Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 2023-yilda 744 ta geologik-texnik chora-tadbirlar amalga oshirish hamda buning evaziga 32,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirildi

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 2023-yilda 744 ta geologik-texnik chora-tadbirlar amalga oshirish hamda buning evaziga 32,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlariga asosan joriy yilda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 mlrd kub metrga yetkazish topshirig‘i belgilandi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash uchun, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi uglevodorod konlarini samarali va maqsadli ishlatish, ulardan tabiiy gaz va suyuq uglevodorod xom ashyosi qazib chiqarishni oshirish hamda mavjud quduqlarning bir maromda ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

Ushbu tadbirlar doirasida  dunyoning yetakchi neft servis kompaniyasi «Schlumberger» bilan birganlikda jahon tajribasi asosida 2023-yil uchun umumiy qiymati 5,7 trln so‘mga teng bo‘lgan 744 ta geologik-texnik chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Makro invest dastur» ishlab chiqildi.

Unga asosan jami 111 ta yangi quduqni burg‘ilash, 608 ta quduqda kapital ta’mir hamda intensifikatsiya ishlari va 25 ta texnologik ob’yektni (siquv kompressor stansiyalari, gazni dastlabki tayyorlash qurilmalari, kichik kompressor qurilmalari, gaz yetkazib berish quvurlari) qurib ishga tushirish rejalashtirilgan.

Jumladan:

- Buxoro-Xiva va Farg‘ona neftgazli mintaqalaridagi 4000 metrgacha bo‘lgan chuqurliklarda joylashgan neogen, paleogen, bo‘r va yura davri yotqiziqlaridan uglevodorod xomashyosini qazib olish uchun jami 83 ta yangi quduqlarni burg‘ilash, 541 ta quduqlarda kapital ta’mirlash hamda intensifikatsiya ishlari va 20 ta texnologik ob’yektlar; 

- Ustyurt neftgazli mintaqasidagi chuqur yura davri yotqiziqlarida joylashgan uglevodorod xomashyosini qazib olish uchun jami 28 ta yangi quduqlarni burg‘ilash, 67 ta quduqlarda murakkab turdagi kapital ta’mirlash hamda intensifikatsiya ishlari va 5 ta texnologik ob’yektlar qurib ishga tushiriladi.

Konlarda gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash hamda gaz zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirish maqsadida 10 ta siquv kompressor stansiyalarini qurib ishga tushirish («Janubiy Tandircha»da konida katta kompressor va «Girsan», «Chulquvur», «Yangikazgan» konlarida kichik ustki kompressor stansiyalari hamda «Sho‘rtan» konida 6 ta ob’yektda kichik ustki kompressor stansiyalari) rejalashtirilgan.

«Kukdumaloq» va «Zevarda» konlaridagi gaz siquv kompressor stansiyalarida modernizatsiya ishlarini bajarish va SPChlarni almashtirish hamda siquv kompressor stansiyalarini barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzish orqali 35 ta gaz turbinali dvigatellarni kapital ta’miralsh ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

«Sho‘rtan», «Tegirmon» va «Arslon» konlarida gazni dastlabki tayyorlash qurilmalarini qurib ishga tushirish, shuningdek konlarda gaz siqilishini oldini olish, o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida 192 km har xil turdagi gaz quvurlari qurish rejalashtirilgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan tadbirlarni bajarish uchun, bugungi kunda dunyoning ilg‘or kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy 30 ta burg‘ilash va 37 ta kapital ta’mirlash stanoklari pudradchilar orqali jalb qilingan. Uglevodorod konlaridagi past bosimdagi qoldiq zahirani qazib olish olish maqsadida kichik kompressor stansiyalarni yetkazib kelish va ularni o‘rnatish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar bilan jadal sur’atlarda muzokaralar olib borilmoqda.

Qazib chiqarish chora-tadbirlarni amalga oshirishda geologik-texnologik risklarni kamaytirish maqsadida 2023 yilda yangi ochiladigan barcha konlarning geologik modeli, 28 ta konning gidrodinamik modeli va 40 ta konning tarmoq modellari, 8 ta konning integral modellarini tuzish ishlari hamda 2020-2022 yillarda ishlab chiqilgan  19 ta konning geologik modeli, 65 ta konning gidrodinamik modeli va 40 ta tarmoq modellarini yangi burg‘ilangan quduqlar ma’lumotlari asosida yangilash ishlari amalga oshiriladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda Ustyurt mintaqasining yuqori istiqbolga ega bo‘lgan 4000-7000 metr chuqurliklarda joylashgan quyi yura davri yotqiziqlari 3D seysmik-qidiruv materiallari yangi eXchroma texnologiyalarini tatbiq etgan holda qayta atribut tahlil qilinmoqda.  Shu orqali «Sudochiy» botiqligining chuqur geologik tuzilishi, burg‘ilashdan olingan barcha geologik-geofizik va boshqa ma’lumotlarni o‘rganish hamda hududning regional modeli asosida aniqlangan yangi mahsuldor qatlamlarni neftgazga istiqbolligi hamda uglevodorod resurslarini baholash ishlari «Schlumberger» xalqaro servis kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

 

Hozirgi kunda Dastur doirasida «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi barcha konlar, shu jumladan tajriba sanoat usulida ishlatilayotgan konlarning holati «Schlumberger» kompaniyasi bilan tahlil qilib borish orqali, samarasidan kelib chiqib, tavsiyalariga asosan o‘zgartirish kiritib borilmoqda.

Shu bilan birga bugungi kundagi eng dolbzor masalalardan biri hisoblangan energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishida ham ishlar tashkil etilgan bo‘lib, «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi boshqarma va korxonalar kesimida 2023 yil uchun energiya resurslarni tejash maqsadida energiya tejovchi moslamalarni o‘rnatish (18 ta), elektr qurilmalari ish rejimlarini optimallashtirish (7 ta) va qayta tiklanuvchi elektr manbalarini o‘rnatish (31 ta) bilan bog‘liq jami 56 ta tashkiliy texnik tadbirlar ishlab chiqilgan.

Jumladan, muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha turli quvvatlardagi jami quvvati 801 kVt bo‘lgan 25 ta komplekt quyosh fotoelektr stansiyalari, turli sig‘imdagi jami sig‘imi 3800 litr bo‘lgan 20 komplekt quyosh suv qizdirgichlari va 10,5 kVt bo‘lgan 70 komplekt quyosh panelli ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatiladi.

Ushbu chora-tadbirlarni bajarish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan barcha imkoniyatlardan keng foydalanilgan holda moliyaviy mablag‘lar bilan ta’minlash uchun barcha choralar ko‘riladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring