Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Surxonda yuribdi. Xo‘sh?

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Surxonda yuribdi. Xo‘sh?

Foto: Bosh prokuratura

Shu kunlarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev xizmat safari bilan Surxondaryoda bo‘lib turibdi. Mahkama matbuot xizmati va «Xabar.uz» manbasidan kelayotgan xabarlarga qaraganda, Bosh prokuror viloyat markazida fuqarolarni «nari-beri» qabul qilib, shartta ortga qaytmagani anglashiladi. Masalan, kecha sayyor qabul o‘tkazilib, unda jami 20 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarining murojaatlari olindi. Murojaatlarning qariyb yarimi sud qaroridan norozilik mazunida (9 ta) bo‘lsa, ikkitasi prokuratura, bittasi ichki ishlar organlari faoliyatiga doxil. Qolganlari boshqa masalalarga oid bo‘lib, barchasi nazoratga olinib, qonuniy hal etilishi ta’minlanadi.

Sayyor qabuldan so‘ng joylarga chiqib, fuqarolarning muammolarini o‘z o‘rnida hal etish harakatiga tushgan. Xususan, Termiz tumani «Quyoshli Yurt» mahallasida piyoda yurib, yo‘l-yo‘lakay odamlar bilan suhbatlashgan. Toshkentdan kelib, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda yurgan «katta»ning kimligini mahalladagi hammayam bilmas, shu tashrif sabab ancha-muncha muammo sanoqli soatlarda hal etilganidan xursand bo‘lishgani bor gap. Ya’nikim, mahallaning 1 kilometrdan ko‘proq masofadagi ichki yo‘llariga shag‘al yotqizildi, xonadonlarni suyultirilgan gaz balonlari bilan ta’minlash muammosi yechilganidan tashqari hududga yap-yangi transformator o‘rnatildi. Qishloq joylaridagi eng katta muammo shu aslida. Rost-da, yo‘l tekis, xonadon issiq va uyda chiroq yonib tursa, kishi ko‘ngliga yorug‘lik inadi-da.

...Termizlik Dilafruz Karimova ijtimoiy tarmoqlar ancha faol. Yo‘q, u bekorchilikdan tarmoqni «maskan qilib», huda-behuda gaplar bilan na donolikka, na blogerlikka da’vo qiladi! Serg‘ayrat bu singlimiz bir necha yillardan beri imkoniyati cheklangan shaxslarga kasb o‘rgatib, ish bilan ta’minlash masalasida kuyib-pishib yuradi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bunday xayrli ishga boshqalarni ham faol da’vat etib keladi. Shu maqsadda «Gulbahor nurli Kelajak» MChJ ochgan, katta mashaqqatlar bilan ancha-muncha ishlarni uddalagan ham. Keyingi paytlarda D.Karimova rahbarlik qilayotgan jamiyat binoga katta ehtiyoj sezayotgani, nogiron xodimlarining ishlashi uchun yetarli imkoniyat bo‘lmaganligi bo‘yicha turli tashkilotlarga murojaat qilib kelganidan ko‘plar boxabar.

Nihoyat, uning murojaati Surxondaryo viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, Termiz shahar hokimligi balansidagi bo‘sh bino qaror asosida ajratib berilishi ta’minlangandi. Shuningdek, ushbu bo‘sh bino ta’miri va nogiron xodimlarning ishlashi hamda yashashi uchun sharoit yaratib berilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Manbamizga ko‘ra, Bosh prokuror kun tartibiga o‘zgartirish kiritib, D.Karimova rahbarligidagi «Gulbahor nurli Kelajak» MChJga bordi.

Yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, bu yerda mehnat qilayotgan ko‘ngli yarim insonlar bilan suhbatlashdi. Ayni paytda bu yerda o‘ttiz nafardan ko‘proq nogiron xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Sharoitlar chakkimas. Biroq ular tikayotgan mahsulotlari uchun bozor topishda muayyan qiyinchiliklar mavjud. Hal qilsa bo‘ladigan muammomi? Shunday. Bosh prokuror va’da berdi. Demak, muammoga yechim bor.

Kechga yaqin N.Yo‘ldoshev Surxondaryo viloyati xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasida ishtirok etdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar hamda ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan jonligina ma’ruza qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring