Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avval Forish, endi Nukus… O‘zbek va turk harbiylari janglarda qanday harakat qilmoqchi?

Avval Forish, endi Nukus… O‘zbek va turk harbiylari janglarda qanday harakat qilmoqchi?

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Turkiya harbiylari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida o‘zbekistonlik hamkasblari uchun trening mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Bu haqda harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Oktyabr oyi mobaynida davom etgan treninglarda yaqin janglarni olib borishning o‘ziga xos xususiyatlari, tungi operatsiyalar va boshqa mavzular bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ikki davlat harbiylari, shuningdek, zamonaviy to‘qnashuvlarda qanday harakat qilish borasida ma’lumot va tajriba almashdi.

Trening yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Dilshod Choriyev ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini e’tirof etdi. Qo‘mondon o‘zbek va turk xalqlarini mehr-oqibat, do‘stlik va birodarlik rishtalar birlashtirib turishini ta’kidladi.

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Turkiya vakillari o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarga trening mashg‘ulotlarini yakunlagani munosabati bilan sertifikat topshirdi. Xabar qilinishicha, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi qardosh xalq vakillarini o‘zbek va qoraqalpoq udumlari bo‘yicha kuzatdi.

Joriy yil aprel oyida ham Jizzax viloyatidagi «Forish» poligonida O‘zbekiston va Turkiya, shuningdek, Pokiston qo‘shinlari bo‘linmalari ishtirokida «Hamdo‘stlik qalqoni–2019» maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgandi.

Umuman, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida mudofaa jabhasidagi hamkorlik jonlanganini kuzatish mumkin.

2017-yil iyul oyida Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli yurtimizga keldi. Mazkur tashrif davomida O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vaziri tomonidan harbiy ta’lim sohasida hamkorlik xususida hujjat imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston Qurolli kuchlari harbiylarining Turkiya harbiy-ta’lim muassasalariga tayyorgarlik kurslariga yuborishni tashkillashtirish borasida kelishuvga erishildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga 2017-yil oktyabrda amalga oshirgan davlat tashrifi yakunida ham mudofaa sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir hujjat qabul qilingan.

Ikki mamlakat harbiy texnika borasida ham hamkorlik qilmoqda. Avval xabar berganimizdek, joriy yil avgustda Turkiyaning «Nurol Makina» kompaniyasi O‘zbekistonga «Eyder Yalchin» rusumli 24 dona harbiy zirhli mashina yetkazib bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring