Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkor narxni oshirgani uchungina jazolanmaydi — Prokuror

Tadbirkor narxni oshirgani uchungina jazolanmaydi — Prokuror

Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tuman Xalq deputatlari kengashining oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘tkazilgan sessiyasida tuman prokurori Elyor Talabboyev hisobot berib o‘tdi. Prokuror o‘z chiqishi davomida tadbirkorlar bilan olib borilayotgan ishlarga alohida urg‘u berdi.

— Tumanimizda narx barqarorligini saqlash uchun nazorat mexanizmlari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra tadbirkor bilan yaqindan ishlash, unga kerak bo‘lgan jabhada ko‘mak ko‘rsatish asosiy tadbir sifatida ko‘rilmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligi uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni bozorlarda belgilangan narxda sotish nazorat ostida turibdi. Ro‘yxatdan o‘tmagan, noqonuniy savdo olib borayotgan tadbirkorlar aniqlanmoqda. Ammo ularni jazolash maqsad qilinmagan. So‘nggi yillarda jazolash mexanizmi prokuratura uchun asosiy prinsip bo‘lmay qoldi. Biz asosan tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ularni qonuniy faoliyat yuritishiga ko‘mak ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Iqtisodiyotni soyadan chiqarish uchun ish olib bormoqdamiz.

Bozorni nazorat qilish uchun avvalo o‘zimiz bozorni tushunishimiz lozim. Shu maqsadda 6 oktyabrda o‘zimiz qoramol sotib olib, so‘yib, bozorda sotib, kichik sinov-tadqiqot o‘tkazdik. Mol go‘shtini sotish davomida 47 ming so‘m tannarx belgilandi. Aynan shu masalani go‘sht savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga tushuntiryamiz. Barcha masala faqat targ‘ibot olib borish orqali hal qilinmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligi masalasida zaxiraga oluvchi va mahsulotning chakana savdosini amalga oshiruvchi o‘rtasidagi munosabat muhim. Agar dehqon mahsulotini o‘rtakashlarsiz, iste’molchiga yetkazib bersa, narx ham arzon bo‘ladi. Lozim bo‘lgan taqdirda yuk mashinalarida mahsulotni sotish tashkil etilmoqda. Shuningdek bozor ma’muriyatining mas’uliyatini oshirish orqali ham narx-navoni ushlab turish mumkin.

— Narx sun’iy oshishining oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda? Misol tariqasida tushuntira olasizmi?
— Buning uchun doimiy faoliyat yuritadigan ishchi guruh tuzilgan. Nazorat tadbirlari muntazam ravishda olib borilyapti. Ammo bir narsani tushunib olishimiz lozim, narxni sun’iy oshirayotgan ham aslida tadbirkor. Uni faqat narxni oshirgani uchun jazolay olmaymiz. Umuman, bunaqa niyatimiz ham yo‘q. Faqat tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borish orqali unga ta’sir o‘tkazishimiz mumkin. Hozirgacha shunchaki narxni oshirgani uchun biror marta jazo chorasi tayin qilinmadi. Agar tadbirkor inson sog‘ligiga zarar yetkazadigan, savdoga chiqarish uchun ruxsat berilmagan mahsulot sotmayotgan bo‘lsa, faqat narxni oshirgani uchun jazolanmaydi. Biz oziq-ovqat zaxirasini oshirish, «Daladan dasturxonga» tamoyili ostida iste’molchiga zarur mahsulotni yetkazib berish va tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borish orqali natijaga erishmoqchimiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring