Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Haj» va «Umra» ziyoratini tashkil etish bo‘yicha yangi tartib joriy qilinishi mumkin

«Haj» va «Umra» ziyoratini tashkil etish bo‘yicha yangi tartib joriy qilinishi mumkin

Foto: «Xushnudbek.uz»

O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratini tashkil etish faqat O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishini ko‘zda tutuvchi tartib joriy qilinishi mumkin. Bu haqda bloger Xushnud Xudoyberdiyev xabar berdi.

Xushnud Xudoyberdiyevning yozishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi «Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 364-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.

Mazkur qaror loyihasiga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faqat O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi hamda O‘zbekistonda boshqa tashkilotlarning Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Qarorning amaldagi tahririda O‘zbekiston Musulmonlari idorasidan boshqa tashkilotlarning Haj va Umra tadbirlarini tashkil etishiga rasmiy taqiq belgilanmagan.

«Kun.uz»ning yozishicha, ushbu loyiha bilan batafsil tanishish maqsadida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidan amalga oshirgan qidiruvlar natija bermagan. «Loyiha ushbu platformaga joylanmay, «yopiq eshiklar ortida» qabul qilinib ketishi ehtimoli mavjud», — deyiladi nashr xabarida.

Jamoatchilik muhokamasiga e’lon qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonuni loyihasining 15-moddasida (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning diniy sohadagi vakolatlari) qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi ziyorat joylariga borishini, shu jumladan, Haj va Umra ibodatini amalga oshirishni tashkil qiladi, degan qoida aks etgan. Amaldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda qo‘mitaga bunday vakolat berilmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring