Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

HUMO bilan bog‘liq muammolarga rasmiy izoh berildi

HUMO bilan bog‘liq muammolarga rasmiy izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda barcha pensiya oluvchilarining HUMO kartalariga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarlar keng tarqalmoqda. Shuningdek, 7 va 8 may kunlari POSterminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi. Milliy banklararo protsessing markazi ushbu masalalarga rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda qayd etilishicha, qay turdagi kartani chiqarish va uni kimga berishga oid qarorlar bank faoliyati doirasida qabul qilinadi. MBPM kartalarni faqatgina bank tomonidan berilgan buyurtmadagi miqdorga asoslanib chiqaradi.

Bugungi kungacha, Xalq banki ma’lumotiga ko‘ra, pensiya oluvchilar uchun jami 1 228 000 (bir million ikki yuz yigirma sakkiz ming) karta chiqarilgan, ulardan faqat 391 000tasi, ya’ni 32%i HUMO kartalaridir.

7 va 8 may kunlari, soat 11:00 dan 13:00 oralig‘ida POSterminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi. Bunga – pul mablag‘larini pensiya kartalariga o‘tkazish operatsiyalarining shiddatli ravishda o‘sishi, shuningdek bank kassalari va bankomatlari orqali pul mablag‘larini naqdlashtirish xizmatlariga talabning yuqoriligi sabab bo‘ldi.

Bularning barchasi keskin va qisqa muddatli nosozliklarga, ya’ni natijasiz bank operatsiyalari sonining o‘sishiga sabab bo‘ldi. Ammo bu vaziyat bankomatlar yoki elektron to‘lov tizimilari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmadi. Ayni damda, protsessing markazi quvvatlarini kengaytirish va dasturiy ta’minotni yaxshilash bo‘yicha uzluksiz ish olib borilmoqda, – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, MBPM Xalq banki bilan hamkorlikda pensiya oluvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlar yanada takomillashtirilayotgani, bankomatlar hududiy qayta o‘rnatilayotgani va  qo‘shimcha kassalar ochilayotgani ma’lum qilingan.

«Karta egalariga yuzaga kelgan vaziyat uchun uzrlarimizni bildiramiz. HUMO – nisbatan yangi tizim, uni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Biz bor kuchimiz bilan mijozlarimiz ishonchini oqlashga va bu tizimni imkon qadar qulay va ishonchli qilishga harakat qilayapmiz», – deya ta’kidladi «Milliy banklararo protsessing markazi» MChJ  direktori Shuhratbek Qurbonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring