Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adliya vaziri soliq to‘lovchilar bilan uchrashdi

Adliya vaziri soliq to‘lovchilar bilan uchrashdi

Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida buyuk alloma Najmiddin Kubro hazratlarining «Muvaffaqiyatni – sa’y-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqaydlik va dangasalikda ko‘rdim» degan so‘zlarini iqtibos keltirib quyidagilarni bayon etgan: «Haqiqatan ham, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz».

Darhaqiqat, tadbirkorlik faoliyatini qonuniy tashkil etgan, atrofidagilarga nafi tegayotgan, ish o‘rni yaratayotgan ishbilarmonlarni qo‘llab quvvatlash, ularga yordam berish yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning asosidir.

Shu ma’noda iqtisodiyotda soliq yukini kamaytirish, majburiy ajratmalarni bekor qilish orqali mamlakatimizning investitsion jozibadorligining ortishiga xizmat qiladigan yengillik va afzalliklarning hayotga tadbiq etilganligi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi.

Bu borada 2019-yildan boshlab soliq islohotlari konsepsiyasi doirasida juda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, umumbelgilangan soliq turiga o‘tkazish tartiblari hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i kabi tushunchalarning mohiyatini bugun har bir xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga, tadbirkorlarga, ishbilarmonlarga batafsil yetkazish uchun uchrashuvlar, davra suhbatlari muntazam davom ettirilmoqda.

Yaqinda Sirdaryo viloyat prokuraturasining majlislar zalida tashkil etilgan tadbirga Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, ularning hisobchilari va rahbarlari taklif etildi.

Uchrashuvda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek G‘oyibov hamda boshqa tashkilotlardan vakillar ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqan Adliya vaziri R.Davletov soliq islohotlari konsepsiyasi taraqqiyotimizning keyingi bosqichini belgilab beruvchi asosiy omil ekanligini ta’kidlab, islohot doirasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida gapirib o‘tdi.

Tadbir davomida viloyat prokurori va davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i tomonidan ham 2019 yilda soliq siyosatidagi o‘zgarish va yangiliklar haqida keng ma’lumotlar berildi.

Yig‘ilganlarning ko‘p qismini umumbelgilangan soliq turiga o‘tgan soliq to‘lovchilar tashkil etgani bois qo‘shilgan qiymat solig‘i va uni to‘lash tartiblari borasidagi qizg‘in savol-javoblar uchrashuvning asosini tashkil etdi.

Ilg‘or Xalilov, 
Sirdaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi 
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi 
katta inspektori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring