Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

Aka-ukachilik? «Yo‘q» deyishni o‘rganishimiz kerak

Aka-ukachilik? «Yo‘q» deyishni o‘rganishimiz kerak

Foto: «novoshishminsk.ru»

Hozirgi paytda gazeta, tv va internet resurslarda korrupsiya va unga qarshi kurashish to‘g‘risida ko‘p gapirilyapti. Masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, korrupsiyaning fundamenti bizning mentalitetimizga xuddi DNK kabi «programmalashib» ketmaganmikan?

Buni bizda korrupsiyaning ko‘rinishlari juda ko‘pligidan ham sezish mumkin: «xamir uchidan patir», «aka-ukachilik», «muomalasini qilish», «xizmat bo‘lsa, shaymiz», «bizda ham qolib ketmaydi», «sizdan ugina, bizdan bugina»... va oldin aytib o‘tganim, «ishni ko‘zini bilish» va yana bir qator terminlar aynan korrupsiya jarayonlarida ishlatiladigan iboralarga aylanib ulgurgan.

Mentalitetimizda «aka-ukachilik» fenomeni alohida o‘rin kasb etadi. Akasi kattaroq davlat xizmatida yoki kuchishlatar tizimlarda ishlaydigan Shodivoy, bosar tusarini bilmay qoladi. Mashinasini xohlagan tezligida haydaydi, qizil chiroq u uchun emas, akasi katta ishda ishlamaydiganlar uchun yonadiganday go‘yo.

Tasavvur qiling: Kattaroq ishda ishlaydigan odamni o‘g‘li yoki ukasi, o‘sha akasi yoki dadasining kimidur bilan «aka-ukachilik» yoki «bizdan ham qolib ketmaydi aka» alyansi orqali o‘qishga kiradi. Zo‘o‘o‘o‘rg‘a o‘qishni bitirib keladi, kallada ayfonni so‘ngi modeli va nechchta qizni «o‘ragani»dan boshqa narsa yo‘q. U o‘zini hech qayerda ko‘rsatmagan, na bilimi, na ko‘nikmalari orqali hech kimning nazari tushmagan va o‘qishni bitirib o‘zi ish topolmaydi. Mana shu payt, yuqoridagi fenomenlar katta sahnaga chiqib kela boshlaydi. Dadasi yoki akasi kimgadur telefon qilib, «aka-ukachilik»ni eslatadi. «Xizmat bo‘lsa, tortinmay aytaverishi mumkinligi» uqdiriladi. Natija qanday? Natija albatta o‘g‘il yoki ukaning nufuzli tashkilotga ishga kirishi, ishga kirishini «yuvib» berishi bilan yakunlanadi. To‘xtang, to‘xtang, bu bilan yakunlanmaydi, u tentak ishga kirganidan keyin o‘zini qanday tutadi? U yanayam katta lavozimlarga ko‘tarilib, ushbu boshlangan zanjirni davom ettiraveradi. Yopiq doira, janoblar! Biz keyin yuraveramiz, nega korrupsiya tugamaydi deb...

Maktabda o‘qib yurgan paytlarimda, nazorat imtihonlarda doim o‘zimni doiramdagilarga yordam berar edim. Ko‘chirmachilikning misli ko‘rilmagan usullarini o‘ylab topib berar, bu borada «as» edim :) O‘zimcha men qahramonman. Meni hamma maqtaydi, maqtashgani sari ko‘chirishlariga yaxshiroq sharoitlar yaratardim, qizlarning test variantlarini yechib berardim. Bundan faxrlanardim. Insonlarga yordam beryapman go‘yo...

Chet elga o‘qishga ketganimdan keyin, kunlarning birida imtihon vaqti bir gollandiyalik do‘stimdan yordam so‘radim, xayolimda xuddi u ham bir paytlar men qilgan ishni qiladiganday, lekin u menga «Do‘stim, bunday qilishimiz boshqalarga nisbatan adolatsizlik va o‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi» dedi... O‘zimni dunyodagi eng iflos odamday his qilib ketdim...

Bizda korrupsiya asoslari, bolaligimizdanoq, bir qarashda juda yaxshi bo‘lgan postulatlar orqali quriladi. «Do‘stlik hamma narsadan ustun», «do‘stlarga doim yordam berish kerak». Bu tushunchalarning boshqalaridan ustunligi, ong ostida oila va do‘stlar adolatdan ham ustunroq degan madaniyatni shakllantiradi. Bu madaniyatda do‘stlar qonunlarni buzishsa ham, yordam qo‘lini cho‘zishimiz kerak. Chaqimchilar qoralanadi, bu xuddi klassik mafiya madaniyati emasmi? Aynan shuning uchun ham Italiyada, Gretsiyada, Rossiyada va bizda korrupsiya holatlari Belgiya, Shvetsiya, Gollandiya kabi davlatlardan ancha yuqorida turadi. Bu davlatlarda nimaga korrupsiya deyarli yo‘q? Chunki odamlar farzandlariga bolaligidan, adolatning boshqa tuyg‘ulardan yuqori turishini tushuntirishadi. Shu mafioz madaniyati avloddan avlodga (xuddi farzandga yaxshi narsalarni o‘rgatyapman deb) o‘rgatilar ekan, bizning jamiyatimizda korrupsiya kamaymaydi.

Korrupsiyani yo‘qotishda hozirgi korrupsionerlarni namoyishkorona qamashlar effekt berishi mumkin, lekin ildizi bilan qo‘porib tashlash uchun, avvalo biz o‘rganib qolgan, ertaga bizni va farzandlarimizni ham korrupsionerga aylantirishi mumkin bo‘lgan norma va an’analarni noto‘g‘ri ekanligini tan olishimiz kerak.

Do‘stlar va yaqinlarga ham ular so‘ragan narsaga (qonun-qoidalanga zid bo‘lsa) «Yo‘q» deyishni o‘rganishimiz kerak. Kimdur balki butun boshli madaniyatni o‘zgartirish mumkin emas, deb e’tiroz qilar. Men sizga, albatta mumkin deb javob beraman.

Boshqalarga yaxshi o‘rnak bo‘la olish juda yuqumli narsa. Shu maqolani o‘qigan 10 kishidan bittasi adolat va haqiqatni o‘z burchi deb bilishni boshlasa, tez orada uning atrofidagilar ham shu ishni qilishni boshlaydi. Biz shundaymiz, hamma yaxshi inson bo‘lishni xohlaydi, minimum boshqalardan yomonroq bo‘lmaslikka harakat qiladi. Agar atrofda hamma o‘g‘ri va poraxo‘r bo‘lsa, senga ham bu ishni qilish qiyin bo‘lmay qoladi... Agar atrofingda adolatli odam paydo bo‘lsa, adolatsiz bo‘lish qiyinlashib ketadi. Chunki yaxshi o‘rnakni ko‘rgan odam birdan vijdoni uyg‘onib, qilayotgan ishlaridan uyalishni boshlaydi.

Xuddi shunday men ham gollandiyalik do‘stim oldida uyalib qolgandek. Bu bilan unga nisbatan yanayam ko‘proq hurmatim oshdi va adolat, xolislik umrim mazmuniga aylantirishiga u chindan ko‘maklashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring