Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuror saylovlardagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma’lumot berdi

Bosh prokuror saylovlardagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma’lumot berdi

Foto: Xalqaro matbuot markazi

Bugun, 23 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev saylovlar jarayonida kuzatilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prokuratura organlariga saylovi kuni — 22 dekabrda fuqarolarimiz, xususan saylovchilar hamda nomzodlardan jami  44ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlar Andijon, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan, Namangan viloyatida 2 ta, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida 4 tadan, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida 5 tadan, Samarqand viloyati va Toshkent shahrida 9 tadan to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarning 1 tasida parlament Qonunchilik palatasi, 43 tasida mahalliy Kengashlarga o‘tkazilayotgan saylovlarga  bog‘liq  masalalar bayon etilgan.

Shikoyatlarning 16 tasi yoki 36 foizi saylov kampaniyasi davomida fuqarolarga saylovga taklifnomalar va ovoz berish uchun byulletenlar berilmagani bilan bog‘liq. Bunday murojaatlar tezkor o‘rganib chiqilgan.

O‘zLiDeP a’zosi Bobur Holmatovning murojaatini tekshirish davomida Uchtepa tumani hokimligining tashkiliy kadrlar guruhi rahbari Sherzod Nigmatov Ekologiya partiyasi ichki ishlari va saylov jarayoniga noqonuniy aralashganligi aniqlangan.

Sherzod Nigmatov va partiyaning tuman Kengashi raisi Mahkamov O‘zLiDeP a’zosi Bobur Holmatov, «Adolat» partiyasi a’zosi Hulkar Yunusova hamda 2017 yildan beri AQShda yashab kelayotgan fuqaro Sanobar Azimovaning nomzodlarini ularning roziligisiz va xabarisiz Ekologiya partiyasidan xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatib, saylov hujjatlariga soxta ma’lumotlar kiritgan.

Yana bir holat: 22 dekabr kuni soat 22:00 larda «Telegram»da Sergeli tumanidagi 17-sonli uchastka saylov komissiyasida to‘qqiz dona saylov byulleteni bir kishi tomonidan imzolanib, soxtalashtirilganligi haqida video tarqaldi.

Bosh prokurorning ta’kidlashicha, o‘rganish jarayonida tumandagi 426-sonli saylov uchastkasida ovozlarni sanoqdan o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga nomzodlarning ishonchli vakillari va kuzatuvchilari qo‘yilmay, jarayon alohida xonada amalga oshirilganligi oydinlashdi.

Mazkur holatlar yuzasidan 23 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 146-moddasi (saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlariga kirishildi.

«Fursatdan foydalanib, qonunbuzilishi holatlarining  oldini olish, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish, shu bilan birga, saylovlarni takomillashtirish bo‘yicha sog‘lom, xolis va pragmatik fikr-mulohazalarni bildirgan fuqarolarimiz, jurnalistlar va blogerlarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz», deya alohida ta’kidladi Bosh prokuror.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring