Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

100 yillik jurnal yopilmaydigan bo‘ldi

100 yillik jurnal yopilmaydigan bo‘ldi

Foto: «Evu.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» – «Ekonomicheskiy vestnik Uzbekistana» jurnali tahririyat jamoasining bir asrlik tarixga ega bo‘lgan nashrni saqlab qolish yuzasidan yordam ko‘rsatishni so‘rab qilgan murojaatini ko‘rib chiqib, muassis – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga masalani o‘rganib chiqib, taklif kiritish topshirig‘ini berdi.

Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga muvofiq Iqtisodiyot vazirligi «O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» – «Ekonomicheskiy vestnik Uzbekistana» jurnalining nomini «O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» MChJ jamoasi tashabbusiga ko‘ra tashkil etilayotgan jurnalga berish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Shuningdek, buyruqda huquqiy vorislik hamda tugatilayotgan «O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» DUKning mol-mulkini yangi tashkil etilayotgan MChJga bepul o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyodagi eng qadimiy hisoblangan «O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» – «Ekonomicheskiy vestnik Uzbekistana» jurnalini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Jurnalning birinchi soni 1919-yilda chiqqan «Turkiston xalq xo‘jaligi» («Narodnoye xozyaystvo Turkestana») matbuot nashrining huquqiy vorisi edi. Yaqin vaqtga qadar jurnal O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining tasarrufida edi.

«O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi» jurnali iqtisodiy rivojlanishning tarmoq va mintaqaviy ko‘rsatkichlariga doir materiallarni chop etadigan mamlakatimizdagi yagona nashrdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring