Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

«Insdan bo‘lsang chiq! Jinsdan bo‘lsang chiq! Chiq-ye!» (feleton)

«Insdan bo‘lsang chiq! Jinsdan bo‘lsang chiq! Chiq-ye!» (feleton)

Sadriddin Salomovga «duo ketganmi» deysiz: qachon qaramang, ishlari chappa! Ayniqsa, sudlarda! Muammosi o‘ta murakkab bo‘lsa, koshki: birovdan mol so‘rayotgani yo‘q, non so‘rayotgani yo‘q. Bor-yo‘q tashvishi — ikki nafar voyaga yetmagan farzandini o‘z qaramog‘i va tarbiyasiga olish, xolos. Avvaliga amaliy yordam so‘rab, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Vasiylik va homiylik organiga murojaat qildi. Rafiqasining fojiali vafoti, so‘ng quda tomon bilan o‘zaro munosabatdagi muammolar boshqa chora qoldirmagandi-da.

Xullas, S.Salomovning murojaati sabab, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha ushbu tuman idoralararo komissiyasi  yig‘ilish o‘tkazdi (2017-yil, 8-noyabr), unda arizago‘y ham shaxsan qatnashdi, pirovardida, qaror qilindiki: «...tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri voyaga yetmagan bolalarni o‘z otasi qaramog‘iga topshirish choralarini ko‘rsin!» 

Qanday yaxshi! Muammoga nuqta qo‘yildi, dersiz? Yo‘q, bu qaror muammoga nuqta emas, no‘xta qo‘ydi!  

Gap shundaki, komissiya  qarorini qo‘lga olgan S.Salomov hayratdan «baqa bo‘p» qolayozdi! Qarorga (alohida band tariqasida) yig‘ilishda aytilmagan-ko‘tarilmagan masala-yu unga asosan chora tirkalibdi: bolalarning otasiga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solinsin!  Nega? «Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun» (MJtK, 47-modda)! Ajab, komissiya bolalarni otaga olib berish kerak, deydi, shu barobarida... go‘yoki mas’uliyatsizligi uchun chorayam qo‘llaydi?! Rost, komissiyada shunday vakolat bor. Biroq bu vakolat orqavorotdan, otaga bildirmay, uni so‘roq-savolga tutib, izoh talab qilmay, he yo‘q-be yo‘q chora qo‘llashga izn bermaydi, axir?!

Kutilmagan «syurpriz»dan fig‘oni chiqqan S.Salomov jiddu jahd qildiki, sudga berib, «...Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatmasammi?!».

Alqissa, Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudi ostonasiga bosh urdi: komissiya qarorining jarima qo‘llash haqidagi bandini bekor qiling, yig‘ilishda bunaqa gap bo‘lmagan, axir?!

Sudga qatnayverib, o‘zgalar emas, S.Salomovning o‘zi «Uchqo‘rg‘on»ga qo‘shib, «Jarqo‘rg‘on»niyam ko‘rvordi. Axir, shugina arzi uchun to‘qqiz oy (!) sudga chopdi-yey... To‘qqiz oy? Ha-da! Hatto jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ham o‘ta og‘ir qilmishlar buncha vaqt ko‘rilmas?! Ma’muriy sudlarda  ko‘riladigan «ish»lar-ku, o‘ta ixcham, bitta, nari borsa, ikki yoki uchta sud majlisida uzil-kesil to‘xtamga kelish mumkin! Biroq, sudya B.Haydarov shugina ma’muriy ishni «bosib» o‘tirdi-o‘tirdi va...  roppa-rosa  to‘rt yarim oy deganda «...ariza ma’muriy sudga tegishli emas», deya «delo»ni yopvordi! Bundan na shikoyatchi, na advokat  bexabar bo‘lsa-da, ajrimda go‘yoki ular sud majlisida ishtirok etganini qo‘rqmay-netmay yozib qo‘ygani-chi?! Shundan keyin ham ajrim haqida og‘iz ochsa, qani?!

Sudga qatnayverib, turli bahonalarini eshitaverib, boz sudyani ko‘raverib, tomonlar tanish bo‘lib ketdi. Aytadi-ku, har kuni mahluqqa ko‘zi tushgan odamning bora-bora unga mehri ham tushib qoladi, deb. Sudya va arizachi mahluq emas, Xudo aziz qilgan mavjudot: inson! Ko‘z-ko‘zga tushaverganidan xijolat bo‘ldi chog‘i, qilib qo‘ygan ishidan vijdoniga suv sepish chorasini izlagan ko‘rinadi: «Boshqatdan ariza bering, masalangizni hal qilib beraman»! S.Salomov eski arizasini yangidan yozib berdi. 2018 yilning 24 avgustida sudya B.Haydarov qaror chiqardiki, «...shikoyat qanoatlantirilmasin»! Yo‘q, bu o‘rinda gap arizachining masalasi hal bo‘lgan-bo‘lmaganida emas. Gap bitta ma’muriy ish yuzasidan bitta sudyaning ikkita sud hujjati chiqarayotganida: avvalga «bu ish ma’muriy sudga tegishli emas» degan ajrim, so‘ng shikoyatni rad etish haqida qaror...  

Qizig‘iki, ikkala sud hujjati ham qonuniy kuchida turibdi?! Ana bo‘lmasa! 

Unutmaylik: arizachi jarima miqdoridan tashvishga tushib, sudga chopayotgani yo‘q. Hamma balo arzimas jarima vositasida urilgan tamg‘ada! To‘qqiz oy sudga qatnayverib-qatnayverib, yo‘lkiraning o‘ziga jarima miqdoridan ko‘proq puli ketdi, axir?!

...Vasiylik va homiylik organiga murojaat qilib, kutilmagan jarimaga, bu bedodlikdan ma’muriy sudga borib – g‘urbatga giriftor bo‘lgan qahramonimiz orada fuqarolik sudigayam bosh suqadi: baraka topgurlar, bolalarimni olib beringlar!

Fuqarolik sudida navbatdagi g‘urbat kutib turganini qaydan bilsin, boyoqish?!

Qisqasi, «ish»ni ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi (sudya A.Sulaymonov) da’voni rad qilish haqida hal qiluv qarori chiqardi.

Sabab? Asos?

1. «S.Salomov rafiqasi Z.Salomova foydasiga voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment  to‘lamay yurgan, qarzi falon millionga yetgan...» Da’vogar hayron: ibi, bu gap qaydan keldi? Qanaqa qarzdorlik? Bu masala allaqachon qonuniy yechim topgandi-ku?! Xo‘p, tasavvur ham qiling: u qarzdor. Pulni kimga beradi? Go‘ring nurga to‘lgur marhumagami? Qanday qilib? Boqiy dunyoga aliment oboradigan pochta bormi? Bo‘lsa, qani, qayerda?  Borib turgan mantiqsizlik...

2. «Bolalari bilan qayerda yashashi noma’lum». «Voy-dod!. – deydi da’vogar, – Ko‘chada qolgan gadomasman, axir? Shu tumanning TTZ-4 massividagi «dom»imiz – qaynonam ixtiyorida turibdi. Bu uy ijaraga berilgani bois  aniq daromad kelib turibdiki, bolalarim hech kimga tirik tovon bo‘layotgani yo‘q... Bu uy bizniki bo‘lmay katta xolamnikimi?»  

3. «Sud majlisida ishtirok etmadi...» Fuqarolik sudida da’vogarning ishtirok etish-etmasligi huquqmi yoki majburiyat? Albatta, huquq. Xo‘sh, unda nima muammo?

4. «Da’vorgarning ota ekanligi, o‘z farzandlariga nisbatan boshqa qarindoshlariga nisbatan ustuvor huquqqa egaligiga qaramay... (bu huquq) farzandlarni olib berishga yetarli asos bo‘lmaydi». Bunisi endi o‘tib tushdi?! To‘rt muchasi sog‘, na giyohvand, na alkash bo‘lgan, o‘z nomida boshpanasi bor, kamiga farzandlarimni o‘zim tarbiyalay, qaramog‘imga olib bering, deb sudma-sud yurgan otaning ustuvor huquqi ko‘pam ahamiyat kasb etmas ekan, bundan chiqdi – erkakning bola tug‘dirishdan boshqa vazifasi yo‘q ekan-da, a? 

5.

6.

Hal qiluv qarorida keltirilgan keyingi ikkita asos o‘rni bo‘sh qoldirildi. Zero, ularda voyaga yetmagan norasidalar, shuningdek, tomonlarning shaxsiy-maishiy qirralari xususida gap boradiki, garchi qonun ko‘pam ta’qiqlamasa-da, ularning bayonidan tiyildik. Qolaversa,  qalamga olingan to‘rtta «asos»ning o‘zi hal qiluv qarorining huquqiy quvvati nechog‘ligi borasida yetarlicha tasavvur beradi. Takror aytishga to‘g‘ri keladi: yozmishimiz fuqaro muammosi xususidagina emas, asosiy urg‘u o‘sha muammolar sudlarda «qanday hal etilganiga» berilayotganini ilg‘agan bo‘lsangiz kerak...

Yuqoridagi bayonlar hayrat ustiga hayrat tug‘dirishi tabiiy.  Ajab savdolar: sudlarga e’tibor kuchaygani sari... ayrim sudyalarning yangi-yangi qirralari namoyon  bo‘lyaptimi, deysan-da. Bir qarasang, xorazmlik sudya marhumni «tiriltirib», sudda ko‘rsatma oladi, bir qarasang – Olmazor tumani ma’muriy sudida «qo‘lbola materiallar» silliqqina o‘tib, qaysidir sho‘rlik «15 sutka»ni ilib ketaveradi... Misolimizdagi ahvolni-ku ko‘rdingiz, o‘qidingiz.. 

Bu nedan dalolat? Korrupsiya? Savodsizlik? Layoqat?..

Yo‘g‘-a, malomat qilmoqqa shoshmaylik, qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas. Qolaversa, sudyalik duch kelgan odam egallayveradigan lavozimlar sirasiga kirmaydi. Buning uchun nomzod, eh-he, ne-ne chig‘iriqdan o‘tadiki, bu maqomga yetganlar bor, yetmaganlar bor... Xo‘sh, unda muammo nimada? Qo‘limizda inkor etib bo‘lmas isbot yo‘q ekan, «xashaki mantiqlar»ga suyanmoqqa to‘g‘ri keladi: ayrim sudyalarimizga ko‘z tegib, suq kiryapti, chamasi... Sudlarning vakolati kengayib, sudyalarning ijtimoiy muhofazasi kuchaymoqda, yana deng, qator xos huquqlarga ham ega: bunga kim havas qilmaydi, kim hasad qilmaydi? Boz ba’zi qonun peshvolarini ko‘ring: egnida ohorli libos, burnida qop-qora ko‘zoynak, qaddi g‘oz, yurishlar – tam-tam, ko‘zlar biyo-biyo... Ayting, kim suqlanmaydi? Kimning kinnasi kirmaydi? Kinna – ruhiyat bilan bog‘liq jarayon. Kinna kirgan sudyaning ruhiy muvozanati buzilib, o‘likni «gapirtivorishi» yoki bitta «ish» yuzasidan ikkita qaror chiqarvorishi mumkinmi? Judayam-da! Odamning ko‘zi toshni yoradi, ohey?! Bu baloni bitta ukol yoxud ikkita tabletka bilan aritib bo‘lmaydiki, eskilar aytganidek, «o‘qitib-qoqtirib-suqtirib-silkitvorish» kerakday... Yo‘qsa, erta-bir kun qaysidir sudda Amir Temur bezoriligi uchun jarimaga tortilishi yoki Bobur Mirzoning qaysidir rafiqasi o‘rtasidagi nikoh bekor qilinishi hech gapmas... Hoy, kinna degan balo, insdan bo‘lsang chiq, jinsdan bo‘lsang chiq!  Chiq!! Chiq-ye, enangdi... (emgur)!..

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring