Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inspeksiya 7,4 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlanganini aniqladi

Inspeksiya 7,4 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlanganini aniqladi

Joriy yilning 2 dekabridan 9 dekabriga qadar «O‘zneftgazinspeksiya», «Hududgazta’minot» AJ hamda «O‘zstandart» agentligi mutaxassislari bilan birgalikda respublikada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 7 mlrd 439 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi, deb xabar bermoqda inspeksiya axborot xizmati.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan «RUN TONG METAL INDUSTRIAL» MChJ va Angren shahridagi «Lyux granit» MChJ korxonalari tekshirilganda gaz hisoblash uskunasiga (schetchik) tashqaridan ta’sir yetkazishga sharoitlar yaratilganligi ma’lum bo‘lgan. Ya’ni, gaz hisoblagich xotirasidagi foydalanilgan gaz miqdori to‘liq yozib borilmagan.

Hisoblash uskunalari konfiguratsiyasi o‘zgartirilganidan tashqari, bir necha kun davomida hisoblash uskunalari elektr ta’minotidan uzilgan ham bo‘lgan, shunga ko‘ra shu vaqt mobaynida ishlatilgan tabiiy gazning sarflangan miqdori saqlanib qolmagan.

«Toshkentgaz» hududiy filiali tomonidan berilgan texnik shartga ko‘ra, «RUN TONG METAL INDUSTRIAL» MChJ korxonasida tabiiy gazning umumiy soatbay sarfi 3600 metr kub/soatni tashkil etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazdan 30 kun davomida noqonuniy foydalanilganlik hajmi 2 mln 592 ming metr kubni tashkil etib, bu 1 mlrd 710 mln so‘m miqdordagi zarar yetkazilgan.

«Lyux granit» MChJ keramika mahsulotlarini ishlab chiqarish sexida, texnik shartga ko‘ra, tabiiy gazning umumiy soatlik sarfi 1683,4 metr kub/soatni tashkil etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazdan 45 kun davomida noqonuniy foydalanilgan hajmi 3 mln. 156 ming metr kubni tashkil etib, bu esa 3 mlrd 156 mln so‘m miqdordagi zarar yetkazilganligini anglatadi.

Bundan tashqari yana bir o‘g‘irlik Angren shahridagi «Angren Neft Biznes» korxonasiga qarashli  avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida ham aniqlandi. Ushbu korxonada gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi aniqlanib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazdan 53 kun davomida noqonuniy foydalanilganlik natijasida hajmi 1 mln 272 ming metr kublik, 1 mlrd 272 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Shuningdek, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 10 ta issiqxona, parrandachilik xo‘jaliklari, sopol buyumlar ishlab chiqarish korxonalari va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanuvchi 196 ta korxonada jami tabiiy gazning noqonuniy iste’moli hajmi 1 mln 301 ming metr kub (1 mlrd 118 mln so‘m) ni tashkil etib, 1 mlrd 506 mln so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘lgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring