Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birinchi marotaba arxiv hujjatlari maxfiylikdan chiqarildi

Birinchi marotaba arxiv hujjatlari maxfiylikdan chiqarildi

Foto: Norma

O‘zbekiston Milliy arxivi tomonidan bugungi kungacha maxfiylik rejimida saqlangan 1941-1945-yillarga oid arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari olib borildi. Jumladan, 264 saqlov birligidagi arxiv hujjatlari (600 varaq), 2 dan ortiq arxiv fondlari maxfiylikdan chiqarildi. Bu haqda «O‘zarxiv» agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjatlarda asosan 1941-1945-yillarda urush  maydonlaridagi aholini evakuatsiya qilish jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari, xarbiy, ilmiy, madaniy muassasalar, bolalar uylari, gospitallar va boshqa toifa tashkilotlarni respublikamizga ko‘chirib keltirilishi, halqimizning urush davridagi front orti mehnatlari va halqimiz tomonidan frontga jo‘natilgan qurol-aslahalar, oziq-ovqatlar, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa ko‘plab shu kabi O‘zbekiston halqining Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi aks etgan materiallar mavjud.   

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, arxivlarda hujjatlarining o‘rtacha 30-35 foizi «maxfiy» deb tushuniladi, ammo tamg‘a hujjat mazmuniga emas, balki o‘sha davrdagi partiya ish yuritish qoidalariga binoan joylashtirilgan. Shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni ishlatishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Tadqiqotchilar, tarixchilar, o‘lkashunoslar, o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek manfaatdor muassasalar va tashkilotlar orasida «maxfiy» tamg‘asi bosilgan hujjatlarga qiziqishi nihoyatda katta. Shunday ekan, maxfiylikdan hujjatlarni chiqarilishi tadqiqotchilar sonining ko‘payishiga yordam beradi. O‘zbekiston, O‘rta Osiyo tarixiga qiziqish ortadi.

Ikkinchi jahon urushiga oid maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlardan esa, hozirgi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Olmazor tumanida yangi bunyod etilayotgan «G‘alaba bog‘i» hududidagi «Shon-sharaf» muzeyi eksponatlarini yaratilishida  keng  foydalanilmoqda. G‘alaba bog‘i ochilganida xalqimiz bu hujjatlar bilan yaqinroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 

Bundan tashqari, tadqiqotchilar, talabalar va boshqa qiziquvchilar uchun karantin kunlanganidan so‘ng, davlat arxivi o‘quv zalida mazkur hujjatlar bilan tanishish uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.

«O‘zarxiv» agentligi maxfiylikdan chiqarilgan ba’zi hujjatlarni ilk marotaba rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi saxifalari orqali keng ommaga taqdim etishni rejalashtirgan.

Shunday qilib, ilgari tadqiqotchilar foydalana olmaydigan ulkan arxiv majmualariga kirishning ochilishi tarixiy manbalarni ilmiy asoslashga imkon yaratdi va zarurat tug‘dirdi, ularsiz XX asrning ichki tarixini tushunish mumkin emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring