Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mikrokreditbank»ning Qo‘qon filiali mansabdorlari makkorlikda shaytonga ham dars berishgan

«Mikrokreditbank»ning Qo‘qon filiali mansabdorlari makkorlikda shaytonga ham dars berishgan

Foto: «Centre1.com»

Farg‘onada nashr qilinadigan «Adolat yo‘li» gazetasining 2018-yil 19-may 19-sonida «Mikrokreditbank» Qo‘qon filiali mansabdorlarining qilmishlari haqida so‘z boradi. Uni to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etamiz.


O‘tgan yillar mobaynida barcha sohalar qatori mamlakatimiz bank tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada «Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun» tamoyili asosida mijoz va bank o‘rtasidagi munosabatlar, ya’ni xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada yaxshilandi. Eng asosiysi, fuqarolarimizning banklarga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda.

Ammo ayrim bank filiallarida mijozlar manfaati oyoqosti qilinib, yuqoridagi tamoyilning aksi kuzatilmoqda.

«Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining Qo‘qon filiali mansabdorlari tomonidan 2015 — 2016-yillar mobaynida sodir etilgan jinoyatlar ham shular jumlasidandir. Albatta, mazkur jinoiy guruhga filialning sobiq boshqaruvchisi Jabborali Usmonov yetakchilik qilgan.

Dastlab jinoiy guruh fuqaro Muqaddas Umarovani chuv tushirgan. Gap shundaki, Muqaddas Umarova 2015-yil 23-yanvar kuni 20,5 million so‘m, 2015-yil 15-aprel kuni 68,2 million so‘m, 2015-yil 15-iyul kuni esa 3 million so‘m, jami 91,7 million so‘m mablag‘ini bankning «Pahlavon» omonat turiga qo‘ygan. Lekin Jabborali Usmonov, filial bosh hisobchisining o‘rinbosari-mijozlar bilan ishlash sho‘’basi mudiri Shodiyor Rahmataliyev, kassa mudiri Nargiza Gavasqulova hamda filialning naqd pul muomalasi va plastik kartalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Zohid Sodiqovlar bu mablag‘larni elektron dastur orqali kirim qilishmagan. Aksincha, omonatchining 70 million so‘m pulini 13 marta soxta chiqim orderlari orqali olib, jig‘ildonlariga urishgan.

Yana bir qo‘qonlik hamyurtimiz D.Abdujalilova ham 2015-yil oktabr oyida omonatga pul qo‘yayotganda yaxshigina daromad olishni mo‘ljallagandi. O‘shanda Nargiza Gavasqulova Jabboralining topshirig‘iga asosan D.Abdujalilovaning 17 million so‘m pulini omonatga qabul qilib olgandi. Biroq u ushbu mablag‘ni tegishli tartibda qayd etmagan. O‘z navbatida Shodiyor Rahmataliyev ayolning nomiga omonat hisob raqami ochganu, biroq yuqoridagi pulni o‘sha hisob raqamga o‘tkazmagan. Oqibatda ishtahasi ochilib ketgan bankirlar ana shu pulni o‘rtada taqsimlab, hazm qilib yuborishgan. Oradan 4 oy o‘tib – 2016-yil fevral oyida omonatchi pullarini talab qilganda esa unga bor-yo‘g‘i 3 million so‘m pul berishgan xolos. Qolaversa, o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash maqsadida D.Abdujalilovaga «Nuroniy» omonat turiga 17 million so‘m mablag‘ topshirganini tasdiqlovchi omonat daftarchasini rasmiylashtirib berishgan. Ammo D.Abdujalilova keyinchalik yana omonat foizlarini olish uchun murojaat etganda turli bahonalarni ro‘kach qilib, qolgan 14 million so‘mni qaytarishmagan.

Shundan so‘ng jinoiy guruh yanada kattaroq boylik orttirishga kirishgan. Ya’ni ular Jabborali Usmonovning ko‘rsatmasi va topshirig‘iga binoan fuqaro A.Qodirovning 446 million so‘m, Sh.Yo‘lchiyevning 116 million so‘m, I.Imomaliyevning 100 million so‘m, M.Abdullayevning 92 million so‘m, S.Abdullayevaning 75 million so‘m, M.Ergashevaning 61 million so‘m, jami 53 nafar fuqaroning 1 milliard 736 million 356 ming so‘m miqdoridagi omonat pullarini elektron dastur va kassaga kirim qilmay, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolarning hisob raqamlariga o‘tkazish yo‘li bilan hamda o‘zaro taqsimlab talon-toroj qilishgan.

Qo‘qon shahridagi «Temur tekstil servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Asqarjon Sobirov ham Jabborali Usmonovning o‘zboshimchaligidan aziyat chekkan tadbirkorlardan biridir. Aniqlanishicha, Jabborali Usmonov 2015-yil 19-iyunda akasi X.Usmonov nomida bo‘lgan «Dadaboyev Usmonali ko‘rki» fermer xo‘jaligiga «Kobalt» rusumli avtomashina sotib olish uchun 47 360 000 so‘m miqdorida kredit ajratish haqida shartnoma rasmiylashtiradi. Ya’ni, shartnomaga ham akasining nomidan o‘zi imzo chekib, kredit ajratilishiga erishadi. So‘ng ana shu mablag‘ni fermer xo‘jaligi hisob raqamidan «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazib bergan. Oradan bir yil o‘tgach – 2016-yil 4-avgustda esa yuqoridagi kreditni qoplash maqsadida «Temur tekstil servis» MChJning 12 000 000 so‘m pulini A.Sobirovning xabardorligi va roziligisiz, soxta to‘lov topshiriqnomasini rasmiylashtirib, «Dadaboyev Usmonali ko‘rki» fermer xo‘jaligi hisob raqamiga moliyaviy yordam tariqasida o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, Jabborali 2016 yil 3 avgust kuni «Prof Furniture Group» MChJ hisob raqamidan 6 000 000 so‘m, «Uniset star» MChJdan esa 13 000 000 so‘m mablag‘ni ham akasining kreditdan bo‘lgan qarzini qoplash uchun o‘tkazib, talon-taroj qilgan ekan. Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 783-moddasida «Bank hisobvaraqdan pul mablag‘larini mijozning topshirig‘i asosida o‘chiradi. Mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini o‘chirishga sudning qarori bilan, shuningdek ushbu kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qo‘yilgan yoxud bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi» deya qayd etilgan.

Bundan tashqari, filial boshqaruvchisi 2016-yilning avgust oyida bank kassasidan hech qanday chiqim hujjatlarisiz 13400 AQSh dollarini olib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. 2016-yil 27-sentabr kuni esa qayd etish daftarlariga xorijiy valyutaning kassada saqlanayotganligi haqida soxta yozuvlar kiritib, jinoyatini yashirgan.

Buni qarangki, jinoiy guruh a’zolarining nafsi hakalak otib borsa borardiki, ammo tiyilay demasdi. Natijada ular aholidan qabul qilingan kommunal to‘lovlarga ham ko‘z olaytirishdi. Aniqrog‘i, Zohid Sodiqov va Shodiyor Rahmataliyevlar 2016-yil 1-yanvardan 30 oktyabrga qadar elektr energiyasi uchun qabul qilingan 148,7 million so‘mni «Munis» to‘lov dasturi orqali shahar elektr tarmoqlari korxonasi hisob raqamiga o‘tkazish o‘rniga Jabborali Usmonovning topshirig‘iga muvofiq o‘zaro taqsimlab, bir qismini ilgari o‘zlashtirilgan omonatchilar mablag‘larini qoplash uchun yo‘naltirishgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston adliya vazirligida 2007-yil 14-aprelda ro‘yxatga olingan «Qishloq xo‘jaligi korxonalarining davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta va g‘alla yetishtirish xarajatlarini tijorat banklari tomonidan kreditlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra har yili fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kredit ajratiladi. Buni yaxshi bilgan Jabborali Usmonov Shodiyor Rahmataliyev va bank filialining kredit bo‘limi boshlig‘i Muhsinjon Ahmedov bilan birga 2014 — 2015-yillarda faoliyati tugatilib, yerlari tumanlar zaxirasiga olingan «Omad negizi», «Oyatillo To‘laboy yulduzi», «Davronbek zamini», «Eldorbek Mo‘minov», «Vodiy fayzli tongi», «Azizbek agroinvest», «Abdujalil Xidirov barakasi», «Ozodbek chamanzori», «Behzodjon ko‘rki» fermer xo‘jaliklariga oid hujjatlarni soxtalashtiradi. Pirovardida mazkur xo‘jaliklarga Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hisob-kitob jamg‘armasidan 159 738 000 so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ayni mablag‘ evaziga xo‘jaliklarning avvalgi kredit qarzlari va foizlarini qoplashadi. Qolaversa, tayyorlov korxonalari tomonidan 41 ta fermer xo‘jaligiga paxta va g‘alla uchun to‘lab berilgan 102,1 million so‘m mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazadi.

Xalqimizda «Qovun qovundan rang oladi» degan purhikmat ibora bor. Shu ma’noda aytganda, filial boshqaruvchisi bilan birga shuncha mablag‘ni tuya qilgan Shodiyor Rahmataliyev keyinchalik o‘zi mustaqil «ish»ga kirishdi. Ya’ni u fuqaro Muqaddas Umarovaning omonat daftarchasini yangi omonat daftarchasi ochib berishini aytib, aldab oladi. So‘ngra omonat daftarchasidagi yozuvlarni soxtalashtirib, Muqaddas Umarova tomonidan 2016-yil avgust-sentyabr oylarida omonatga qo‘yilgan 25 million so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan holda o‘z ehtiyojlariga sarflab yuboradi. Lekin...

Lekin qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan so‘ng ham chiqadi deganlaridek ko‘p o‘tmay jinoiy guruhning qilmishlari fosh etildi. Oqibatda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi esa sudlanuvchilarning har birini qonuniy jazoga mahkum etdi. Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchilardan bank filiali yetkazilgan moddiy zararlarni solidar tartibda hamda Sh.Rahmataliyevdan jabrlanuvchi M.Umarova foydasiga 25 million so‘m undirish ham belgilandi.

Shu o‘rinda «Mikrokreditbank» mutasaddilarining e’tiborini bir narsaga qaratmoqchimiz. Aslida mijozni yuqoridagi «usul»da talash birinchi marta sodir etilayotgani yo‘q. Bunday qing‘irlik, ya’ni mijozning hisob raqamidagi mablag‘ni talon-toroj qilish holati bankning viloyat filiali hamda ayrim tuman, shahar filiallari va minibanklarida avval ham yuz berib, oqibatda aybdor mas’ul xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilganidan xabardormiz. Biroq hanuzgacha bu illatga barham berilmayapti. Aniqrog‘i, mutasaddilar tomonidan qat’iy chora-tadbirlarning belgilanmagani yana avvalgidek jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan. Umid qilamizki, tilga olingan jinoyat ishi bankning boshqa xodimlariga ham saboq bo‘lib, kelgusida bunday qonunbuzilish takrorlanmaydi. Eng muhimi, nafs mayli hech qachon insonga naf keltirmasligini unutmaslik zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring