Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yerto‘lada yashayotgan oilaga senatorlar yordamga kelishdi

Yerto‘lada yashayotgan oilaga senatorlar yordamga kelishdi

Poytaxtimizdagi ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida yashab kelayotgan oila haqida videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama sabab bo‘ldi.

Unga ko‘ra, ko‘chada qolgan ona yordamga muhtoj bo‘lib, Sergeli tumanidagi «Yangi Choshtepa» mahallasidagi uylardan birining yerto‘lasida uch oylik chaqalog‘i va onasi bilan birga yashab kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov mazkur masalani joyiga chiqib o‘rganishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1996-yil Toshkentda tug‘ilgan fuqaro A.Inog‘omova poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida doimiy ro‘yxatda turadi. Biroq uyi yo‘qligi sababli onasi U.Inog‘omova bilan opasi N.Po‘latovaning Sergeli tumanidagi «Yangi Choshtepa» mahallasidagi uyda istiqomat qilgan. Bir xonali uyda yashab turgan paytda yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik sabab opasi ularni uyidan haydaydi. Oqibatda u uch oylik farzandi va onasi bilan yerto‘lada yashashga majbur bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, A.Inog‘omova Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligiga va boshqa bir qator tegishli idoralarga murojaat qilgan. Ammo hech qanday natija chiqmagan.

Oliy Majlis Senati a’zolari ushbu masala yuzasidan MFY raisi, mahalla faollari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar bilan suhbatlashdi hamda ularga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

A.Inog‘omovaning muammosi qonuniy ko‘rib chiqilishi uchun ma’lum muddat talab etilishi tabiiy. Shu bois, unga hozirda vaqtinchalik yashab turishi uchun mazkur hududdagi xonadonlardan birida sharoit yaratildi va ijara haqi to‘lab berildi.

Mazkur masala senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal etilishi aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring