Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu soha go‘yoki egasiz qolgandek!

Bu soha go‘yoki egasiz qolgandek!

Foto: «Xabar.uz»

Jurnalistlik butun dunyoda eng xavfli va hatto sog‘liq uchun zararli, shuningdek, xalq dardiga daxldor sharafli kasblardan hisoblanadi. Har yili jahonda haq so‘zi yoki qonli fojealarning ildizlarini fosh etgani uchun ko‘plab jurnalistlar qurbon bo‘ladilar. O‘zimizda ham qaysidir zo‘ravonning «palagini» bosib qo‘yib, ta’qibga uchragan hamkasblarimiz kam emas. Xullas, jurnalistlik hurmatga loyiq kasb. Chunki jurnalistni qalami, ko‘z nuri va oyog‘i boqadi. U faqat oylik bilan tirikchilik qiladi, demakki, halol yashashga mahkum.

Keyingi paytlarda elektron ommaviy axborot vositalarida (to‘g‘rirog‘i, ayrim saytlarda) «majburiy obuna» haqida tinimsiz «ayyuhannos» solinmoqda. Bir faktni qayta-qayta keltirishdan ham uyalmayaptilar. Oqibat shu bo‘ldiki, mavsum bahona biron-bir tashkilot yoki korxonaga borib, o‘z nashringizga obuna bo‘lishni taklif etsangiz, «Qo‘ying aka! Internetni o‘qimadingizmi? Majburiy obuna qilgani uchun falon «Rayono»ning mudiri, falon idoraning boshlig‘i ishdan ketibdi», deyishgacha borib yetishmoqda. «Hoy, musulmon, biron nashrga obuna bo‘lishni taklif qilish – bu majburiy obuna degani emas-ku», desangiz, hurmatli «saytchi»larning gaplarini ro‘kach qilishadi. Bu, bizningcha, noto‘g‘ri!

Gazeta va jurnallarni targ‘ib qilish ham mumkin bo‘lmasa, xo‘sh, unda ular dardini kimga aytsin?! Aslida-ku «salla desa, kallani oluvchilar» ahvolni shu darajaga keltirdilar. Avvalo jamiyatimiz, xalqimiz bu «vasvasa»larga tayyor emas edi. «Saytchi»lar aytgan o‘sha «majburiy obuna» tufayli (aslida bu to‘g‘ri emas, inkor etmaymiz) chekka-chekkalardagi o‘quv yurtlari, mahallalargacha asosiy nashrlar yetib borardi (chunki obuna narxlari qimmat bo‘lgani uchun hech kim yakka tartibda obuna bo‘lmay qo‘ygan). Odamlar idoralardagi, kutubxonalardagi «podshivka»lardan, zarur bo‘lganda, foydalanib turardilar. Endi «saytchi»lar shunga ham «barham bermoqdalar». Ular hatto «bosma nashrlarning davri o‘tdi, keragi yo‘q», deyishgacha borishmoqda. Tavba-tavba, eng rivojlangan davlatlardagi millionlab nusxalarda chiqadigan gazetalarni unutishgan chog‘i bu «kosmopolitlar»! Bundan ko‘ra, borib guruchning kurmagini terishsa bo‘lmasmikin! Chunki bu «o‘tar gap»siz ham yurtimizda muammolar tiqilib yotibdi: ba’zi joylarda mudom majburiy mehnat, elektr energiyasini cheklovlar davom etmoqda, ko‘mir qimmat, gaz yo‘q, poraxo‘rlik va hokazo... Yo‘q, ularga tarsaki urishsa ham «javob» qaytmaydigan mavzu – ob’yekt kerak. Boshni og‘ritib o‘tirisharmidi!

Endi muddaoga ko‘chaylik: «majburiy obuna» deganda, asosan, shu paytgacha rasmiy nashrlarga (davlat gazetalari ham deyishadi) yondashuvni tushunib kelganmiz. Hokimliklarda har yili «majburiy obuna» qilinadigan gazeta va jurnallar ro‘yxati shakllantirilishi ham rost. Lekin bu ro‘yxatlarga partiyalar, tarmoq gazetalari, xususiy nashrlar mutlaqo yaqin yo‘latilmagan.

Aslida «davlat gazetalari» ham mustaqillikning boshidan shu paytgacha budjetdan bir tiyin olmay, milliy siyosatga, ya’ni hukumatga xolis xizmat qilib, yashab kelmoqda. Ularning «osh-non» yuki, mana, yigirma yetti yildirki, xalq yelkasida. Xo‘sh, «saytchi» birodarlar bunga nima deydilar?! Avvalo ushbu muammoning yechimini topish, «jurnalistlar birdamligiga» tayanib, ular uchun ijtimoiy himoyalangan chinakam demokratik muhitni yaratish zarur emasmi?! Chunki ko‘plab xususiy nashrlar (rivojlanib ketgan bir-ikkitasidan tashqari) 1000-3000 adad bilan zo‘rg‘a ro‘zg‘or tebratmoqdalar. (Mustaqillikning dastlabki yillarida qancha-qancha jurnalistlar ishsiz qolganini unutmaylik! Hozir esa viloyat va tumanlardagi nashrlar jurnalist kadrlarga muhtoj. Chunki u yerlarda ishlovchilarning oylik maoshlari juda oz miqdorda.) Endi shuni ham ko‘p ko‘ring, hurmatli «demokrat hamkasblar»! Axir alohida sohalar xodimlarining ish haqlari muhtaram Yurtboshimiz tomonidan necha barobar oshirildi. Illo shunday bo‘lishi ham kerak, biz ularga havas qilamiz xolos!

Xo‘sh, muammoning yechimi qayerda?! Bizningcha, avvalo mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha nashrlar uchun sog‘lom ijodiy muhit, o‘zlarini targ‘ib-tashviq qilishlariga keng sharoit yaratilishi kerak. Rasmiy nashrlar davlat budjetidan ta’minlanib, obuna narxlari arzonlashtirilishi lozim. Shunda yakka tartibdagi obunachilar ko‘payib, gazetalar xonadonlarga ham yetib boradi.

Bu tajribani partiyalar nashrlari ham o‘ylab ko‘rsalar bo‘ladi.

Xususiy yoki jamoat tashkiloti shaklidagi, ayniqsa, ma’rifat ulashuvchi nashrlar ham davlat himoyasiga olinishi kerak. Ko‘pchilik bilan maslahatlashib, buning mexanizmini ishlab chiqsa bo‘ladi. Balki biron fond, unda nufuzli komissiya tuzilib, yil oxirida nochor qolgan jiddiy nashrlarga yordamlar uyushtirish mumkindir. Yoki faqat xususiy, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy nashrlarga obuna qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot tuzilar. Albatta, bularning bari vaqtincha, hozirgi «obunaviy krizis»dan o‘tib olish uchun. Sharoit, muhit yaratilib, nashrlar zamonga moslashib olgach, hammasi o‘z o‘zaniga tushadi, inshaolloh!

Bugun, rost gap, jurnalistlar, gazeta va jurnallar yordamga muhtoj! Barcha tahririyatlar nima qilishlarini, ertaga qanday ahvolga tushishlarini bilmay, nochor qolishgan. Go‘yo sohaning egasi yo‘qdek. Mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar, islohotlar bu muammoning ham yechimi topilishiga umid uyg‘otadi.

«Saytchi» birodarlar! Sal nafas rostlab turing, endi!

Nabi Jaloliddin,
35 yillik ish stajiga ega jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring