Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘limning asosiy sababchisi» – nima uchun pnevmoniya xavfliligicha qolmoqda?

«O‘limning asosiy sababchisi» – nima uchun pnevmoniya xavfliligicha qolmoqda?

Zotiljam (pnevmoniya) bugunga kelib yanada dolzarb muammolardan biriga aylanib qoldi. Mazkur kasallikni davolashda erishilgan katta yutuqlarga qaramay, u hamon o‘limning asosiy sababchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Turli viruslar va stafilokokk infeksiyasi, shuningdek, virus-bakterial qo‘zg‘atuvchilar chaqirgan zotiljamlar farqlanadi.

Antibiotiklar bilan davolanganda kutilgan natija chiqmasa, demak vaziyat jiddiy. Bu, ayniqsa, bakteriyalarning birato‘la bir qancha turlari keltirib chiqargan zotiljamga taalluqli.

Yosh bolalarda ko‘p uchrashi esa nafas a’zolarining anatom-fiziologik xususiyati bilan bog‘liq.

O‘pka anatomiyasi va fiziologiyasi

Zotiljam – jiddiy kasallik. O‘pka va tanada nima sodir bo‘lishini yaxshiroq tushunish uchun e’tiborimizni o‘pka anatomiyasi va fiziologiyasiga qaratamiz.

O‘pka ko‘krak qafasida joylashgan. Har bir ko‘krak segmentlarga bo‘lingan. O‘ng o‘pka uchta, chap o‘pka ikkita segmentdan iborat. Yurak ustida joylashgani uchun chap o‘pka o‘ngiga qaraganda taxminan 10% kichkina.

O‘pka bronxial daraxt va alveolalardan iborat. Bronxial daraxt o‘z navbatida bronxlardan tashkil topgan. Bronxlar turli kattalikda (kalibr) bo‘ladi. Ya’ni katta kalibrdan mayda bronxlargacha cho‘ziladi: bu bronxial daraxt deyiladi. U nafas olganda va chiqarganda havoni o‘tkazishga xizmat qiladi.

Bronxiolalar diametri kichrayib, nafas bronxiolalariga o‘tadi va oxir-oqibat alveolyar xaltachada tugaydi. Alveola devori qon bilan yaxshi ta’minlanadi, bu gaz almashinuviga imkon beradi.

Alveola ichki tomonidan o‘ziga xos modda (surfaktant) bilan qoplangan. U mikroblardan himoyalashga, mikrob va mikroskopik changlarni chiqarib yuborishga xizmat qiladi.

Yosh bolalarda nafas a’zolarining o‘ziga xosligi

Yosh bolalarda hiqildoq, traxeya va bronxlar tor bo‘ladi. Bu balg‘amning nafas yo‘llarida turib qolishiga va ularda mikroorganizmlar ko‘payishiga olib keladi.

Chaqaloqlarda qovurg‘alar gorizontal holatda va qovurg‘alar orasidagi mushaklar yetarlicha rivojlanmagan bo‘ladi. Bu yoshdagi bolalar uzoq vaqt gorizontal holatda yotishi natijasida qon aylanishining turib qolishiga olib keladi.

Nafas mushaklarining nerv regulyasiyasi takomillashmagani bois bu nafas yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Zotiljam turlari

O‘tkir zotiljam yaqqol alomat bilan namoyon bo‘ladi va to‘rt hafta davomida tuzalib ketadi.

Surunkali zotiljam sekin kechuvchi yallig‘lanuvchi jarayon bo‘lib, to‘rt haftadan uzoqroqqa cho‘ziladi.

Shuningdek, bir tomonlama (o‘pkaning bittasi) va ikki tomonlama (o‘pkaning ikkitasi) turlari farqlanadi.

Kelib chiqish sabablari

Zotiljam – infeksion kasallik. Uni turli mikroorganizmlar chaqiradi.

Olimlarning fikricha, bemorlarining 50 foizida zotiljam sababi noma’lumligicha qoladi.

Erta yoshda zotiljam qo‘zg‘atuvchilari ko‘pincha stafilokokk, mikoplazma, mikrovirus, adenoviruslar bo‘ladi.

Eng xavflisi aralash virus-mikrob infeksiyasi sanaladi. Viruslar nafas yo‘llari shilliq qavatini zararlaydi va mikrob florasiga yo‘l ochib beradi. Ular zotiljamning kechishini og‘irlashtiradi.

Bugungi kunda koronavirus qo‘zg‘ayotgan zotiljam hayot uchun o‘ta xatarlisi bo‘lib qoldi. Undan butun dunyoda ming-minglab odamlar vafot etmoqda.

Kattalarda zotiljam rivojlanishining xavfli omillari:

Doimiy stresslar tanani holdan toydiradi.

To‘laqonli ovqatlanmaslik. Meva-sabzavotlar, baliq, yog‘siz go‘shtni yetarli tanovul qilmaslik.

Immunitet zaiflashishi. Tananing himoya funksiyalari pasayishiga olib keladi.

Tez-tez shamollashlar infeksiyaning surunkali o‘chog‘ini vujudga keltiradi.

Chekish. Chekkanda bronx va alveola devorlari turli zararli moddalar bilan qoplanib, surfaktant va o‘pkaning boshqa tuzilmalari me’yorda ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi.

Alkogolli ichimliklarga ruju qo‘yish.

Surunkali kasalliklar. Ayniqsa, piyelonefrit, yurak yetishmovchiligi, yurak ishemik xastaligi xatarli.

Bolalarda zotiljam rivojlanishining xavfli omillari:

LOR a’zolarda infeksiyalarning surunkali o‘chog‘i (angina).

Bolaning sovqotishi yoki qizib ketishi.

Pala-partish kun tartibi. Uyquga to‘ymaslik (maktabgacha yoshdagi bolalarda 10 soatdan kam uxlash), toza havoda kam bo‘lish.

Chiniqish va jismoniy tarbiyaning yetishmasligi.

Epidemiologik tartibga amal qilmaslik. Bir nechta bola kasallangan bolalar jamoasida infeksiya yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda, baqirganda sog‘lom kichkintoylarga yuqadi. Shu bois xasta bolalar kasallik paytida uyda qolishi zarur.

Alomatlari

U o‘pka shikoyati bilan bog‘liq bo‘ladi: intoksikatsiya, nafas yetishmasligi.

Kasallik asta-sekin yoki birdan boshlanishi mumkin.

Zarharlanish alomatlari:

  • Tana haroratining 37.5 dan 39.5 darajagacha ko‘tarilishi;
  • bosh og‘rig‘i;
  • ahvol yomonlashishi: lanjlik yoki jonsaraklik, tevarak-atrofga qiziqmaslik, uyqu buzilishi, tunda terlash.

O‘pka alomatlaridan biri sifatida yo‘talni ajratib ko‘rsatish mumkin. U dastlab quruq bo‘ladi, ma’lum vaqtdan so‘ng (3-4 kundan keyin) namlanib, ko‘p balg‘am ajrala boshlaydi. Odatda balg‘am qizg‘ish rangda bo‘ladi: chunki unda eritrotsitlar mavjud.

Qizg‘ish balg‘amli yo‘tal asosan kattaroq yoshdagi bolalarda kuzatiladi. Yo‘tal bronx va traxeya shilliq qavati yallig‘lanishi natijasida, shuningdek, yallig‘lanish mediatorlari yoki mexanik (balg‘amli) qo‘zg‘atishlar ta’sirida kelib chiqadi.

Shish o‘pkaning me’yorda ishlashiga xalaqit qiladi va shu bois yo‘tal yordamida tana uni tozalashga urinadi. Yo‘tal 3-4 kundan ortiq davom etganda o‘pkaning barcha tuzilmalari kattalashadi, shu bois eritrotsitlar tomirlardan bronx yo‘llariga tushadi va u yerda balg‘amga qizg‘ish tus beradi.

Yo‘taldan tashqari o‘pkaning zararlangan tomonida og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq odatda nafas olganda kuchayadi.

O‘pka yetishmovchiligi alomatlariga nafas qisishi, burun-lab terisi sianozi (ko‘karishi) kabi belgilar kiradi.

Nafas siqishi ko‘pincha ikki tomonlama zotiljamda yuzaga chiqadi, nafas olish qiyinlashadi. Bu to‘qimalarning kislorod bilan to‘yinmasligiga olib keladi. O‘choq qancha keng bo‘lsa, nafas qisishi shuncha kuchli kechadi.

Masalan, bir yoshdan katta bolalarda nafas tezlashishi (daqiqasiga 40 martadan ziyod) o‘pka yallig‘lanishining asosiy belgilaridan biridir. Burun-lab burchagining ko‘karishi, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarda yaxshi seziladi (emizganda), biroq kattalarda ham uchraydi. Sianozga ham kislorod yetishmasligi sabab bo‘ladi.

Zotiljamning kechishi: kasallikning davomiyligi tayinlangan muolaja samarasi va tana reaktivligiga bog‘liq. Antibiotiklar paydo bo‘lguniga qadar isitma 7 – 9 kunda tushgan.

Antibiotiklar bilan davolaganda isitma ertaroq tushishi mumkin. Sekin-asta bemorning ahvoli yaxshilanadi, yo‘tal namroq bo‘ladi.

Agar infeksiya aralash (virus-mikrobli) bo‘lsa, kasallik buyrak, jigar, yurak-qon tomir tizimini zararlashi mumkin.

Qanday tashxislanadi?

Bordi-yu, zotiljam borligiga gumon qilinsa, albatta shifokorga (terapevt yoki pediatr) murojaat etish zarur. Tibbiy tekshiruvsiz zotiljam tashxisini qo‘yib bo‘lmaydi.

Shifokorda sizni nimalar kutmoqda?

Qabulda shifokor sizdan shikoyatlaringiz va kasallikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillar haqida so‘raydi.

Shuningdek, ko‘krak qafasini, ayniqsa, nafas olganda bir maromdaligini tekshiradi. Zotiljamda zararlangan tomon ko‘pincha nafas chiqarganda sog‘ tarafdan orqada qolib ketadi.

Barmoq bilan taqillatib ko‘rish zotiljamni tashxislash va zararlangan joylarni aniqlash uchun zarur. Bunda barmoqlar bilan ko‘krak qafasining o‘pka sohalari taqillatib ko‘riladi. Me’yorda taqillatganda tovush jaranglab chiqadi (havo borligi bois). Zotiljamda tovush o‘tmaslashadi va qisqa bo‘ladi. Chunki o‘pkada havo o‘rnida ekssudat deb nomlanuvchi patologik suyuqlik to‘planadi.

Auskultatsiya (o‘pkani eshitib ko‘rish) stetofonedoskop deb ataluvchi maxsus asbob yordamida amalga oshiriladi. Ushbu oddiy asbob plastik nay va membranalar tizimidan tashkil topgan bo‘lib, u tovushni kuchaytiradi. Me’yorda toza o‘pka tovushi, ya’ni me’yoriy nafas tovushi eshitilishi kerak. Agar o‘pkada yallig‘lanuvchi jarayon bo‘lsa, nafasga ekssudat xalaqit qiladi va qiyinlashgan, zaiflashgan nafas  tovushi hamda turli xirillashlar eshitiladi.

Umumiy qon tahlili: yallig‘lanish borligiga javobgar hujayralar – leykotsitlar soni ko‘p bo‘lsa va SOE yuqoriligida yallig‘lanish ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Umumiy peshob tahlili: buyrakda infeksion jarayonni istisno qilish uchun o‘tkaziladi.

Yo‘talganda balg‘am tahlili: kasallikni qaysi mikrob keltirib chiqarganligini aniqlash hamda muolajani to‘g‘rilash uchun amalga oshiriladi.

O‘pkaning qaysi sohasida yallig‘lanish o‘chog‘i joylashganini, uning hajmini, asoratlar (abssess) bor-yo‘qligini aniqlash uchun rentgen tekshiruvini o‘tkazish zarur. Rentgen suratida doktor o‘pkaning qora rangli fonida oq dog‘larni ko‘radi. Bu dog‘lar yallig‘lanish o‘chog‘i hisoblanadi.

Shuningdek, ba’zida bronxoskopiya o‘tkaziladi – bu uchida chirog‘i bo‘lgan kamerali qayishqoq nay yordamida bronxlarni tekshirish usuli. Bunda nay burun orqali bronx yo‘liga tiqiladi. Ushbu tekshiruv turi zotiljamning asoratli shakllarida o‘tkaziladi.

Alomatlari zotiljamga o‘xshash kasalliklar ham bor. O‘tkir bronxit, plevrit, tuberkulyoz shular jumlasidan bo‘lib, to‘g‘ri tashxis qo‘yish, keyin esa davolash uchun shifokor zotiljamga gumon qilinayotgan bemorga ko‘krak qafasini rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazishni buyuradi.

Bolalarda zotiljamga xos rentgenologik o‘zgarishlar zotiljam alomatlari paydo bo‘lgunga qadar rivojlanishi mumkin (xirillash, nafas zaiflashishi).

Zotiljamni samarali davolash

Gigiyena, tartib va ovqatlanish

  1. O‘tkir davrida yotoq tartibi tavsiya etiladi.

Chaqaloqlar qayt qilgan suyuqlikka tiqilib qolmasligi uchun yonboshlab yotqiziladi. Ko‘krak qafasini yo‘rgaklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Nafas siqilganda bolani karavotga tanasining tepa qismini teparoq qilib to‘g‘ri yotqizish zarur.

Bolaning ahvoli yaxshilanganda karavotdagi holatini tez-tez almashtirish va uni qo‘lga olish kerak.

  1. Ratsional ovqatlanish: kuniga suyuqlik iste’moli 1.5-2.0 litrga ko‘paytiriladi, iliq bo‘lgani ma’qul. Mors, sharbat, limonli choydan foydalanish mumkin. Yog‘li taom bermang (o‘rdak, g‘oz), qandolat mahsulotlari (tort, pirojniy) ham mumkin emas. Shirinlik yallig‘lanish va allergik jarayonlarni kuchaytiradi.
  2. Balg‘am ko‘chirish yo‘li bilan nafas yo‘llarini balg‘amdan tozalash.

Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning nafas yo‘llari balg‘am va shilimshiqlardan onasi tomonidan uy sharoitida tozalanadi (og‘iz bo‘shlig‘i salfetka bilan tozalanadi). Tibbiyot bo‘limida og‘iz va burun bo‘shlig‘idagi balg‘am hamda shilimshiq elektrso‘rg‘ich yordamida so‘rib olinadi.

  1. Bemor yotgan xona havosini tez-tez almashtirish (bemor bo‘lmaganda) va nam latta bilan artib turish.

Havo harorati tashqarida 20 daraja bo‘lganda xona derazasi doimo ochiq turishi zarur. Tashqarida havo harorati pastroq bo‘lganda xona havosini kuniga kamida 4 marta almashtirish kerak. Shunda 20 – 30 daqiqada xona harorati 2 daraja pasayadi.

Qishda xona tez sovib ketishining oldini olish maqsadida darchaga doka tutib qo‘yiladi.

Dorili muolaja

Zotiljamda muolajaning asosiy turi dori-darmonlar hisoblanadi. U infeksiyalarga qarshi kurashga qaratilgan.

Zotiljamning o‘tkir davrida antibiotiklar bilan davolanadi.

Zotiljamni dori-darmon bilan faqat shifokor nazorati ostida davolash mumkin!

Ko‘pincha ta’sir ko‘lami keng antibiotiklar qo‘llaniladi. Antibiotiklar va ularni yuborish yo‘lini tanlash (ichkariga, mushak ostiga, venaga) zotiljamning darajasiga bog‘liq.

Yengil shaklida odatda hab dori va mushak ostiga yuboriladigan in’yeksiyalar ko‘rinishidagi antibiotiklar qo‘llaniladi.

Yengil shakldagi zotiljamni uy sharoitida davolash mumkin, faqat albatta shifokor bilan maslahatlashib.

Og‘ir shaklida esa shifoxonaning pulmonologiya bo‘limida davolanadi. Statsionarda antibiotiklar mushak ostiga yoki venaga yuboriladi.

Antibiotiklarni qo‘llash davomiyligi kamida 7 kunni tashkil etishi zarur (davolovchi shifokor ko‘rsatmasiga bog‘liq).

Dorini yuborish usuli va miqdori ham har bir bemor uchun alohida tanlanadi.

Antibiotik nafaqat patogen (kasallik chaqirgan) flora, balki tananing tabiiy himoya florasini ham nobud qiladi. Shu bois zamburug‘li infeksiya yoki ichak disbakteriozi kelib chiqishi mumkin. Ichak disbakteriozi ichning suyuq kelishi, qorin shishishi bilan namoyon bo‘ladi.

Antibiotiklarni qabul qilganda C va B guruhidagi vitaminlarni ham qo‘llash lozim. Shuningdek, balg‘am ko‘chiruvchi va balg‘amni suyultiruvchi preparatlar tayinlanadi.

Tana harorati me’yorlashgach, yallig‘lanish o‘chog‘ining so‘rilib ketishi uchun fiziomuolajalar buyuriladi.

Jismoniy tarbiya

Odatda jarayon ko‘krak qafasi massajidan boshlanadi va tana harorati me’yorlashgach gimnastika qilinadi. Zotiljamda jismoniy tarbiyaning vazifasi:

  1. Bemorning umumiy ahvolini mustahkamlash
  2. Limfa va qon aylanishini yaxshilash
  3. Plevra chandiqlari hosil bo‘lishining oldini olish
  4. Yurak mushagini mustahkamlash

Dastlab holatda yotib, kuniga 2-3 marta oyoq-qo‘llarni oddiy harakatlantirib, nafas mashqi bajariladi. So‘ngra gavdani sekin burish va egishlar qo‘shiladi. Mashg‘ulot davomiyligi 12 – 15 daqiqagacha.

Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun o‘yin usuli bo‘yicha gimnastika qo‘llaniladi. Masalan, turli usullarda yurish. «O‘rmonda sayr» hikoyasini aytish mumkin – ovchi, quyon, maymoq ayiq. Nafas mashqi (bo‘tqa qaynayapti, yog‘och kesuvchi, koptok yorildi). Drenaj mashqlari – to‘rtoyoqlab turgan holatda va yonboshlab yotgan holatda bajariladi (mushak jahldor va mehribon). Ko‘krak qafasi mushaklari uchun mashqlar (tegirmon, qanotchalar). Sekinlashib boruvchi yurish bilan nihoyasiga yetadi.

Muolajani shifokor nazorati ostida bajarish kerakligiga sizni ishontirish uchun zotiljamning bir qancha asoratlarini misol tariqasida keltirib o‘tamiz.

Abssess (o‘pkada yiring to‘planishi), darvoqe, jarrohlik yo‘li bilan davolanadi.

O‘pka shishishi – vaqtida chora ko‘rilmasa, o‘limga olib kelishi hech gap emas.

Sepsis (qonga mikrob tushishi) va shu bilan bog‘liq holda infeksiyaning butun tanaga tarqalishi.

Zotiljamning oldini olamiz

Eng yaxshi profilaktika ratsional turmush tarzini joriy etish:

To‘g‘ri ovqatlanish (meva-sabzavot, sharbatlar), toza havoda sayr qilish, stresslardan saqlanish.

Qish va bahorgi vaqtlarda immunitet pasayishining oldini olish uchun polivitaminlar kompleksini qabul qilish.

Chekishni tashlash.

Surunkali kasalliklarni davolash, alkogolga ruju qo‘ymaslik.

Bolalar uchun passiv chekishni yo‘qotish muhim (ular oldida chekmaslik), bola ko‘p shamollasa, otolaringolog shifokor bilan maslahatlashish, raxit, anemiyani vaqtida davolash.

Nafas mashqlari bilan bog‘liq bir qancha tavsiyalarni keltiramiz. Ular ko‘p shamollaydigan odamlar uchun foydali. Nafas gimnastikasini har kuni bajarish zarur. U nafaqat to‘qimalar oksigenatsiyasini (hujayralarni kislorodga to‘yintirishga) yaxshilashga yordam beradi, balki tinchlantiruvchi va bo‘shashtiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Mashqlarni bajarayotganda faqat yaxshi narsalar haqida xayol qilish muhim.

Qanday asoratlarga olib kelishi mumkin?

Zotiljam o‘pka va o‘pkadan tashqari turli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. O‘pka asoratlari – o‘pka to‘qimasi, bronx va plevraga zarar yetkazadi. O‘pkadan tashqari asoratlari – ichki a’zolardagi asoratlar.

O‘pka asoratlari:

  • plevrit;
  • empiyema;
  • abssess;
  • obstruktiv sindrom rivojlanishi;
  • o‘pka shishishi.

O‘pka shishishi zotiljamning eng xavfli asorati hisoblanadi, chunki unda o‘lim darajasi yuqori bo‘ladi. Tomirdagi suv dastlab o‘pkaga, keyin esa alveolalarning o‘ziga tushadi. Shu tariqa me’yorda havo bilan to‘lishi kerak bo‘lgan alveolalar suvga to‘lib qoladi.

Bunday holatda odam tez bo‘g‘iladi va asabiylashadi. Yo‘tal paydo bo‘ladi, u ko‘piksimon balg‘am bilan kechadi. Puls daqiqasiga 200 zarbagacha ko‘tariladi, terini sovuq yopishqoq ter qoplaydi. Mazkur holatda zudlik bilan reanimatsion chora ko‘rish kerak.

O‘pkadan tashqari asoratlari:

  • toksik shok;
  • toksik miokardit;
  • perikardit;
  • meningit;
  • gepatit.

Zotiljamning o‘pkadan tashqari asoratlari bakteriyalarning o‘ziga xos harakatiga bog‘liq. Ba’zi patogen bakteriyalar jigar to‘qimalariga o‘xshab ketsa, boshqalari osonlik bilan gematoensefalik to‘siqdan o‘tib, nerv tizimiga tushadi.

Shohida Isroilova tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring