Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muftiy ishdan ketgani yo‘q — O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muftiy ishdan ketgani yo‘q — O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Foto: Xalqaro press klub

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga «Azon.uz» sayti ta’sischisi Mubashshir Ahmad tayinlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Musulmonlar idorasi ayni mazmundagi xabarlarni inkor etib, bayonot berdi.

Unda Usmonxon Alimov o‘z joyida ishlayotgani ta’kid etilib, «...uzoq yillar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo‘lishlari Alloh taboraka va taolodan» so‘raladi.

Shuningdek, bayonotda mazkur asossiz xabar tarqalgan zahotiyoq, «Azon.uz» tahririyati ushbu xabar noto‘g‘ri ekani, unga ko‘r-ko‘rona ishonib ketmaslikka chaqirib, raddiya e’lon qilgani ham alohida qayd etiladi.

«Azon.uz» sayti voqelikka izoh o‘laroq, shunday yozadi: «...Siz azizlarga shuni ma’lum qilamizki, bu rasmiy kuchga ega ma’lumot emas. Muftiy o‘z o‘rnida, Mubashshir Ahmad domla ham o‘z ishlari — Azon.uz, AzonTV, Azon kitoblari loyihalari bilan bandlar. U kishi bilan bog‘langanimizda buning yolg‘on ekanini, bu borada taklif ham bo‘lmaganini aytdilar.

Azizlar, o‘sha postni (go‘yoki muftiy almashgani haqida tarmoq foydlanuvchilaridan biri yozgan matn nazarda tutilmoqda — tahr.) diqqat bilan o‘qisangiz, shaxsiy fikr, taklif o‘laroq yozilgan. Shuning uchun unga ko‘r-ko‘rona ishonib ketmaslik kerak.

Dinga hamma turlicha xizmat qiladi. Muftiy O‘zbekiston musulmonlariga boshchilik qilayotgan bo‘lsalar, Mubashshir Ahmad domla ham imkon qadar musulmonlarga foydali ilm tarqatishga intilyaptilar. Alloh taolo har birlarining yaxshi niyatlari ortig‘i bilan amalga oshishini nasib aylasin».

Eslatib o‘tamiz, muftiy Usmonxon Alimov ishdan ketgani haqida birinchi marotaba xabar tarqalayotgani yo‘q. O‘tgan yilning sentyabr oyida ham qator sayt va ijtimoiy tarmoqlarda Usmonxon Alimov vazifasidan ozod etilib, o‘rniga boshqa ulamo tayingani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq o‘shanda ham ayni mazmundagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagandi.

Ma’lumot uchun: Usmonxon Alimov — 1950-yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi «Mir Arab» madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil olgan. Uzoq yillar davomida Samarqand viloyatidagi «Imom Buxoriy» jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. 2000—2006-yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006-yil 8-avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring