Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bu O‘zbekistondagi barcha onalarga qo‘yilgan yodgorlik» – Shavkat Mirziyoyev

«Bu O‘zbekistondagi barcha onalarga qo‘yilgan yodgorlik» – Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari 9-may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati poytaxtimizda barpo etilgan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida g‘alabani ta’minlashga ulkan hissa qo‘shgan. Lekin bu jasoratni bor ko‘lami bilan ko‘rsatib beradigan yaxlit majmua yo‘q edi. O‘tgan yili Prezidentimiz ulkan bog‘ barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish tashabbusini ilgari surgan edi.

Shundan so‘ng, ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida badiiy-me’moriy konsepsiya ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

G‘alaba bog‘i har biri alohida mavzuga ega bo‘lgan ikki qismdan iborat. Birinchisida o‘zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi respublikamiz hayoti aks etgan.

Prezidentimiz dastlab «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu yodgorlik qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda bo‘lgan voqea – mo‘’tabar ona va uning oilasi to‘g‘risidagi haqiqat asos qilib olingan.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan. Uning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qolgan. Kelinlari ham Zulfiya ayadan o‘rnak olib, o‘z oilasiga sodiq qolgan, boshqa turmush qurmagan.

O‘tgan yilgi Xotira va qadrlash kunida davlatimiz rahbari Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatish hamda unga «Matonat madhiyasi» deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusni jamoatchiligimiz qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Shu mavzuda maqolalar, she’rlar va badiiy film yaratildi.

– Bu O‘zbekistondagi barcha onalarga qo‘yilgan haykal, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlug‘ ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida bo‘lgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring