Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Firibgarlar dehqonga kimyoviy ozuqani qanday yetkazyapti?

Firibgarlar dehqonga kimyoviy ozuqani qanday yetkazyapti?

Foto: Google.com

Bir tumanning (nomini aytmayman) telegramdagi fermerlar guruhiga qo‘shishgandi. Maqsad — qishloq xo‘jaligidagi ilmiy yangiliklarni yetkazib turish, maslahatlar berish va hokazo.

Bir-ikki ishlab chiqaruvchilarning (ham mahalliy, ham xorijiy) kimyoviy o‘g‘itlari reklamalarini ko‘rib, fikrimni aytdim. O‘g‘itlar tarkibidagi azot (N), fosfor (P), kaliy (K) va mikroelementlarning miqdori keltirilgan. Men xuddi o‘sha tarkibdagi suspenziya (aksariyati suspenziya) yoki o‘g‘itlarni o‘zimizning sharoitda mineral o‘g‘itlardan tayyorlash mumkinligi, bunda reklama qilinayotgan o‘g‘itdan juda arzonga tushishini tushuntirdim. Masalan, suspenziya tarkibidagi umumiy azot miqdori foizda (%) berilgan. Buni, bizda keng qo‘llaniladigan oddiy karbamid tarkibidagi azot, fosfor ammofos, kaliy esa kaliy xlorid hisobiga shakllantirish mumkinligini hisoblab berdim. NPK’ni faqat karbamid, ammofos yoki kaliy xlorid hisobiga shakllantirish shartmas. Qancha-qancha mineral o‘g‘itlar bor, shulardan kelib chiqib hisoblansa bo‘ldi. U yog‘i, oddiy kimyoviy masala, proporsiyalar bilan ishlanadigan.

Mikroelementlarni esa bir qancha ximreaktivlar bilan shug‘ullanayotgan mahalliy firmalardan sotib olish mumkin. Qimmatga tushmaydi, mikroelementlar kam miqdorda qo‘llaniladi.

Bu, aslida agronomning ishi. Tajribali va bilimli agronom ekinga nima kerakligini, yetishmayotgan ozuqaviy elementlarni qaysi moddalar hisobiga qoplash mumkinligini bilishi kerak. Buni maxsus o‘rgatuvchi fan ham bor – agroximiya. Saviyaning tushib ketishi, aslida tarkibi arzon agroximikatlarni qimmat sotib olishlarini tushundim.

Fikrimcha, qimmat bo‘lishi chetdan kirib kelayotgan kimyoviy o‘g‘itlar bilan bog‘liq. Har holda, ular uzoq yo‘l bosib keladi, ming chig‘iriqdan (xarajatdan) o‘tib o‘zimizning bozorga kirib keladi. Xo‘p, ularni tushunsa bo‘lar, lekin o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarchi? Ular mahsulotini ishlab chiqarib, deylik, Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonga olib borib, keyin kiritmagandir bozorga.

Xullas, shu maslahat va fikrlarni o‘sha telegram kanaldagilarga ulashdim. Ammo gapim kimyoviy o‘g‘itlar savdosi bilan shug‘ullanadiganlarga yoqmadi shekilli, guruhdan chiqarib yuborishdi. Fermerlardan esa ko‘plab savollar shaxsiy sahifamga kela boshladi.

Yana bir narsa. Dehqon o‘g‘it yoki stimulyatorlar (bioo‘g‘it yoki biostimulyator) mohiyatini tushunmay, bilib-bilmay qo‘llamoqda. O‘g‘it bu o‘simlikning asosiy ozuqasi – NPK, stimulyator esa o‘sha ozuqani o‘simlikka singishi yoki o‘zlashishini kuchaytirib beruvchi moddalar (o‘simlik gormonlari, biologik faol moddalar). O‘z-o‘zidan ravshanki, stimulyator o‘simlikka ozuqa bo‘la olmaydi. O‘simlikka ozuqa berilmasdan stimulyatorlar qo‘llaniladi. O‘simlik nimani o‘zlashtiradi, tushunarsiz.

Agroximikatlar, shu jumladan, stimulyatorlar xususiyatlari, qachon qo‘llanishi va me’yorlari aniq ishlab chiqilmagan, har kim bilganicha ishlataveradi.

Shaxsiy fikrim, haligacha qishloq xo‘jaligida o‘g‘itlar isrofi yuqori, shundan mahsulot tannarhi yuqori, rentabelligi past. Aslida Niderlandiyada bo‘lgani kabi 100 mlrd atrofida daromad keltiradigan muqobil yo‘llar bor. Lekin haligacha yangiliklarni qabul qilolmayapmiz.

Endi yuqoridagi asosiy masalaga qaytaman. O‘g‘itlarni suspenziya qilib, qadoqlab taklif etayotganlar narxlarni bir ko‘rib qo‘ysa yaxshi bo‘lardi. Har holda, bir-ikki kishi bo‘lsa ham tushunadi, narx «o‘qlanganini» sezib qoladi.

Baxtiyor RASULOV,
O‘zR FA genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, mikroorganizmlar biotexnologiyasi mudiri, biologiya fanlari doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring