Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Ayol hokimlar. Ishonish qiyin bo‘lsada, ishongimiz keladi

Ayol hokimlar. Ishonish qiyin bo‘lsada, ishongimiz keladi

Ayol hokimlarimiz.

Kollaj: «Xabar.uz»

Ayol — ojiza, ayol — kuch! Ayollar hokimiyatda bo‘lishi kerakmi? Bu bahs-munozaralarning abadiy mavzusi.  Yurtimizda ayol hokimlar soni 6 nafarga yetdi.  Ularning barchasi shu paytgacha hokimiyatda, davlat idoralarida u yoki bu vazifani bajarishgan edi. O‘zbekistondagi bu islohot, umid qilamizki, shunchaki nomiga emas.

Garchi tayinlanayotgan rahbarlar shu tizimga o‘rgangan va «tepadan pastga» tashabbusi gullab yashnayotgan bir paytda haqiqiy o‘zgarish olib kelishiga ishonmasakda, IShONGIMIZ keladi. Xo‘sh, ayol hokimlarni tayinlashdan maqsad — gender tengligimi yoki so‘kong‘ich hokimlarning safini ozaytirishmi yoki toza havo olib kirishmi? Nima bo‘lganda ham yaxshilikka bo‘lsin.

O‘tgan yili davlat boshqaruvi sohasidagi mutaxassis Aziza Umarova «Nahot, 196 tumanda hokimlikka loyiq birorta ayol bo‘lmasa?!» deya intervyu bergandi.

Ayol rahbar ko‘paysa, jamiyatda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? — degan savolga u shunday javob qaytargandi:

«Menimcha, ayol rahbar ko‘paysa, jamiyat yanada rahm-shafqatli, insonparvar va ma’rifatli bo‘ladi. Chunki ayolga vakolat berilsa, u aksar ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi, g‘azna pulini ko‘proq maktabu shifoxona qurishga yo‘naltiradi. Erkaklarning «urush-urush» o‘yinlari ham andak tizginlanadi. Ayollarni rahbar sifatida tan olish ham jamiyat nechog‘li ma’rifatli ekanini ko‘rsatuvchi mezonlardan biri, aslida.

Bugun jamiyatimizga ayollarning moslashuvchanligi, mehri, zukkoligi va zakiyligi yetishmayotgandek. Biz oxirgi yillarda ko‘p qadriyatlarimiz qatorida «ilg‘or ayol» siymosini ham boy berdik...

Nazarimda, uddaburon va ilg‘or xotin-qizlarimiz talaygina, ammo ularning iqtidoridan unumli foydalanilmayapti. Agar ayollarimiz ko‘proq rahbarlik lavozimlarini egallasa, besh-olti yilda buning samarasini ko‘ramiz. Zarur bo‘lsa, ularning malakasini oshiraylik, qobiliyatini to‘liq yuzaga chiqarishga imkon beraylik.

Biz jamiyatda muqallidlar, labbaygo‘ylarning emas, shaxslarning qadrini ko‘tarsak, dadil odim otishdan qo‘rqmaydigan avlod shakllanadi. Bu esa mamlakat ravnaqiga kuchli turtki beradi...»

Mana, nihoyat xorij mamlakatlaridagi kabi tajriba bizda ham qo‘llanila boshlandi. Ayol hokimlarimiz soni ko‘paymoqda. Biroq hozircha farqi — xorijda ayollar hokimiyatga talashib, tortishib, kurashib, xalq tomonidan katta ovoz to‘plagach erishgan. Siyosat maydonida o‘z «ovozi»ga ega bo‘lgan.

Rossiyalik Galina Shirshina Petrozavdskka hokim bo‘lgach juda ko‘p o‘zgarishlar qilgan. U o‘zini yevropalik siyosatchi kabi tutadi. U avvalo rahbarlar uchun inaguratsiyani va «oltin parashyut»larni bekor qiladi, ya’ni turli ziyofatlardan bosh tortadi. Internetda tinimsiz qilinayotgan ishlar haqida hisobot berib boradi. Odamlar bilan yaqin bo‘lishga, qo‘shnilaridan hol-ahvol so‘rashni birinchi qiladigan ishi deb bildi. Velosipedlar uchun yo‘laklar qurilishini, Wi-Fi tekin bo‘lishini orzu qildi va erishadi, tadbirbozlikka chek qo‘ydi, ya’ni davlat budjetini behuda ketkazmaslikni yo‘lga qo‘yadi.  Dam olish maskanlarini ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Yana bitta Yakutiya meri Sardana Asksenteva, avvalo rahbarlarning qimmat ulovlarini sotib yubordi. Budjetdan mablag‘ ajratilib, ishxonalarda o‘tkaziladigan korporativ bayramlarga chek qo‘ydi. Bu mablag‘larni bolalar va qariyalar uyiga, nogironlarning muammolarini bartaraf etishga sarflashni ma’qul ko‘rdi. Ijtimoiy tarmoqlarda qorning ustiga yo‘l yotqizilayotgan videoni ko‘rib qolib, pudratchilar bilan shartnomani darhol bekor qildi.

Aytgancha, uning ijtimoiy tarmoqlarda 110 mingdan ortiq «podpischigi» bo‘lgan. Yana u bir modelerning ishtirokini bekor qiladi. Ushbu modelerning tashrifi uchun undan oldingi hokim   yaxshigina mablag‘ ajratgan edi. Biroq, Sardana Avksenteva, bu mablag‘ shahar maktablari uchun, havo tozalash moslamalarini sotib olishga sarflanishni ma’qul ko‘rgan. Keyin Yakutskda narxi 1,5 million rublga teng bo‘lgan mashhur «Corsair» baletini namoyish etishdan bosh tortdi. Tejalgan pullar mahalliy kutubxonalar, bolalar badiiy maktablari va xalq ijodiyoti markazlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflandi.

Umuman olganda, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo bizning tayinlanayotgan ayol hokimlarimiz qat’iyatlimi, bitta shaharda yoki tumanda tartibni o‘zgartirishni chin dildan xohlashadimi, buni endi vaqt ko‘rsatadi. Loaqal hozircha ijtimoiy tarmoqlarda so‘kong‘ich hokimlarning suratlari, haqoratlari boshqa trendga chiqmaydi, deb umid qilamiz. Bora-bora jamiyatni chindan-da rahm-shafqatli, insonparvar va ma’rifatli qila oladigan, o‘zgartira oladigan ayol hokimlarimiz minbarga ko‘tarilsa, ajab emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring