Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Markaziy bank valyuta yechishda olinadigan komissiyaga izoh berdi

Markaziy bank valyuta yechishda olinadigan komissiyaga izoh berdi

Bank kassalari orqali xalqaro to‘lov kartalaridagi xorijiy valyutani naqdlashtirish uchun o‘rnatilgan komissiya 0,5 – 1 foiz oralig‘ida (ayrim banklarda bepul) bo‘lib, boshqa MDH mamlakatlaridagi bunday xizmat uchun o‘rnatilgan tariflardan (o‘rtacha 2%) sezilarli darajada past, demoqda Markaziy bank.

1-oktyabrdan boshlab xalqaro to‘lov kartalaridagi mablag‘larni mamlakat hududidagi bankomatlar orqali faqat milliy valyuta – «so‘m»da naqdlashtirish amaliyoti joriy qilingandi.

Ommaviy axborot vositalarida naqdlashtirish jarayonida komissiya olinayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan Markaziy bank izoh bergan.

MBning yozishicha, xalqaro to‘lov kartalari orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalar xalqaro to‘lov tizimlari (Visa, Master Card, China Union Pay va hokazo) vositasida bajarilib, ushbu tizimlar tomonidan har bir tranzaksiya uchun tijorat banklaridan muayyan komissiya to‘lovi undiriladi.

Bundan tashqari, tijorat banklarining naqd chet el valyutasi bilan bog‘liq operatsion xarajatlari ham mavjud bo‘lib, ular naqd xorijiy valyutani respublikaga olib kirish, olib chiqish, qayta sanash, transport va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi.

O‘z navbatida, banklar xo‘jalik yurituvchi sub’yekt sifatida hamda daromad olish maqsadida mijozlardan undiriladigan xizmat haqini mazkur xarajatlarni inobatga olgan holda tasdiqlaydilar.

Hozir mamlakatdagi barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalari tegishli terminallar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 633 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchasi «24/7» rejimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring