Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«45 000 AQSh dollarlik zarar, Finlyandiya va u yerdagi hayot...» — Rahmonbek Rasulov bilan suhbat

«45 000 AQSh dollarlik zarar, Finlyandiya va u yerdagi hayot...» — Rahmonbek Rasulov bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

«Xorijdagi vatandoshlar» doirasidagi intervyular davom etadi. Navbatdagi suhbatdoshimiz bugungi kunda Finlandiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan Rahmonbek Rasulov. Qahramonimiz 1990 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan.

U bilan suhbatimiz Rossiyada ko‘rgan qiyinchiliklari, muvaffaqiyatsizlar, Finlyandiyaga nega ketgani va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Rossiyadagi qiyinchiliklar va Finlyandiyaga kelish...

Otam mashina kuzovini tuzatish bo‘yicha usta bo‘lgan.  Men ham bolalikdan otamni yonida yurib shu kasbni egalladim.

Maktabda o‘qib yurgan paytlarim uchuvchi bo‘lishni juda xohlardim va biror bir davlatga borib ishlash haqida umuman o‘ylab ko‘rmaganman. Lekin O‘zbekistonda otamni ishlari yurishmaganidan so‘ng oilaga yordam berish maqsadida Rossiyaga borib ishlashga majbur bo‘lganman. 2008 yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga pul ishlash va u yerda o‘qish maqsadida jo‘nab ketdim.

Sankt-Peterburg shahriga ilk kelgan kunlarimni yaxshi eslayman. Aniqrog‘i, 3 xonali kvartirada 32 kishi yashaydigan joyga kelib tushgandim. Oddiy bir ustaxonada ustalikka ishga kirib ishlay boshladim. Ustaxonamizda isitish tizimi yo‘qligi sabab ustaxonaning ichki qism devorlari muz bilan qoplanardi.

Ish vaqtim uzunligi va oilamga pul zarurligi bois universitetga topshirish imkonim bo‘lmagan. O‘sha vaqtlar tezroq kerakli pulni yig‘ish va O‘zbekistonga qaytib tadbirkorlik (avtomobil ehtiyot qismlari) do‘konini ochib shu ish bilan shug‘ullanishni istardim. Uchuvchilik orzuyi esa orzuligicha qolavergan.

Ammo Sankt-Peterburg bilan chegaraligi va juda ko‘p rus tanishlarim Finlyandiyaga borib kelgani sabab menda ham asta-sekin bu davlatga qiziqish kuchayib bordi. 2014 yili Rossiyaga sanksiyalar qo‘yilganidan keyin boshqa davlatga borib ishlash haqida o‘ylay boshladim. Chunki iqtisodiy sanksiyalar ishchilar daromadiga ham ta’sir o‘tkazgandi.

Birinchi marta Finlyandiyaga kelish uchun 2014 yili vizaga ariza topshirib rad javobi olganman. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, meni Sankt-Peterburgdagi ROLF (avtodiler) kompaniyasiga avtomobillarni ranglash ishiga (avtomalyarlikka) taklif qilishdi. U yerda soatiga 600 rubl to‘lashardi va natijada boshqa davlatga borish istagi ham o‘z-o‘zidan yo‘qoldi.

2018 yili  uylanish va o‘z biznesimni ochish maqsadida O‘zbekistonga qaytdim. Va nihoyat Samarqandda avtomobil ehtiyot qismlari do‘konini ochdim. 2019 yil men uchun juda og‘ir keldi. Biznesim 45 ming AQSh dollari miqdorida zarar keltirdi. Tasavvur qiling, bir yil ichida uysiz, pulsiz, mashinasiz... deyarli hech vaqosiz qoldim. Oldinda nikoh to‘yim yaqinlashib qolgandi.

Biroq Aziz ismli yaqin do‘stim ko‘magida mushkullarim ancha yengillashdi. To‘yimdan so‘ng va asosiysi, turmush o‘rtog‘imning Finlyandiyaga o‘qishga qabul qilinishi ortidan bu yerga keldim.

Finlyandiyaga kelish, albatta, oson bo‘lgani yo‘q. Masalan, birgina viza olish uchun Rossiyada 6 oy kutishimizga to‘g‘ri kelgan. Ochig‘i, o‘sha kunlarda boshimdan o‘tkazgan qiyinchiliklarni hech kimga ravo ko‘rmayman va bir narsani aniq aytishim mumkinki, inson har qanday og‘ir vaziyatdan chiqishga astoydil harakat qilsa, bunga albatta erisha oladi.

Mamlakatdagi eng yirik avtodiller

Hozir  Vantaa shahridagi SAKA avtosaloni ustaxonasida ishlayman. Kompaniya mamlakatdagi eng yirik avtodiller.

Bu yerda ishlash juda qiziq, masalan har bir xodim uchun ertalab soat 8 da kofe va mazali sendvichlar beriladi.

Kompaniyadagi asosiy vazifam avtomobillarni ranglash, ya’ni avtomalyarlik. SAKA avtosalonidan avtomobillarni ustaxonaga olib kelib ularni ta’mirlab qayta olib borish ham bizning ishimizga kiradi. Ba’zida 180-200 kilometrdan avtomobillarni olib kelib birgina bamperini ranglab yana qaytarib olib borish holatlari bo‘ladi. O‘ylashimcha, bunaqasi faqat Finlyandiyada bo‘lsa kerak.

Finlar atrof-muhitga kuchli e’tibor berishadi. Bu yerdagi aksariyat ranglarga suv qo‘shiladi. Bunday ranglar tabiatga zararsiz va ochig‘i bu turdagi ranglarni ilgari Rossiya yoki O‘zbekistonda ko‘rmaganman.

Finlyandiyada xorijiy ishchilarga yaratilgan imkoniyatlar havas qilarli

Rossiyadagi o‘z tajribam bilan solishtirganda, Finlyandiya umuman boshqa dunyo.

Yevropa Ittifoqi tashqarisidan kelgan ishchilar, chet el fuqarosi bo‘lishidan qat’i nazar bu yerda sug‘urta qilinadi. 

Rossiyada esa har oy patent registratsiya qilinadi va ko‘chalarda politsiya to‘xtatib, ancha dilxiraliklar qilardi va aksiga olib patent olish uchun sharoitlar ham yetarli bo‘lmagan.

Finlyandiyada mamlakatga kirishda viza olib kirasiz va sizni boshqa politsiya umuman bezovta qilmaydi. Rossiyadan farqli ravishda hujjatlarni migratsiya bo‘limida cho‘zdirish uchun onlayn navbat olish ham mumkin.

Shuningdek, bu yerga kelganingizdan keyin  kasaba uyushmasiga albatta a’zo bo‘lishingiz kerak. Agar ish beruvchi bilan muammoga duch kelsangiz, kasaba uyushmasi sizni yetarlicha himoya qiladi. Ish sharoitlari talabga javob bermasa, muzokaralar olib boradi.

Qolaversa, ishsizlik sug‘urtasi fondiga qo‘shilishni ham tavsiya beraman. Boisi turli sabablarga ko‘ra ishsiz qolsangiz ish haqingizni ma’lum bir qismi o‘rtacha 70 foiz har oy yangi ish topguningizgacha fond to‘lab boradi.

Yana shuningdek, Finlyandiyada davlat tili fin va shved tillari bo‘lib, fin tilida aholining 90 foizi ona tili sifatida gapirishsa va aholining qariyb 5 foizi shved tilida muloqot qilishadi.

Shu boisdan xorijliklar uchun fin va shved tili kurslari o‘quv muassasalari va tashkilotlar tomonidan tashkil etiladi. Ularga kadrlar byurosi orqali yoki yashash joyingizga ko‘ra qatnab bepul o‘qishingiz mumkin. Bu xorijiy ishchilarni Finlyandiya jamiyatiga juda tez moslashib ketishi uchun yaxshi imkoniyat.

Shu bilan birga, bu yerda ish soatlari asosan kunlik 8 soatni tashkil qiladi. Bu orqali insonlarning, mahalliy yoki xorijlik bo‘lishidan qat’i nazar oilasiga yetarlicha vaqt ajratib baxtli yashashlari maqsad qilingan.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi


Intervyuning ikkinchi qismi tez kunda e’lon qilinadi. Unda Finlandiyadagi ta’lim, soliqlar va koronavirus haqidagi fikrlar o‘rin olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring