Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Brilliantlar haqida nima bilamiz? Qimmatbaho toshlar bo‘yicha xalqaro ekspert bilan suhbat

Brilliantlar haqida nima bilamiz? Qimmatbaho toshlar bo‘yicha xalqaro ekspert bilan suhbat

Foto: «kommersant.ru»

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali yangi loyihani amalga oshiradi. U orqali respublikamizning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamyurtlarimiz bilan intervyular berib borilishi rejalashtirilgan. Ilk suhbatdoshimiz geolog va yurtimizdagi brilliant toshlar bo‘yicha yagona bo‘lgan xalqaro ekspert Bahodir Majidov. Qahramonimiz Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirda u qimmatbaho toshlar ekspertizasida faoliyat ko‘rsatib keladi.

Foto: «Xabar.uz»

Sizning geologiya sohasiga qiziqishingiz va ushbu mutaxassislikni tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?

Bolaligimdan geologiya sohasiga qiziqaman. Shu boisdan
2011 – 2015 yillarda Toshkent davlat texnika universitetining Geologiya va konchilik ishi fakultetida tahsil oldim. O‘qishni tamomlab, bir muddat mutaxassisligim bo‘yicha turli idoralarda xizmat qildim.

Ammo, qimmatbaho toshlarga qiziqishim ushbu soha bo‘yicha tajribalarimni oshirish zarurligini ko‘rsatdi. Shu maqsadda, 2019 yil «Gemology Institute of America» xalqaro institutini «Diamond Essential» yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli nihoyalab, sertifikat oldim. Bugungi kunda brilliantlar, qimmatbaho metallar va ulardan yasalgan zargarlik buyumlari ekspertizasida faoliyat ko‘rsatib kelyapman.

Sohangizni bugungi rivojlanayotgan O‘zbekiston uchun qay darajada muhim deb hisoblaysiz?

Geologiya va qimmatbaho metallar dunyo iqtisodiyotining yirik tarmoqlaridan biri. Ammo, ochig‘i hozirgi kunda mamlakatimizda mazkur soha mutaxassislari nihoyatda kam. Jahon tajribasidan kelib chiqib aytishim mumkinki, sohamiz O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta daromad keltira oladi. Shu nuqtai nazardan, islohotlar olib borilayotgan bugungi O‘zbekiston uchun geologiya va qimmatbaho toshlar sohasini har tomonlama rivojlantirish zarur deb o‘ylayman.

Suhbatimizni brilliantlar mavzusida davom ettirsak. Brilliantlar asli nimadan tarkib topgan?

Brilliant cohamiz tili bilan aytganda qirralangan olmos deyiladi. Odatda brilliantning 99.95 % ugleroddan tarkib topgan. Uning kimyoviy eng yaqin qarindoshi ko‘mir. Olmos yuqori bosim va harorat hisobiga o‘ziga xos go‘zallik, shaffoflik va yog‘duga ega bo‘ladi. Bugungi kunda brilliantlar uchun qirralashga yaroqli olmoslar tabiatda nihoyatda kam. Odatda olmos o‘zining chidamliligi bilan emas, aynan qattiqligi bilan mashhur. Olmosni faqat olmos bilan tirnash mumkin.

Shuningdek, hozirda zargarlik sifatiga ega toshlar bir nechta yirik korporatsiya nazorati ostida dunyoga tarqaladi. Bu yopiq bozor, toshlar qiymati barqaror, shuning uchun olmos birjalari aksariyat savdogarlari ularni valyutaning eng ishonchli ekvivalenti deb hisoblaydi, ayniqsa, ularning ixchamligi qadrlanadi.

Brilliantlar bir-biridan qanday omillarga ko‘ra farqlanadi?

Brilliantlar chiroyi va sifati to‘rtta omil: rang, sofligi, qirralanishi va karatiga qarab tasniflanadi. Bu xalqaro tizim, ya’ni 4C deb ataladi. Brilliantlarning 3 turi mavjud: tabiiy, sun’iy va simulyant.

Hozirgi kunda rangsizligi uchun qadrlanadigan brilliantlar bozorda ko‘p. Asosan brilliantlar sariq, jigarrang, moviy, yashil, pushti, qizil va rangsiz bo‘ladi. Rangli brilliantlardan eng ko‘p uchraydigani – sariq va jigarrang. Undan keyin pushti, yashil va moviy toshlar keladi. Qizil brilliant juda noyob hisoblanadi.

Muhim ma’lumot sifatida aytib o‘tmoqchiman, bozorlarda uchrab turuvchi qora rangli brilliantlar marketing hiylasi. Ya’ni, bunday rangdagi yuqori sifatli tosh aslida mavjud emas.

Mutaxassis sifatida brilliantning narx va sifat nisbati bo‘yicha qanday tanlashni tavsiya berasiz?

Bir qatorda turgan turli rangdagi bir nechta tosh o‘rtasidagi farqni faqat mutaxassis payqay oladi. Nozik farqlarning aksariyatini faqat lupa va mikroskop yordamida ko‘rish mumkin. Shuning uchun dastlab o‘lcham va rangni aniqlab olish, shundan so‘ng sofligini tekshirib ko‘rish muhim. Masalan, o‘lchami va sofligiga ishonib, ranglar shkalasi oxiridan yorqin sariq toshni tanlab, tejamkorlik qilish mumkin.

Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

Ayni kunlarda xorijlik hamkorlar bilan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan brilliant va boshqa qimmatbaho toshlar savdo majmuasi hamda xalqaro ekspertiza markazini tashkil etish ishlarini olib boryapman. Shu bilan birga kelgusida sohamiz bo‘yicha yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadim ham bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring