Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ba’zi shifokorlar bemorga haddan ortiq ko‘p dori yozib beradi» — Prezident

«Ba’zi shifokorlar bemorga haddan ortiq ko‘p dori yozib beradi» — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yangi 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, Andijon davlat tibbiyot institutida «Sanoat farmatsiyasi» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyat faollar yig‘ilishida ma’lum qilib o‘tdi.

Shuningdek sog‘liqni saqlash tizimida murakkab operatsiyalarga muhtoj, ehtiyojmand aholiga yordam berish bo‘yicha viloyatda maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Prezident o‘z nutqida sog‘liqni saqlash tizimiga alohida e’tibor qaratdi va shifokorlar orasida o‘z kasbiga mas’uliyatsizlik bilan qaraydiganlari ham borligini aytib o‘tdi.

- Ba’zi shifokorlar bemorga haddan ortiq ko‘p dori yozib beradi. Bunga qanaqa ehtiyoj bor? Bularning hammasi bilimsizlikdan.

Sal hisob-kitob qilsak doktorlar yozib berayotgan dorilarning kamida 50 foizi besamar ekanini ko‘ramiz. Sal narsaga ham antibiotiklar tayinlashadi.

Albatta koronavirus pandemiyasi vaqtida fidoyilik ko‘rsatgan shifokorlarga rahmat aytamiz, Siz koronavirusga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatdingiz. Ammo biz odamlarimiz sog‘ligini dastlabki bosqichdayoq asrashimiz lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilish davomida tegishli mutasaddilarga Andijon viloyatida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

- bu yil Andijon viloyatida 4 ta oilaviy poliklinika va 9 ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- joriy yilda viloyatda 1 million 500 ming aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jumladan 300 mingdan ortiq ayollarni mammografik va ultratovush tekshiruvlaridan o‘tkazish ta’minlanadi;
- Andijon davlat tibbiyot institutining kafedra mudirlari tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari faoliyatiga amaliy yordam berish uchun mas’ul sifatida biriktiriladi;
- ikki oy muddatda Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida «Angiograf» apparati o‘rnatilib, yurak-qon tomir tizimida o‘tkaziladigan jarrohlik operatsiyalarining turi va soni ko‘paytiriladi;
- Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon tumanlari uchun jarohatlarni va o‘tkir qon-tomir kasalliklarini davolaydigan markazlar faoliyati hamda gemodializ xizmati yil oxirigacha yo‘lga qo‘yiladi;
- joriy yil yakunigacha buyrak ko‘chirish operatsiyasini amalga oshiradigan mutaxassislarni tayyorlash choralari ko‘riladi va 2022 yildan boshlab, buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik viloyatda joriy etiladi.

Andijon viloyatidagi ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilashga Yangi Andijon infratuzilmasi uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring