Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oddiy fuqaro karantinni buzsa – 15 sutka, amaldorga esa «hayfsan»! «Uychidagi maishat»ga oydinlik kiritildi

Oddiy fuqaro karantinni buzsa – 15 sutka, amaldorga esa «hayfsan»! «Uychidagi maishat»ga oydinlik kiritildi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Namanganning Uychi tumani hokimi deyilgan shaxs bir necha ulfatlari bilan karantinda maishat qilayoganiga oid lavlahalar tarqalgani haqida xabar berilgandi. Voqelikka bir qadar oydinlik kiritildi.

Uychi tumani hokimligi axborot xizmati rahbarining «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonovga ma’lum qilishicha, darhaqiqat, shunday ziyofat bo‘lib o‘tgan va u 28-iyun kuni tumandagi yemakxonalardan birida uyushtirilgan (ma’lumot uchun, 26 iyun holatiga ko‘ra, Uychi tumani «qizil» hudud bo‘lgan, shu bois tumandagi umumiy ovqatlanish muassasalarida ziyofat o‘tkazish mumkin emasdi).

E’tiborli yangilik shuki, tarqalgan lavhada tuman rahbari deb qayta-qayta ta’kid etilgan shaxs aslida hokim emas, balki uning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorjon Bobojonov bo‘lib chiqdi. «Bundan tashqari, ziyofatda tuman IIBning tashkiliy ishlar bo‘limi boshlig‘i Husanboy To‘xtaboyev hamda Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi boshlig‘i Nodirbek Isomiddinov ham qatnashgan», deyiladi xabarda.

Ziyofatda berilib doira chalayotgan fuqaro esa uychilik sozanda Muxtorjon Tursunov ekani aniqlangan.

Tuman hokimligi mutasaddisi «garchi ushbu holat dam olish kuni, ishdan tashqari paytda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da», kasb odobi va etikasiga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Muxtorjon Bobojonov mas’ul rahbar bo‘la turib, karantin qoidalariga amal qilmagani, xatoga yo‘l qo‘yganligi va mazkur xatti-harakatlari uchun unga tuman hokimining 12-avgustdagi farmoyishi bilan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Ayni paytda ziyofatda ishtirok etgan IIB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Voqelik yuzasidan oxirgi xabar shu. Kafdekkina ma’lumot bilan tanishar ekansiz, ko‘ngilda og‘riqli savol tug‘iladi. Mutasaddilar «karantin qoidalariga amal qilmay» maishat qilgani inkor etilayotgani yo‘q. Shunga qaramay, hokim o‘rinbosari «hayfsan» bilan qutilib qolyapti, xolos. Agar uning o‘rnida oddiy fuqaro bo‘lganida 15 sutka «ilib» ketishi ehtimoli yuz foizga teng edi. Shuning o‘ziyoq amaldagi qonun-qoidalar oldida barcha barobar esmasligini ko‘rsatmayaptimi?

IIB va DXM mas’ullariga qanday chora ko‘rilishi hozircha noma’lum. Ularga kelganda qonunlardan «quvvat» yo‘qoladimi-yo‘qmi, yaqin kelajakda ayon bo‘ladi, nasib...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring