Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyda adliya bo‘limi uchta tashkilotga taqdimnoma yo‘lladi

Navoiyda adliya bo‘limi uchta tashkilotga taqdimnoma yo‘lladi

Navoiy shahri maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Muassasa ishchilarining murojaatiga asosan shahar adliya bo‘limi tomonidan mazkur holat o‘rganilib, shahar hududidagi 3 ta tashkilotga taqdimnoma kiritildi. Bu haqda Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi xabar berdi. 

Shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Azamat Xolmo‘minovning aytishicha, mazkur taqdimnomalar Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim bo‘limlari va Sog‘liqni saqlash birlashmasiga kiritilib, unga muvofiq MTT xodimlarining tibbiy ko‘rik uchun sarflagan  xarajatlarini qoplab berishdan iborat.

Tahlillarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yillik xarajatlar smetasida tibbiy ko‘rik uchun mablag‘lar ko‘zda tutilmaganligi bois, Navoiy shahridagi mavjud 34 ta MTT xodimlari o‘z hisobidan pullik tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishgan. Xodimlar tomonidan ko‘rik uchun sarf qilingan pul mablag‘larining umumiy qiymati 2019-yil va joriy yilning shu davriga qadar 182 mln 995 ming 400 so‘mni tashkil etmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 214 - moddasida umumta’lim maktablari, maktabgacha tarbiya yoki bevosita bolalarga ta’lim,  tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagog va boshqa xodimlarning dastlabki va keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishda chiqimdor bo‘lmasligi belgilab berilgan. Tibbiy ko‘rikni tashkil etish esa ish beruvchi zimmasida ekanligi qayd etilgan.

- O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ish beruvchilar xodimining tibbiy ko‘rikdan ortiqcha xarajatlarsiz o‘tishini tashkil etish bo‘yicha yuqori turuvchi organlarga xabar bermagan. Shu bois, yil boshidan xarajatlar smetasi ham tasdiqlanmagan. Natijada, huquqbuzilish holatlari yuzaga kelgan,-deydi A. Xolmo‘minov.

Ma’lumot o‘rnida, Adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tashkilot va muassasalarda huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha 63 marta o‘rganish tashkil etilib, 590 dan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring