Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bekobodlik oilada 4 egizak tug‘ildi, 7 yil farzand kutgan toshkentlik oila bir yo‘la uch farzandli bo‘ldi

Bekobodlik oilada 4 egizak tug‘ildi, 7 yil farzand kutgan toshkentlik oila bir yo‘la uch farzandli bo‘ldi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi Jo‘rayevlar xonadonida bir yo‘la 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

O‘tgan yili turmush qurgan Shoira Jo‘rayeva Bekobod shahridagi farmatsevtika zavodida kichik xodim, Bekzod Jo‘rayev esa O‘zbekiston metallurgiya kombinatida injener bo‘lib ishlaydi.

— Shoira Jo‘rayeva homiladorlikning boshlanishidan turar joyidagi tibbiyot muassasasida nazoratga olingan, — deydi markazning homiladorlar patologiyasi bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Hayitova. — Unda erta tug‘uruq xavfi bo‘lgani uchun avgust oyining oxirida Bekobod shahridan markazga o‘tkazildi. To tug‘uruqqacha unga zamonaviy perenatal texnologiyalar bo‘yicha barcha yordam ko‘rsatildi. Shifokorlarning tajribasi sabab erta tug‘uruqning oldi olinib, tug‘uruqni 34 haftaga olib borishga erishildi. Bolalarni sog‘-salomat ona qo‘liga topshirish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida odatdagidek markaz direktori, o‘rinbosari hamda barcha mutaxassislar ishtirokida tug‘uruq rejasi tuzildi: jarayon uchun barcha zamonaviy apparatlar shay holatga keltirilib, 21-sentyabr kuni ayol jarrohliq amaliyotiga rejali ravishda olindi.

Shu tariqa akusher ginekolog, neanotolog, reanimatolog, anisteziolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan o‘n kishidan iborat malakali guruh operatsiyada ishtirok etdi. Tug‘uruqning asoratsiz o‘tishi uchun jarrohliq amaliyoti so‘nggi perenatal texnologiyalar bo‘yicha olib borildi. Salkam bir soat davom etgan jarayonda barcha xodimlar birdek jonbozlik ko‘rsatdi. Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Hozirda chaqaloqlarning uch nafari intensiv bolalar bo‘limida. Bir nafarining ahvoli e’tibortalab bo‘lgani uchun chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limida kuzatuv va intensiz davolash jarayonida.

Onaning ahvoli ancha yaxshi. U operatsiya stolidayoq to‘rt nafar bolasi, ya’ni ikki nafar o‘g‘il va ikki nafar qizaloqni bag‘riga oldi. Bolalarni parvarishlashda bevosita o‘zi ishtirok etmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Shuningdek, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Javdat va Umida Mamadiyevlar oilasi 7 yildan buyon farzand kutayotgan edi. Sabrning mevasi sifatida bir emas, 3 nafar farzand, ya’ni bir o‘g‘il va ikki qizaloq ota-ona bag‘rini to‘ldirdi. Umida Mamadiyeva ham Respublika Perenatal markazida rejali ravishda tug‘uruqqa tayyorlandi. To‘liq tarkibdagi guruh ish olib bordi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi. Ona bolalar parvarishi bilan mashg‘ul.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring