Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokimlar ustidan Bosh vazirga parlament so‘rovi yuborildi

Hokimlar ustidan Bosh vazirga parlament so‘rovi yuborildi

Illyustrativ foto

Yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan Hokimlar tomonidan qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hokimlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiq qarorlar qabul qilinishi holati o‘rganildi. Tahlillarga ko‘ra, birgina 2019-yilning o‘zida hokimlarning 3400 dan ortiq qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.

Ma’muriy sudlar tomonidan bu borada 2019-yilda jami 2 992 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 1 255 tasi (42%) qanoatlantirilgan. 2020 yilning yanvar-fevral oylarida esa 552 ta ish ko‘rilgan va ularning 248 tasi yoki 45 foizi qanoatlantirilgan.

Keltirilgan raqamlar shuni ko‘rsatib turibdiki, murojaatlar soni 10 foizga, ularni qanoatlantirish esa, ya’ni hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish 3 foizga ko‘payib, bunday murojaatlarni qariyb 50 foizi qanoatlantirilgan.

Bu borada fuqarolar norozi bo‘lib murojaat qilish soni va hokimlarning qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilishi holatlari ko‘payib borgan.

Tuman, shahar hokimlari vakolatga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda bino-inshootlarni balansga olish to‘g‘risida, yer uchastkasini ajratish vakolati ularga berilmagan normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda ajratilayotgan yer maydonini to‘laqonli o‘rganilishini ta’minlamasdan yer ajratish yuzasidan qarorlar qabul qilgan.

Shuningdek, qonun hujjatlariga ko‘ra yer uchastkalari qonunga zid ravishda olib qo‘yilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik masalalari qat’iy belgilanmagan, eng muhimi, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan o‘z vaqtida munosib e’tibor berilmagan.

Mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning olti oylik muddatiga rioya qilmaslik, mulkchilik ob’yekti uchun kompensatsiya mablag‘larini to‘lamay yoki qiymati bo‘yicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan.

Mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga ko‘p holatda qo‘pol munosabatda bo‘lishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur yetkazuvchi omil bo‘lmoqda.

Shunga asosan, mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring