Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Omborxonaga aylantirilgan masjid. Peterburgda Buxoro amiri tomonidan barpo etilgan jomening kechmishi

Omborxonaga aylantirilgan masjid. Peterburgda Buxoro amiri tomonidan barpo etilgan jomening kechmishi

Foto: «TASS»

R.Qodirov Rossiya yetakchisi bilan muloqotda Chechenistonning Shali shahrida barpo qilingan yangi masjidga dunyodagi eng chiroyli ibodatgoh deya ta’rif berdi. Ammo Putin Qodirovning fikrini rad etib, Sankt-Peterburg jomesi dunyoda eng ko‘rkam ekanini ta’kidladi.

Aslida, dunyodagi barcha masjidlar bir-biridan go‘zal va betakrordir. Zotan, ularda Biru Bor va Qodiru Qahhor bo‘lmish Zotga ibodat qilinadi. Ammo masjidlar me’moriy obida sifatida qadimiy va navqiron, katta va kichik deya sifatlanishi bor gap.

Xo‘sh, Putin e’tirof etgan masjid qachon, kim tomonidan barpo etilgan?

Foto: «Sulture.ru»

Ushbu osori atiqa qurilishi Buxoro amiri Abdulahadxon nomi bilan bog‘liq. 1880-yillarda Peterburg musulmon jamoasi oqpodsho hukumatiga masjid qurish uchun izn so‘rab murojaat qiladi. Ammo murojaat inobatga olinmaydi. Shundan keyin masalaga Buxoro amiri Abdulahadxon aralashib, Rusiya imperatoridan poytaxtda musulmonlar uchun ibodatgoh qurishga ruxsat so‘raydi. Imperator rozilik beradi. Buxoro amiri vakillari bir necha yil davomida shahar markazidan masjid uchun maqbul joy izlaydi. 1907 yili amir Abdulahadxon muhandis I.Dolotskiyning xususiy mulki bo‘lgan katta uyni atrofidagi yeri bilan 312 ming rublga sotib oladi.

Masjid me’moriy loyihasi uchun tanlov o‘tkaziladi. Ko‘plab me’morlar ishtirok etgan tanlov natijalari 1908 yil 11 martda ko‘rib chiqiladi. Tanlovda 45 ta loyiha orasidan taniqli rus me’morlari N.Vasilev, M.Lyalevich, M.Peretyatkov muallifi bo‘lgan loyihalar g‘olib deb topiladi. Ularning har biriga 3 ming rubldan mukofot beriladi. Qurilishga asos qilib esa N.Vasilev loyihasi tanlanadi. Pirovardida loyiha rus imperatori tomonidan shaxsan ma’qullanadi.

Foto: «Sulture.ru»

Loyihaga binoan, masjid binosi granit toshdan barpo qilinishi, devor va gumbazlari sharqona uslubda koshinlar bilan qoplanishi lozim edi. Rassom P.Maksimov Samarqand va Buxoroga kelib, bu yerdagi masjidlarning bezatilish uslubidan nusxa oladi.

Qurilishni boshlash uchun uchun kamida 500 ming rubl mablag‘ zarur edi. Masjid qurilishi bo‘yicha qo‘mitaga Rusiya hududidagi musulmon jamoalaridan o‘n yil ichida 750 ming rubl xayriya mablag‘i yig‘ib olishga ijozat etiladi.

Amir Abdulahadxon o‘z hukmronligining 25 yilligi munosabati bilan rus poytaxtiga tashrifi chog‘i – 1909-yil 10-fevralda masjidga ilk ramziy g‘isht qo‘yiladi. Banda tadbir qiladi, Olloh – taqdir! Amir Abdulahadxon Buxoroga qaytgach vafot etadi. Masjid qurilishiga taxtga chiqqan yangi hukmdor –  amir Olimxon bosh-qosh bo‘ladi. Qurilish jadal davom ettiriladi. Ichki bezaklar hali itmomiga yetmagan bo‘lsa-da, masjidni Romanovlar sulolasi hukmronligining 300 yilligi tantanalariga ochishga qaror qilinadi.

Shu tariqa 1913-yil 21-fevralda Peterburgdagi jome Buxoro amiri Olimxon va Xiva hukmdori Asfandiyorxon ishtirokida ochiladi. Masjidni  pardozlash ishlari keyin ham davom ettiriladi. Ammo bu orada boshlanib qolgan Birinchi jahon urushi sabab bunyodkorlik ishlari  xiyla sustlashadi.

1917-yilgi inqilobdan keyin oqpodsho taxtdan qulatilib, hokimiyatga bolsheviklar keladi. Hali hokimiyatni mustahkamlab ulgurmagan sho‘rolar dastlab masjid faoliyatiga e’tiroz bildirmaydi. 1920-yil bahorida Ramazon oyi munosabati bilan masjid ibodat uchun rasman ochiladi. Buxoro amiri Olimxon markaziy xonaqoh uchun 400 kvadrat metrlik qadimiy gilamni jo‘natadi.

Foto: «Sulture.ru»

Afsuski, musulmon jamoasining yangi masjiddagi ibodati uzoqqa cho‘zilmadi. 1923-yili faol musulmonlarning bir guruhi qamoqqa olinadi, masjid mulki hisoblangan qimmatbaho jihozlar esa musodara etiladi. Dahriylik ta’limotini bayroq qilgan sho‘ro davlati diniy jamoalarga qarshi ayovsiz kurash ochadi, ulamolarni» qatag‘on etib, masjid, madrasa kabi ko‘p asrlik tarixiy obidalarni vayron qiladi. 1940-yil 10iyunda «Xudosizlar jamiyati”ning talabi asosida o‘z davrida Rusiya imperiyasining bosh masjidi bo‘lgan muhtasham jome yopiladi. O‘n yilda oshiq vaqt davomida masjid binosidan tibbiy uskunalar saqlanuvchi omborxona (!) sifatida foydalaniladi.

1940-yillar oxirida musulmonlar masjidni qaytadan ochishni so‘rab, sho‘ro hokimiyatiga bir necha marotaba murojaat etadi. Sovet rahbariyatiga xorijiy davlat arboblari, jumladan, Indoneziya prezidenti Sukarno, Hindiston bosh vaziri Javaharlal Neru ham iltimos bilan chiqadi. Stalin o‘limidan keyin dinga qarshi siyosatni biroz yumshata boshlagan sho‘ro davlati  xalqaro jamoatchilik bosimi ostida 1955 yil 12 dekabrda tarixiy masjidni yana Peterburg musulmonlariga qaytaradi. Masjid musulmonlar ixtiyoriga berilgan bo‘lsa-da, amir Olimxon hadya qilgan ulkan gilam va boshqa qimmatbaho ashyolar qaytarib berilmaydi.

Foto: «Sulture.ru»

Tadqiqotchi Ismat Naimovning yozishicha, masjidning qiblaga qaragan darvozasi peshtoqidagi naqshu nigorlar Samarqanddagi Shohi Zinda xaziralariga juda o‘xshash. Gumbazi esa Go‘ri Mir maqbarasidan nusxa olib tiklangan. Marmar toshlardan ko‘tarilgan devorlari va ulardagi ulkan derazalar Adriatikadagi sajdagohlarga g‘oyatda monand. Masjid uzra mag‘rur qad rostlagan minoralar esa Turkiya masjidlarini esga soladi.

Neva bo‘yidagi moviy gumbazli muazzam masjid bugun qadimiy Sankt-Peterburgning ramzlaridan biriga aylangan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring