Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hissiyotlarni chetga suring: o‘zbek tiliga amaliy yordam kerak!

Hissiyotlarni chetga suring: o‘zbek tiliga amaliy yordam kerak!

Foto:«Xabar.uz»

Til millatning muhim ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy tarixiy, psixologik poydevoridir. Bir guruh o‘zbekistonlik «ziyolilar»ning rus tiliga rasmiy maqom berish to‘g‘risidagi takliflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ana shu poydevorga urilgan zarba deb baholash kerak. Bu kabi chiqishlar sekin-asta yurtdoshlarimiz yuragiga, keyin ular o‘rtasiga g‘ulg‘ula solishi, kelajakda esa, xalqni qoq ikkiga bo‘lib tashlashi mumkinligini hisobga olib, bu taklifga keskin «Yo‘q!» degan javobni berish kerak.

1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi millatimizning qaytadan oyoqqa turishiga teng tarixiy, siyosiy, ma’naviy va psixologik hodisa edi. Mustaqillikning asos shartlaridan biri ham, shubhasiz, til mustaqilligidir. Mazkur tarixiy qadam bilan biz o‘z ona tilimizni sekin-asta yo‘qolib ketish xavfidan saqlab qoldik. Demak, yuz yillar mobaynida erishilgan yutuqni tanglayi o‘zga tilda ko‘tarilgan bir hovuch ziyolining taklifi bilan barbod qilish millat tarixida kechirib bo‘lmas xato va dog‘ bo‘lib qolishini hisobga olib taklifga yana bir «Yo‘q!» deb javob berish kerak.

Til bilish — yaxshi. Til bilish bu — uyg‘onish. Hatto Renessans davrida ham odamlarning kamida ikki-uch tilni bilishi odatiy hol sanalgan. Ulug‘larimiz bir tilni bilgan bir odam, ikki tilni bilgan ikki odam, deya o‘git berib kelganlar. Behbudiy to‘rt tilni bilishni targ‘ib qiladi. Lekin o‘zga tilni bilish o‘z ona tilingni unutish hisobiga bo‘lmasligi lozim. 

Shu ma’noda bugun hamma Navoiy bo‘lishi shart! Albatta, gap uning dahosiga tenglashish haqida emas, balki turkiy tilga — ona tilimizga munosabat borasida uning safidan joy olishimiz haqida bormoqda. Bugun har bir o‘zbek ongli ravishda borib, Navoiyning yoniga turmasa, uning pozitsiyasidan turib tilimizga yondashmasa, o‘zligimizga, milliy davlatchiligimizga putur yetishi mumkin. Tilni, demakki, o‘zlikni saqlashning bugungi yo‘li bitta — Navoiy bo‘lmoq!

Kimniki tili qaysi tilda chiqsa, u o‘sha millatga mansub bo‘ladi. Tanining oq yo qora bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Uning kimligini til hal qiladi. Chunki til orqali millatning ruhi kirib boradi. Sen o‘z ona tilingni bilasanmi, demak, xalqingni bilasan. Ammo bugun zamonlar o‘zgardi. Internet globallashuvga xizmat qilmoqda. Demak, ona tilimizning qo‘llanilishini zamonaning talablariga hamqadam olib borishimiz, chunonchi, o‘zbek tilida internetdan to‘liq foydalanish imkonlarini (bu soha bilan bog‘liq barcha dasturlarni), ayni paytda, dunyoning jamiki faol tillaridan o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidan esa ana o‘sha faol tillarga tarjima qiladigan elektron tizimlarni, lug‘atlarni imkon qadar tezlik bilan yaratishimiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, hamma sohalardagi ahamiyatga molik asarlarni o‘zbekcha tarjimalariga ega bo‘lishimiz shart. Yo‘qsa, yoshlarimiz ongi va qalbini boy berib qo‘yishimiz hech gapmas. Chunki yoshlar hayotga real qaraydi. Ularni quruq va’dalar bilan «olib o‘tirib» bo‘lmaydi. Ularga hayotlari davomida asqotadigan real takliflar berish kerak. Chunonchi, «bolam, millatingni hurmat qilsang, ona tilingda gapir, xalqingning sog‘lom urf odatlarini, o‘tmishini unutma!» desangizu bu yoqda o‘zbek tilida gapirish, yozish kelajak bilan chambarchas bog‘lanib ketmaganligi ma’lum bo‘lib tursa, hamma nasihatlar suvga oqadi-ketadi.

Ayniqsa, rus, ingliz yoki xitoy tilini o‘rganish, gapirish va yozish unga real moddiy-ma’naviy foydalar olib kelib tursa, bugungi o‘g‘il-qizlarimizning katta bir qismi uchun o‘z ona tilimiz haqidagi gaplarimiz hayotdan uzilgan ertaklardek eshitilishi turgan gap. Bas, shunday ekan, tilimizning, avvalo, o‘z yurtimizdagi mavqeini oshirish uchun qat’iy va aniq chora tadbirlar olishimiz shart. Buning uchun, birinchidan, O‘zbekistonda tug‘ilib yashayotgan har qanday vatandosh, millatidan qat’i nazar, davlat tili bo‘lmish o‘zbek tilini bilishi majbur deya, bosh Qomusimizda qat’iy qilib belgilab qo‘yilsin;

Ikkinchidan, yurtimizda faoliyat olib borayotgan hamma tashkilotlar davlat tili bo‘lmish o‘zbek tilida ish yuritsin;

Uchinchidan, ishga kirayotgan har qanday xodim o‘zbek tilida savodli gapirish va yozish malakasi bo‘yicha sinov topshirsin. (Buning ham darajalari bo‘lsin, albatta. Chunki o‘zga millat vakilidan birdaniga til bilimining yuksak darajasini talab qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi).

Aytilganlardan xulosa qilib aytish joizki, davlat tilimiz bo‘lmish o‘zbek tiliga to‘g‘ri va adolatli munosabatni shakllantirish uchun unga har tomonlama e’tiborni kuchaytirishimiz, uni, avvalo, zamonaviy ilm-fan tiliga aylantirishimiz  kerak bo‘ladiki, shundagina o‘zgalar ham tilimizni hurmat qilib tan olishadi va o‘rganishadi. Zero, til bu o‘zligimizdir. Tildan mahrum bo‘lish o‘zlikdan, o‘zlikdan mahrum bo‘lish esa, oru nomusdan mahrum bo‘lishdir.

Ijtimoiy tarmoqdagi otashin gaplar, chaqiriqlarning bo‘lishi yaxshi. Bu millatning uyg‘oqligini bildiradi. Ammo tilimizning mavqeini ko‘tarish uchun amaliy harakatga ham o‘taylik. Zero, bizdan boshqalar bu tilning kelajagi uchun qayg‘urmaydi. Demak hissiyotlarni chetga surib, tilimiz uchun foydali loyihalarni boshlang: o‘zbek tiliga amaliy yordam kerak!

Ulug‘bek Hamdam

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring