Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bo‘lka nonning vazni qancha bo‘lishi kerak?

Bo‘lka nonning vazni qancha bo‘lishi kerak?

Foto: «Gazeta.uz»

«Milliy tiklanish» gazetasining navbatdagi sonida «Olamda bir ne’mat bor… yoxud «O‘zstandart»ning standarti nechta?» nomli maqola chop etildi. Unda yurtimizda sotilayotgan bo‘lka non (buxanka) bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlangan.

Maqolada keltirilishicha, «O‘zstandart» agentligi tomonidan buxanka ishlab chiqarish istagidagi tadbirkorga bir qancha talablar qo‘yiladi. Ishlab chiqarish uchun maxsus sex tashkil etish, bug‘doy uni, tuz, xamirturush, o‘simlik moyini saqlash, xamir qorish, ishlab chiqarish — bijg‘ish yoki xamirni yetiltirish jarayoni, uni bo‘lish, pishirish uchun alohida va maxsus xonalar, tayyor mahsulotni saqlash uchun omborxona bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, qolipli non ishlab chiqarayotgan tadbirkorning kunlik tahlillarni o‘tkazib borish uchun ishlab chiqarish laboratoriyasi yoki akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya bilan shartnomasi, korxonaning tozaligi haqida xududiy sanitariya epidemiologik idorasining ruxsatnomasi ham bo‘lishi, ishchi-xodimlarning kiyinish va yechinish, yuvinish, ovqatlanish va dam olish xonalari ham tashkil etilmog‘i kerak.

Agentlikning Standartlashtirish va davlat nazoratini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zoirjon Omonovning gazetaga ma’lum qilishicha, buxankaga belgilangan standart vazn — 500 va 600 gramm, undan kam bo‘lsa, bilingki, bunday non talabga javob bermaydi. Mabodo tekshirish davomida shu holatga duch kelinsa, buxanka ishlab chiqarayotgan tadbirkorga sertifikat berilmaydi. Bu nonni ishlab chiqarish vaqtinchalik to‘xtatiladi degani.

Odatda qolipli non uchun 3 yil muddatga muvofiqlik sertifikati beriladi va bitim tuziladi. Bitimda sertifikatlangan mahsulot ustidan inspeksiya nazorati o‘tkazish haqida ham kelishib olinadi. Agar inspeksiya nazorati natijasida tadbirkorning faoliyatida standart normalari buzilgani aniqlansa, muvofiqlik sertifikatining amal qilishi 10 ish kuniga to‘xtatiladi va ko‘rsatma beriladi. Shu muddat ichida kamchiliklar bartaraf etilsa, qayta nazorat o‘tkaziladi va faoliyatga ruxsat beriladi. Yo‘qsa, nazorat qiluvchi organ sudga murojaat qiladi.

Maqolada aytilishicha, chekka hududlarda «O‘zstandart» agentligi tomonidan belgilangan standart deyarli ishlamaydi. «Hudud markazlarida bu salbiy holat kamroq uchrashi mumkin. Ammo hududning chekka-chekka joylari tomon borilgan sari vaziyat qolipli non ichidagi mayda-mayda pufakchalarning borgan sari kattalashib borishiga o‘xshaydi.

Qolipli nonni tekshirib ko‘rish uchun uni g‘ijimlab, bir kaftga joy bo‘ladigan holatga keltirib qo‘yish mumkin. Tabiiyki, mazasi ham o‘zgara boshlaydi. Go‘yo u yerlarda qolipli non ishlab chiqaruvchi deyarli hamma tadbirkorning o‘z standarti bordek. To‘g‘ri, ular ichida vijdonini yo‘qotmagan halol tadbirkorlar ham yo‘q emas.

Qolaversa, bori ham kamchilikni tashkil etishi masalaning naqadar jiddiy ekanligini ko‘rsatadi. «Agentlik standartini mensimaydigan bunday tadbirkorlar ertami-kechmi albatta qonun oldida javob berishi aniq. Ammo birovning haqini yeyish, taroziga xiyonat qilish eng og‘ir gunoh sanalishini bunday kimsalar bilarmikin?», — deya ta’kidlaydi muallif.

Samarqand shahridagi Shohizinda jome masjidi imom noibi Samariddin Mirzayev ham shu mavzuda jurnalistga intervyu bergan. Imomning aytishicha, bu haqda Qur’oni karimda aniq oyatlar kelgan: «Vayl (voy) bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olurlar. Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar. Ana shular qayta tirilishlarini o‘ylamaydilarmi?». Tarozidan urguvchi kishining ishi, kasbi va tijoratida baraka bo‘lmaydi, turmushi notinch bo‘ladi. Bundaylar o‘z oilasi, hatto qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yning ham barakasiga zarar yetkazishi haqida hadislar bor.

Jurnalist Islomjon Qo‘chqorov ushbu masalani Ishtixon dehqon bozorida ham o‘rgangan. Aytishicha, bozordagi M. ismli nonchi ayoldan ikki dona buxanka xarid qilib, o‘zining guvohligida tarozida o‘lchab ko‘rilganda, biri 365, ikkinchisi esa 382 gramm tosh bosadi. Narxi — 750 so‘m. Mahsulotning na narxi, na sifati talab darajasida emasligi haqidagi savolga sotuvchi «yelka qisishdan nariga o‘tmagan...».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring