Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning qishloq xo‘jaligiga oid yangi qarori qabul qilindi

Prezidentning qishloq xo‘jaligiga oid yangi qarori qabul qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezidentning «Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi. 

Qaror Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, agrar sektorda qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan talabni qondirish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini ma’nan va jismonan eskirgan texnikalar o‘rniga zamonaviy va resurstejamkor texnikalar bilan ta’minlashni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishni maqsad qiladi. 

2023-yil 1-apreldan boshlab:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi «Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-7-son qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi;

- qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;

- xalqaro moliya institutlari tomonidan lizing kompaniyalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi;

2023-2024-yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trillion so‘m yo‘naltiriladi. 

Bu mablag‘ quyidagicha yo‘naltiriladi:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qaroriga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan 100 million AQSh dollaridan 2022 yilda o‘zlashtirilmasdan qolgan 670 milliard so‘m (59 million AQSh dollari) miqdoridagi mablag‘ texnika xaridi uchun 10 foiz stavkada 10 yilga kredit ajratish uchun;

- 800 milliard so‘m (70 million AQSh dollari) – xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun lizing tashkilotlariga joylashtirish hisobiga;

- 1,1 trillion so‘m (100 million AQSh dollari) – xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun tijorat banklariga joylashtirish hisobiga.

Bunda:

- xizmat ko‘rsatadigan tijorat banklari tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkin;

- xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring