Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jajji akademik» jurnali yopilmoqda

«Jajji akademik» jurnali yopilmoqda

Bolalar uchun mo‘ljallangan «Jajji akademik» jurnali o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda. Bu haqda «Akademnashr» nashriyoti direktori Sanjar Nazar ma’lum qildi.

«2013-2014 yillar edi. Qish oylarida viloyatga borishga yurak betlamasdi. Chiroq ertalab va kechqurun yarim soatga berilardi. Bu ahvol bir necha yillardan buyon davom etardi. Kompyuter, internet u yoqda tursin oddiy televizor ko‘rmay, kitob o‘qimay voyaga yetayotgan avlod shakllanib kelmoqda edi. Ahvol mening bolalagim o‘tgan 80 yillardagidan ham xarobroq edi. Biron o‘n yillarda Angola, Burundi, Kongo, Gaiti darajasiga qulamasligimizga biron sabab ko‘ra olmasdim. Sabablardan biri bo‘larmikan deb «Jajji akademik»ni ochgandik. Bir guruh hammaslak do‘stlar qanot bo‘lishgan edi. Ilmiy, intellektual, ma’rifiy jurnal qildik. Bironta ham havoyi, ko‘ngilochar rukni yo‘q edi. Deyarli hamma maqtadi. Davrimizning ulug‘lari e’tirof etishdi. Bolalarning ham mehrini qozondik. 69 ta son chiqazdik. Dovrug‘imiz yurt tashqarisiga ham tarqaldi. Ilm-ma’rifatga, kitobxonlikka targ‘ib qiladigan qator tadbirlar tashkillashtirdik. Jajji akademiklar akademiyasiga asos solib, ilk akademikchalarni sayladik.

Zulmatlarga nur kiritmoqchi bo‘lgandik deb oliftalik qilsam, a? Yoki zamonaviy, kamida elektr va internetli dunyo bilan ko‘prik o‘rnatmoqchi bo‘ldik deb ko‘pirayinmi?

Xullas, eplay olmadik. Jurnal muttasil zararga chiqdi. Umumiy zarar o‘n xonali sonda ifodalanadigan bo‘ldi. Ammo bu asosiy sabab emas. Iqtisodni amallash mumkin, yaxshilar yeng shimarib turishgani shubhasiz. Masalan, o‘tgan yili bir yaxshi inson jurnalning jamiki qoldiqlarini sotib oldi. Bu yil bir do‘stimiz bir yillik nashr xarajatlarini o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanligini bildirdi.

Biz tarqatish, targ‘ib qilish va, eng alamlisi, ehtiyoj uyg‘otishni eplay olmadik. Shu yo‘l – ilm najot ekanligiga odamlarni ishontira olmadik. Bu haqiqatni bilganlarning ko‘pchiligi esa bolalariga o‘ris tilidagi jurnallarni olib berishadi. Bolalari o‘ris maktablarga qatnaydi. Ertangi kunini O‘zbekiston bilan bog‘lashmagan.

Vaziyatimizdan Xalq ta’limi vazirligini ham, Yoshlar ishlari agentligini ham, boshqa ehtimoliy aloqador bo‘lishi mumkinlarni ham xabardor qilgan edik. Ularning amaliy yordam berish uchun vakolat va imkoniyatlari yo‘qligini bilamiz.

Eng sillamizni quritgan tizim pochta bo‘ldi. Obuna bo‘lgan, xarid qilgan odamlarga jurnallar yetib bormadi va hamon bormayapti. O‘zimiz mustaqil yetkazib berish tizimini tashkil qila olmasdik. Sof tijoriy, milliardlab foyda ko‘radigan tadbirkorlik yo‘nalishlari ham buni O‘zbekiston sharoitida hozircha eplay olishmaydi.

Loyihaga hissa qo‘shgan barcha hamkasblarimiz, do‘stlarimiz, xayrixohlardan rozilik so‘rayman. Haqqingizni halol eting! Rozi bo‘ling! Yangi loyihalarda ko‘rishguncha!», — deb yozadi Sanjar Nazar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring