Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirzo Ulug‘bek ilmiy asarlariga monand aeroport haqida

Mirzo Ulug‘bek ilmiy asarlariga monand aeroport haqida

Samarqand shahrida qurilayotgan xalqaro aeroport terminalining loyihasi g‘oyasi 14-asrdagi Movaraunnahrning buyuk hukmdori, shoir, astronom va matematik Mirzo Ulug‘bekning ilmiy asarlariga borib taqaladi.

«Ziji jadidi Kuragoniy» Ulug‘bekning asosiy ilmiy asari sifatida tan olingan, asarda astronomiyaning nazariy asoslari va 1 000 dan ortiq yulduzning koordinatlari aks ettirilgan. Shunga muvofiq aeroport terminali yulduzlar turkumi aks ettirilgan ochiq kitob ko‘rinishiga ega va shu yo‘l bilan Mirzo Ulug‘bekning ilmiy asarlari tasvirlangan.

«Biz Samarqandni turistik xabga aylantirmoqchimiz. Buning uchun avvalo aeroport talab darajasida bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham Samarqand aeroporti yangi loyihasi biz uchun juda muhim», — dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Nurullayev.

Xalqaro talablar
AIR MARAKANDA kompaniyasi Myunxen xalqaro aeroporti (Germaniya) va Istanbul xalqaro aeroporti (Turkiya) mutaxassislari bilan hamkorlikda O‘zbekiston uchun noyob bo‘lgan ORAT (Operational Readiness, Activation and Transition) – ekspluatatsion tayyorgarlik, ishga tushirish va operatsion faoliyatni yangi infratuzilmaga o‘tkazish metodologiyasi dasturini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Ushbu dastur aeroportni ishga tushirishda katta miqdordagi turli xil texnologik va biznes jarayonlarining murakkab tarmoqlarini tizimlashtirish va sinxronlashtirish imkonini beradi.

Yirik sayyohlik xabi
Lufthansa, KPMG va Freshfields Bruckhaus Deringer kabi kompaniyalar tomonidan yangi aeroport faoliyatini boshqarishning moliyaviy va huquqiy jihatlari ko‘rib chiqilmoqda. Myunxen va Istanbul aeroportlari ekpertlari va mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ushbu tizim aeroportlarni boshqarish sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni ta’minlaydi, aviakompaniyalar, yo‘lovchilar va respublika aholisining extiyojlariga xizmat qiladi, shuningdek, «Samarqand» xalqaro aeroportini yirik transport va sayyohlik xabiga aylantiradi.

E’tiborli tomoni, aeroport qurilishiga 80 million dollar miqdorida xususiy investitsiya jalb qilingan. Yangi terminalni qurishga 500 dan ortiq mutaxassis jalb qilingan. Ishchilar soni - 567 kishi, muhandis va texnik xodimlar soni - 25 kishi, shundan mahalliy aholi vakillari - 561 kishi, chet ellik mutaxassislar soni - 6 kishi.

«Samarqand» xalqaro aeroporti yangi terminalining qurilishi 2021 yilning 1 sentyabrida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring