Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mutaxassis qandli diabeti bor insonlarda koronavirus nega og‘ir kechishini tushuntirdi

Mutaxassis qandli diabeti bor insonlarda koronavirus nega og‘ir kechishini tushuntirdi

Foto: SSV matbuot xizmati

Qandli diabeti bor insonlarda koronavirus nega og‘ir kechadi? Tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Faxrutdinova SSV matbuot xizmati bilan suhbatda bunga izoh berib o‘tdi.

— Qandli diabeti bo‘lgan insonlar turli xil infeksiyalarga moyil bo‘ladi va ularda infeksion jarayon og‘irroq kechadi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Inson tanasiga infeksiya tushganida qonda qand miqdorining oshishi kuzatilishi mumkin, shuning uchun kasallikni nazorat qilishga jiddiy e’tibor qilish lozim.

Agar diabeti bor bemor qonida glyukoza mikdori baland bo‘lsa, COVID-19 kasalligi ushbu bemorlarda og‘ir kechishi mumkin. Sababi kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar bo‘roni» uchun shakar quvvat manbaidir. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha bo‘lgan insonlarda koronavirus og‘ir kechadi. Bundan tashkari, koronavirus infeksiyasi xam ushbu kasallikning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin degan taxminlar bor.

Ma’lumki, koronavirus kasalligini davolashda glyukokortikoidlar guruhiga kiruvchi "Deksametazon" dori vositasi keng qo‘llaniladi. Bu dori qonda qand miqdorini ko‘taruvchi preparatlar qatoriga kiradi, diabetning 2-turiga moyil bo‘lgan insonlarda bu dori vositasini qo‘llanishi diabetni rivojlanishiga olib kelishi mumkin, bu ko‘pincha ortiqcha tana vazni bo‘lgan insonlarda kuzatiladi.

Ushbu dori vositasini qabul qiluvchi insonlar qonda qand miqdorini muntazam o‘lchab borishi va albatta, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlari lozim.

Kasallikka chalingan bemorlarda koronavirusdan davolanish jarayonida qonda qand miqdorini pasaytiruvchi dori vositalari dozasiga bo‘lgan ehtiyoj ortishi mumkin. Koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun, COVID-19ning o‘rta va og‘ir holatlarida qandli diabet bemorlariga insulin bilan davolash tavsiya qilinadi. Bu koronavirus infeksiyasidan tezroq tuzalishga yordam beradi, oldin tabletka bilan davolanganlar keyinchalik yana o‘sha davolash rejimiga qaytishi mumkin.

Agar diabeti bo‘lmagan, COVID-19 kasalligiga chalingan insonlarda «Deksametazon» va shunga o‘xshash glyukokortikoid dori-vositalari ta’sirida qonda qand miqdori baland bo‘lsa, kerak bo‘lganda, ular ham insulin bilan davolanishlari shart. Bu dori vositalarida ehtiyoj qolmaganda qonda qand miqdori me’yorga kelib, insulinga bo‘lgan ehtiyoj ham yo‘qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring