Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘qchilik va to‘qchilik

Yo‘qchilik va to‘qchilik

Foto: «livejournal.com»

Dunyo bo‘ylab qashshoqlikka qarshi kurashish uchun milliardlab mablag‘ ajratilmoqda. Afrikada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, Hindistonda uy-joy qurish yoki Lotin Amerikasida ta’limni oyoqqa turg‘azish uchun katta-katta aqcha sarflanmoqda. Xo‘sh, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qashshoqlikka qarshi kurashda natija bermoqdami? Balki yo‘qchilikka qarshi kurashning boshqa samarali yo‘llari mavjuddir?  

Bu yil iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti ayni shu hayot-mamot masalasida izlanishlar olib borayotgan amerikalik uch olim  – Harvard universiteti vakili Maykl Kremer hamda Massachusets texnologiya instituti tadqiqotchilari, er-xotin Abhijit Banerji va Ester Dufloga berildi.

Foto: «Indicator.Ru»

Xo‘sh, uch olim qanday yangilikka qo‘l urdiki, nomdor mukofotu bir million dollar aqchaga ega bo‘ldi?

«Ular qashshoqlikka qarshi kurashda yangi yondashuvni asoslab berdilar. Uchovlon, ta’bir joiz bo‘lsa, katta muammoni qismlarga bo‘ldilar va mushkul savollarga javob topishning eng maqbul yo‘li bevosita tajriba ekanini isbotladilar», – deyiladi Shvetsiya fanlar akademiyasi qarorida.

Har yili Jahon banki va boshqa xalqaro tuzilmalar  qashshoqlikka qarshi kurash uchun milliard-milliard pul ajratadi. Bu yoqda saxovatpesha boylari, hotamtoy zodagonlar ham baqadrihol ko‘mak beradi. Odatda, qashshoqlikka qarshi kurash uchun mablag‘ ajratayotgan tashkilotlar yoki boylar pulni o‘zi bilgancha sarflaydi: birov kambag‘al qishloqqa maktab qurib beradi, birov ichimlik suvi keltiradi.  Ammo iqtisodchi Maykl Kremer masalaga ilmiy yondashib, mablag‘ qay maqsadda sarflansa samarali bo‘lishini aniqlash uchun bevosita tajriba o‘tkazishga qaror qildi. Shu maqsadda u Afrikaning olis Keniya o‘lkasiga otlandi. Abhijit Banerji va Ester Duflo esa Hindistonda ayni shunday tajriba o‘tkazishdi.

Qashshoq qishloqlarda o‘tkazilgan tajribalar kutilmagan natija berdi. Masalan, Afrikada kambag‘al aholi orasida ta’lim rivojlantirish uchun odatda o‘qituvchilar olib kelinadi, o‘quvchilarga maktab formasi sovg‘a qilinadi, stipendiya joriy etiladi. Bularning bari yaxshi, albatta. Ammo iqtisodchi olimlar tajriba asosida mablag‘ni bundan ko‘ra mintaqa xalqlari orasida parazitlar – zararkunandalar tarqalishi oldini olishga yo‘naltirish samaraliroq ekanini isbotladilar. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, turli parazitlar qashshoq mamlakatlar bolalarning aqliy rivojlanishiga katta to‘siq bo‘lib kelmoqda. Olimlarning xulosasi asosida qashshoq o‘lkalarda salomatlikni saqlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratila boshladi.

Tibbiyotda tajriba, dala sinovlari muhim o‘rin tutadi.  Amerikalik uch olim ham ushbu usulni iqtisodiyotga muvaffaqiyatli tarzda tatbiq etdi. Qashshoqlikka qarshi kurash maqsadida ular maxsus tadqiqot laboratorisiga (Poverty Action Lab) ham asos soldi.

Qisqa qilib aytganda, Maykl Kremer, Abhijit Banerji va Ester Duflo tajriba yo‘li bilan qashshoqlik oqibatlarini bartaraf etish samarali ekanini isbotladi. Muhimi, uchovlon barcha qulayliklarga ega sokin ilm dargohlarini tark etib, ibtidoiy bosqichda qolib ketgan qishloqlarga borishga jur’at topa bildi.

Jahon banki tadqiqotlariga qaraganda, sayyoramiz aholisining har o‘n nafardan biri qashshoqlikda umr kechirmoqda.  Boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq ham yil sayin oshib bormoqda. Masalan, Amazon shirkati egasi Jeff Bezos ayni paytda dunyoning eng davlatmand kishisi sanaladi. Uning boyligi 112 milliard dollarga yetdi. Ushbu mablag‘ning atigi 1 foizi  105 million aholi yashayotgan Efiopiya sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojini to‘liq qoplashga yetadi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring