigit-qizlar, korxona-tashkilotlarda mehnat qilayotgan yoshlar, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari hamda muammo va takliflari bor yoshlar ishtirok etdi.

Viloyat rahbari O‘ktam Barnoyev uchrashuvda yoshlarni rasmiyatchilikdan xoli bo‘lib, ularni ochiq va oshkora muloqot qilishga chaqirdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bugungi kunda tez o‘zgarib borayotgan axborot texnologiyalari asri insoniyatning bosma nashrga bo‘lgan talabiga nisbatan ularning ijtimoiy tarmoqlar, saytlar va kanallarga bo‘lgan ehtiyojini oshirmoqda. Bosma nashrlar obunasini tashkil etishdagi muammolar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi muassisligidagi «Buxoro yoshlari» gazetasini ham chetlab o‘tmadi. Mazkur yoshlar nashri 2020 yil uchun 700 ga yaqin obunachilariga ega bo‘lgan. Bu, albatta, nashrning keyingi faoliyati qo‘llab-quvvatlanishga ehtiyojmand ekanligini ko‘rsatadi.

Jamiyatning o‘tkir talablaridan ogoh bo‘lib, davr yoshlarining iqtidorini yuzaga chiqarishda, muammo va tashvishlarini bartaraf etishda, ularning iste’dod va iqtidori, faoliyatini yoritish, targ‘ib etishda bosma nashrning o‘z o‘rni, salohiyati bor. «Buxoro yoshlari» gazetasi bizga, barchamizga kerak nashr. Qo‘llab-quvvatlaymiz! — dedi viloyat hokimi Buxoro davlat universiteti talabasi Vazira Saidovaning yoshlar nashri adadini ko‘tarish va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bildirgan taklifiga.

Shuningdek, viloyat rahbari jurnalistika sohasiga qiziqishi baland yoshlarning media-markaz yaratish, yangicha talqindagi tele va radiokanal ochish xususidagi takliflariga munosabat bildirdi. Shu yerning o‘zida kreativ qaror qabul qilindi. Bu Buxoroda viloyat hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha «Yoshlar jamg‘armasi»ini tashkil etish zaruratidir. Bu tashabbus ham talaygina murojaatlarni joyida hal qilish imkonini beradi, albatta.

Foto: «Xabar.uz»

Vobkentlik Feruza Jalilova Vobkent axborot-resurs markazining e’tiborga muhtojligi, uni kapital ta’mirlash tashabbusi bilan chiqdi. Bu masalani hal qilishda amaliy yechim topishda ko‘mak so‘radi.

Qorako‘l tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yoshlar yetakchisi Hulkar Xo‘jaqulova tumanda yoshlar markazi yo‘qligi, hatto, tuman yoshlar tashkiloti joylashgan bino ham bugungi kunda e’tiborga muhtojligi xususida to‘xtaldi.

Buxoro tumanilik ijtimoiy himoyaga muhtoj Yarash Muxtorov imkoniyati cheklangan o‘rtasida turli sport musobaqalarini o‘tkazish, BuxDU talabasi Shahboz Bafoyev raketamodel bo‘yicha texnik o‘quv markazi bazasini ochish taklifini berdi.

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro Olimpiya zahiralari sport maktab-internatining bir guruh o‘quvchilari yaqingacha kollej maqomida faoliyat yuritib kelgan ta’lim dargohi asosan yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgani sababidan unda futbol maydoni yo‘qligi, shu muammoni hal qilishda amaliy yordam so‘rashdi. Viloyat arxitektura va qurilish mutasaddilariga murojaatni tezda o‘rganish va maktab-internati orqasidagi noobod yerdan alohida stadion va boshqa sport turlari uchun maydon barpo etish talabi qo‘yildi.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarining kelajak rejalari, ularni qiynayotgan muammolar haqida ochiq-oydin gapirdi. Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarda tadbirkorlik salohiyatini oshirish, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlash tizimini ishlab chiqish bo‘yicha berilgan ellikka yaqin murojaat va takliflar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan og‘zaki murojaatlar qanoatlantirildi. Atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan masalalarni hal etish yuzasidan viloyat hokimi o‘rinbosarlari va tegishli tashkilot rahbarlariga ularning yechimiga doir ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevga ko‘ra, Buxoroda orttirilgan budjet mablag‘lari hisobidan «Yoshlar jamg‘armasi» tuziladi. Joriy 2020 yildan boshlab, viloyatda mavjud Oliygoh talabalari uchun 1 million miqdorida «Viloyat hokimi stipendiyasi» joriy etiladi. Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus va shuningdek, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi loyihalar uchun esa 5 million miqdorida mukofot pullari ajratiladi.

Ma’lumot uchun: viloyatda 2019 yilda 54 ta nodavlat va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 496 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan. 52 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi yangidan qurib, foydalanishga topshirilgan. Ularga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 48 milliard so‘m moddiy-texnik baza kiritilgan. Qorako‘l tumanida Xalqaro matematika maktabi tashkil qilingan.

Joriy yilda esa Buxoro shahrida zamon talabiga javob beradigan «Prezident maktabi» barpo etiladi. Buxoro shahrida Muxtor Ashrafiy san’at maktabi hamda Prezident maktabi tashkil etilib, foydalanishga topshiriladi.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring